
Shomurodov haqida o‘zbeklar kutgan xabar!
Italiya A Seriyasining 24-turida “Roma” futbolchilari safarda “Venetsiya” bilan kuch sinashadi. Bu uchrashuv O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Bunga o‘ziga yarasha sabablar bor. “Venetsiya” qishki transferlar davrida o‘zbek futbolchisining yangi manzili sifatida belgilangan edi. Bu klub 29 yoshli forvard yordamida yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishga qaror qilgandi.
“Venetsiya” rahbariyati Eldor Shomurodovga muntazam o‘yin amaliyotini kafolatlagan, “Roma”ning transfer bo‘yicha qo‘ygan barcha talablarini qabul qilgandi. Lekin so‘nggi pallada “bo‘rilar” ustozi Klaudio Raneri o‘zbek shogirdi unga kerakligini aytib, bu transferni blokladi.
“Qari bilganni pari bilmas”, deganlaridek yoshi 70 dan oshgan “oqsoqol murabbiy”ning bilgani bilgan. Ayni paytda uning ixtiyorida Eldor Shomurodovdan boshqa birorta markaziy hujumchi qolmadi.
Italiya matbuotining bong urishicha, rimliklarning asosiy to‘purari Artyom Dovbik “Venetsiya” bilan bo‘ladigan uchrashuvga tayyor emas.
- “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri 9 fevral kuni “Venetsiya”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuva o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodovni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushiradi. Chunki Artyom Dovbikni tizzasidagi muammo bezovta qilmoqda. Ukrainalik futbolchi tendinit, ya’ni yallig‘lanishdan aziyat chekyapti va hali to‘liq tiklangani yo‘q,- deb yozdi Corrieregiallorosso nashri.
Ta’kidlash lozimki, “Roma” rahbariyati hujum chizig‘idagi muammolarni bartaraf etish maqsadida, yozgi transferlar davrida 27 yoshli Artyom Dovbikni “Jirona”dan 30,5 million evroga transfer qilgan edi.
Aslida “Dnepr” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Dovbik o‘tgan mavsumda Ispaniya chempionatida to‘purarlik mahoratini namoyish qilib, grand klublar e’tiboriga tushgan.
Bungacha, Artyom o‘z yurtidan tashqari Moldova hamda Daniyada ham bir necha klublar sharafini himoya qilgan edi.
Dovbik “Roma”ga kelishi bilan jamoaning asosiy to‘purariga aylandi. Tajribali hujumchi “bo‘rilar” safida jami 31 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol va uchta assist muallifi bo‘ldi.
Yozda “Atlanta Yunayted” va qishda “Venetsiya”ga transferlari bosh murabbiylar tomonidan bekor qilingan Eldor Shomurodov “Roma” safida A Seriya, Italiya kubogi va Evropa Ligasida jami 19 marotaba maydonga tushib, uchta gol va bitta assist muallifi bo‘ldi.
Qizig‘i shundaki, Eldor Shomurodov “Venetsiya” bilan bo‘ladigan bellashuvda ilk daqiqalardan o‘ynasa, shaxsiy rekordini o‘rnatadi. Chunki 29 yoshli forvardimiz 2021 yili “Roma”ga kelganidan buyon hali bu jamoa safida ketma-ket uchta uchrashuvda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushmagan.
“Venetsiya” hamda “Roma” o‘rtasidagi uchrashuv 9 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da boshlanishi belgilangan.
Bir gol sabab, endi Shomurodov bizga raqib!
Ana xolos: Qozog‘istonda Husanovdan zo‘r futbolchi chiqibdi!
Fayzullaev Ronaldu bilan bir turnirda o‘ynashi mumkin
Bu ishda Husanovga teng keladigani yo‘q!
“Roma” Shomurodovdan yana qahramonlik kutadi!
Fikrlar