
Shomurodov o‘zbek futbolchilari uchun Evropaga yo‘l ochmoqda!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov “top-5” ligalar qatoriga kiruvchi A Seriyani tark etib, faoliyatini qator yulduzlarni jamlayotgan Turkiya Superligasida davom ettiradigan bo‘ldi.
Jahon futboli ekspertlari 30 yoshli hujumchining qarorini tahlil qilib, qiziqarli gepotezalarni ilgari surmoqda. Sports.uz portali ana shunday tahliliy ma’lumotlardan birini o‘zbek futboli muxlislari e’tiboriga havola etadi.
City Football Group xoldingi nihoyat Turkiyaga ham etib bordi. Qudratli xalqaro tashkilot 2024 yildan beri “Istanbul Bashakshehir” bilan hamkorlik qilib keladi. Hozircha, bu xolding turk klubiga egalik qilmaydi, balki faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan xolos.
Abduqodir Husanovning City Football Group egalik qiluvchi “Manchester Siti”ga o‘tgani va Angliyadagi faoliyatini yorqin boshlagani bu xolding rahbarlarini Markaziy Osiyo bozoriga qiziqtirib qo‘ydi. Ayni paytda bu yirik tashkilot O‘zbekiston chempionatidan ham bir klubni o‘z safiga qo‘shib olishi haqida ma’lumotlar aylanmoqda. Hozircha bu o‘zining amaliy tasdig‘ini topgani yo‘q. E’tiborlisi, City Football Group hamkorli bo‘lgan “Bashakshehir” o‘zbek futbolchilarini ola boshladi.
Eldor Shomurodov Italiyadagi besh yillik faoliyatidag keyin Turkiyaga keldi. Bu hujumchi uzoq vaqt o‘ziga beriladigan har qanday imkon uchun talashib yashadi. “Roma”dan “Spetsiya” va “Kalyari”ga ijaraga borib keldi. Rim klubida qattiq mehnat qildi, hatto zaxiradan maydonga tushib ham jamoaga foyda keltira olishini namoyish qildi.
Rimliklarning yangi bosh murabbiyi Jan Pero Gasperiniga Shomurodovning ulkan mehnatkashlik qobiliyati ma’qul kelishi kutilgandi. Chunki Eldor – haqiqiy pressing mashinasi. Ammo vaziyat boshqacha yakunlandi va Shomurodov “Bashakshehir”ga ijaraga jo‘natildi. Kelishuvga ko‘ra, ayrim talablar bajarilsa, to‘liq transfer qilish majburiyati ishga tushadi.
“Bashakshehir”da 48 ta gol urgan Kshishtof Pyontek ketganidan keyin markaziy hujumchiga ehtiyoj tug‘ilgandi. Qizig‘i, bir necha yil oldin, Eldor Shomurodov “Jenoa”ga aynan Pyontekning o‘rnini bosish uchun olib kelingan edi. Tarix takrorlanmoqda.
Shomurodov ortidan O‘zbekiston milliy terma jamoasining yana bir yorqin yulduzi – Abbosbek Fayzullaev ham Istanbulga kelishi kutilyapti. Uning TsSKA bilan bir yillik bitimi qoldi xolos. Agar “armiyachilar” uni 2026 yilning yozida bepul qo‘ldan chiqarishni istamasa, shu yoz sotib yuborishi kerak.
Fayzullaev mediada taniqli shaxs va yosh o‘yinchi sifatida zo‘r rezyumega ega. 21 yoshli hujumkor futbolchi klublar miqyosida 100 dan ziyod uchrashuv o‘tkazgan, Olimpiya o‘yinlari va Osiyo kubogi kabi yirik turnirlarda tajriba to‘pladi. Oldinda – O‘zbekiston uchun birinchi jahon chempionati kutib turibdi.
Shomurodovning 30 ga kirganini inobatga olsak, undan katta progressni kutish noo‘rin. Ammo Fayzullaev bu borada o‘ta katta salohiyatga ega. City Football Group o‘yinchilarni rivojlantirishga usta tashkilot. Agar Abbos “Bashakshehir”ga kelib o‘yini qovushib ketsa, City Football Group tarkibidagi “Jirona”ga yo‘l ochilishi mumkin. Fayzullaevning ishlari Ispaniyada ham yurishib ketgan taqdirda esa, do‘sti Abduqodir Husanov yoniga – “Manchester Siti”ga borishi ehtimoldan xoli emas.
Umuman olganda esa, City Football Group bilan do‘stlashgan klubning o‘ziga borish ham katta muvaffaqiyat hisoblanadi. Chunki bu tashkilot futbolchi tanlashni va ular bilan ishlashni biladi. Abbosbek Fayzullaev “Bashakshehir”da o‘ynab, City Football Group xoldingining “Manchester Siti” yoki “Jirona” kabi katta klublarigacha etib borolmagan taqdirda ham, Evropadan o‘ziga mos yaxshi jamoa topishi aniq...
Fikrlar