
Shomurodov debyutga qanday tayyorlanmoqda yoxud u qachon maydonga tushadi? (foto)
O‘zbekistonning bugungi kundagi eng zo‘r hujumchisi Eldor Shomurodov “Jenoa” jamoasi tarkibida birinchi mashg‘ulotini o‘tkazdi.
Ma’lumki, Eldor Shomurodov sentyabr oyining oxirida “Jenoa” taklifini qabul qilib, Rossiya premer-ligasida ishtirok etayotgan “Rostov” tarkibini tark etgan edi. Hamyurtimiz oktyabr oyining ilk kunlarida Genuya shahri jamoasida ko‘rikdan o‘tib, shartnoma imzolash uchun etib borgandi.
Biroq, kutilmaganda “Jenoa” futbolchilari o‘rtasida koronavirus infektsiyasi tarqalib ketib, asosiy tarkibning 17 nafar a’zosi karantin va shifokorlar nazoratiga olindi. Natijada “Jenoa”ning “Torino”ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvi boshqa muddatga ko‘chirildi. Barcha mashg‘ulotlar bekor qilindi.
Eldor Shomurodov Genuyada bir necha kun qolgan bo‘lsa-da, jamoa tarkibiga qo‘shila olmadi. Keyin vaqtni bekor o‘tkazmaslik uchun Toshkentga kelib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘inida ishtirok etdi.
Hujumchimiz ikki qit’a orasida qisqa muddat ichida bir necha aviaparvozni o‘tkazib, toliqqaniga qaramay, terma jamoamizning Eron futbolchilariga qarshi o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi.
Uchrashuvda Eldor yuqori klassli hujumchi ekanini ko‘rsatib, murakkab vaziyatda raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bu Shomurodovning terma jamoamiz tarkibidagi 44-uchrashuvdagi 21-goli sifatida qayd etildi.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng, “Jenoa” rahbariyati Eldor Shomurodovning jamoaga qo‘shilishi, Italiyada ishlash huquqini beradigan vizani rasmiylashtirishi va Genuya shahriga joylashib olishi kabi tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatidan hujumchini yig‘indan erta qo‘yib yuborishni iltimos qildi.
Natijada yig‘inni erta tark etgan Eldor Shomurodov “Jenoa” futbolchilari safiga qo‘shildi. O‘zbekistonlik hujumchi jamoadoshlari bilan birga dastlabki yig‘inni ham o‘tkazdi.
“Jenoa” matbuot xizmati koronavirusdan sog‘aygan futbolchilar mashg‘ulotlarga kirishganini va jismoniy holatini tiklashga harakat qilayotganini ma’lum qildi.
Genuyaliklar A Seriyaning navbatdagi uchrashuvini 19 oktyabr kuni safarda “Verona” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Aynan mana shu uchrashuvda Eldor Shomurodov Evropaning eg kuchli besh chempionatidan biri hisoblangan A Seriyadagi debyutini nishonlaydi. Hujumchimiz yangi jamoasi tarkibida hali hech kim tanlamagan 61-raqamda o‘ynaydi. Avvalroq, klub rasmiy sayti Shomurodov nomi va raqami tushirilgan futbolkalarga buyurtma tushayotgani va libosni elektron savdo orqali xarid qilish mumkinligini e’lon qilgandi.
Fikrlar