
Shomurodov vorislari. Markaziy Osiyodan kimlar Evropada o‘ynashga qodir?
Eldor Shomurodovning Italiya futbolida o‘z o‘rnini topa olgani evropalik mutaxassislar, skautlar, agentlar va murabbiylarni MDH hududidan etishib chiqayotgan futbolchilarga e’tibor qaratishiga turtki bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari futbolchilari uchun Eldor haqiqiy o‘rnak vazifasini o‘tab bermoqda. Hamyurtimiz mintaqamizda tarbiyalangan charm to‘p ustalari ham Evropaning kuchli beshlik chempionatlarida to‘p tepishga loyiq ekanini ko‘rsatib berdi.
Shu o‘rinda, Markaziy Osiyo futbolchilari Evropaga yo‘l olishdan avval, Rossiya futbolida tajriba oshirishi an’ana aylangan. Rossiyalik jurnalistlar Rossiya chempionatida to‘p tepayotgan markaziy osiyolik futbolchilar haqida ma’lumotlarni e’lon qildi. Ular orasida Shomurodov ortidan Evropaga ketishni ko‘zlagan iste’dod egalari ham bor.
O‘ZBEKISTON
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev
O‘zbekiston milliy terma jamoasining chap qanot himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning “Paxtakor”dan premer-liga debyutanti “Nijniy Novgorod” safiga o‘tgani kutilmagan holat bo‘ldi. Chunki 20 yoshli himoyachiga “Jenoa” jiddiy qiziqib qolgan edi.
Biroq, yosh futbolchiga uning manfaatlarini himoya qilayotgan mutaxassislar va Eldor Shomurodovning o‘zi avvaliga Rossiya chempionatida o‘zini sinab ko‘rish, etarli darajada tajriba to‘plash kerakligini maslahat berishdi.
Yo‘ldoshev Rossiya kelishi bilan “Ximki”ga qarshi debyut uchrashuvida faol o‘ynadi va uning harakatlari Whoscored sayti tomonidan ancha yuqori – 6,6 ballga baholandi.
Oston O‘runov
O‘tgan mavsumda 20 yoshli yarim himoyachining ishlari yurishmagani bor gap. “Ufa”da zo‘r o‘ynab turgan futbolchi “Spartak”ga o‘tgani xato bo‘lib chiqdi. Poytaxt klubi O‘runovga o‘zini ko‘rsatishi uchun etarli darajada imkon bermadi. Legionerimizning kreativ o‘yin uslubi ham aniq sxemalar asosida o‘yin ko‘rsatadigan “spartakchilar”ga to‘g‘ri kelmadi.
Yangi chempionat oldidan Oston “Ufa”ga ijaraga berildi. Bu jamoa safida avvalgi sport formasini tiklab olishi kutilmoqda. O‘runovga Evropadan takliflar bo‘lgani aytilgan edi. Biroq, futbolchimiz nimalarga qodirligini namoyish etib, Rossiya futbolini larzaga solmagunicha, “Ufa” darajasidagi klublarda yuraveradiganga o‘xshayapti. Bundan buyon hammasi O‘runovning o‘ziga bog‘liq bo‘ladi.
QOZOG‘ISTON
Baxtiyor Zaynutdinov
Qozog‘iston futbolining bugungi kundagi eng yorqin yulduzi Baxtiyor Zaynutdinov ayni paytda TsSKA sharafini himoya qilmoqda. Millati o‘zbek bo‘lgan bu futbolchi “Rostov”da Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynagan.
23 yoshli Zaynutdinovga Evropadan jiddiy qiziqishlar bo‘ldi. Xususan, Italiya va Shvetsiya klublari og‘iz soldi. Biroq, Baxtiyorning jarohatlarga moyilligi uning Shomurodov ortidan ketishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Marat Bistrov
“Axmat” klubida 29 yoshli Marat Bistrov to‘p tepmoqda. Bu himoyachi har ikki qanotda ham o‘ynay oladi. Bundan tashqari, Marat qanotlardan hujum uyushtirishda ham faol. Biroq, bu sifatlar uning Evropaga yo‘l olishiga kamlik qiladi.
Umuman olganda, Rosiya chempionatining premer-ligasi va Milliy futbol ligasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan jami 10 nafar futbolchi ishtirok etmoqda. Yuqorida nomi keltirilgan futbolchilardan tashqari o‘zbekistonlik Vitaliy Denisov, Vagiz Galiulin, qozog‘istonlik Roman Murtazaev, Aleksey Shchyotkin, Akmal Baxtiyorov, qirg‘izistonlik Valeriy Kichin to‘p tepmoqda.
Fikrlar