Shomurodov Messini tanladimi yoki Ronalduni?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixida eng ko‘p gol urish bo‘yicha rekord o‘rnatgan Eldor Shomurodov “Nima gap?” podkastida futbol borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, Eldor futbol olamida keyingi yillarda eng ko‘p ko‘tarilgan savolga javob berishiga to‘g‘ri keldi. Undan Krishtianu Ronaldu va Lionel Messidan qay biri kuchliroq ekanini va kimni tanlashini so‘rashdi.
Suhbat davomida Eldor Shomurodovga qisqa, ammo ko‘plab futbol muxlislarini ikkiga bo‘lib kelyotgan o‘sha mashhur savol berildi: Ronaldu yoki Messi?
31 yoshli o‘zbek hujumchisi ularni bir biridan ustun qo‘ymaydi va aksincha, har ikkisiga ham munosabati yaxshi ekanini aytdi.
- Ikkalasini ham tanlayman. Chunki ko‘pchilik aytadigan fikrlarga men ham qo‘shilaman: Messi – haqiqiy talant, Ronaldu esa mehnat samarasi, - deydi o‘zbekistonlik forvard.
Shomurodovning fikricha, ikki afsona futboldagi eng yuqori darajaga turli yo‘llar orqali yetib kelgan. Biri tabiiy iqtidori bilan ajralib turgan bo‘lsa, ikkinchisi intizom va tinimsiz mehnat ramziga aylangan.
Eldor Shomurodov tomoshabin sifatida Lionel Messining o‘yinlarini kuzatishni ko‘proq yoqtirishini yashirmadi.
- Menga Messining o‘yinini kuzatish ko‘proq yoqadi, - dedi Eldor.
Bu tanlov, avvalo, argentinalik futbolchining maydondagi o‘yin uslubi bilan bog‘liq. Messining to‘p bilan harakatlanishi, vaziyatni oldindan ko‘ra bilishi va kutilmagan qarorlari uni millionlab muxlislar uchun o‘ziga xos futbolchiga aylantirgan.
Eldorning fikricha, Ronalduning ham o‘ziga yarasha takrorlanmas ustunliklari bor. Portugaliyalik yulduzni uzoq yillar davomida yuqori darajani saqlab kelyotgani uchun ham ko‘pchilik qatori Shomurodovning ham hurmatini qozongan.
- Ronalduni ham qattiq hurmat qilaman. Chunki u shuncha yildan beri bqori darajada o‘ynayapti, - dedi Krishtianu Ronaldu bilan maydonda bir necha bor to‘qnash kelgan Eldor Shomurodov.
Ayrim muxlislar va hatto ekspertlar ham Krishtianu Ronalduning o‘z kuchiga bo‘lgan yuqori ishonchini uning salbiy jihati sifatida baholaydi. Shomurodov esa bunga boshqacha nuqtai nazardan qaradi. O‘zbekiston terma jamoasi sardorining fikricha, Ronalduning o‘ziga bo‘lgan cheksiz ishonchi va doimo eng yaxshi bo‘lish istagi uni uzoq yillar davomida futbol cho‘qqisida ushlab turgan asosiy omillardan biri bo‘lgan.
- Ba'zilar uning egosi juda kuchli deydi. Menimcha, aynan shu ego uni hozirgi darajaga yetkazgan, - began fikrni bildirdi Eldor.
Shomurodovning javobidan ko‘rinib turibdiki, unga futbol tomosha qilish nuqtai nazaridan Messining o‘yin uslubini yoqtiradi. Ammo professionalik, mehnat va xarakter borasida Ronalduning salohiyatini e'tirof etadi.

Fikrlar