
Shomurodovga Dibala qachon joyini bo‘shatib beradi?
“Roma” rahbariyati o‘tgan yozda jamoa safiga Paulo Dibala va Andrea Belottini qo‘shib olganidan keyin tarkibda Eldor Shomurodovga joy qolmadi.
Keyinchalik legionerimiz Rimni tark etib, “Spetsiya”ga o‘tib ketishga majbur bo‘ldi. Rim klubi liguriyaliklarga futbolchimizni to‘liq transfer qilish imkoniyatini bermadi va yozda Eldor yana Joze Mourino ixtiyoriga qaytadi.
Shunga qaramay, Shomurodov “Roma”da yana tarkibga kirish uchun ancha qiynaladi. Ko‘pchilik argentinalik jahon chempioni yozda qudratliroq klubga ko‘chib o‘tishini kutayotgan edi. Ayniqsa, Dibalaga “Manchester Yunayted” jiddiy qiziqish bildirayotganini inobatga olib bu masala ko‘p muhokamalarga mavzu bo‘lmoqda.
Paulo Dibala bu masalaga oydinlik kiritib, Rimdan ketish rejasi yo‘qligini ochiqladi.
- Mening kelajagim shu erda. Maqsadim “Roma”ni futbol cho‘qqisiga olib chiqish. O‘ylashimcha, biz hammamiz birgalikda buni uddalay olamiz, - dedi Paulo Dibala.
29 yoshli futbolchi o‘tgan yozda “Yuventus” bilan shartnomasi yakunlanganidan keyin erkin agentga aylangandi. Aslida turinliklar argentinalik yulduzni o‘z safida olib qolmoqchi edi. Lekin tomonlar maosh masalasida kelisha olmadi.
Shundan keyin Dibala Joze Mourino taklifiga ko‘ra, “Roma” variantini tanladi. Tajribali hujumchi qisqa vaqtda jamoaning yangi etakchisiga aylandi va hozirga qadar bu mavqeini hech kimga bermay kelmoqda.
Paulo Dibala Argentinaning “Instituto” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Iste’dodli futbolchi Evropaga 2012 yili ko‘chib o‘tgan. O‘shanda A Seriya vakili “Palermo” hujumchi uchun argentinaliklarga 11,90 million evro to‘lagan edi.
Uch yildan so‘ng, Dibala “Yuventus” taklifini qabul qildi. Turinliklar yangi yulduz uchun 41 million evrodan voz kechishiga to‘g‘ri keldi.
Paulo Italiya grandi safida etti yil to‘p tepdi va ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdi. “Roma” uning Evropadagi uchinchi jamoasi hisoblanadi. Rim klubi bilan amaldagi shartnoma 2025 yilning yarmigacha tuzilgan.
Joze Mourino qo‘l ostida Paulo Dibala barcha turnirlarda 26 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 12 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga sakkizta golli pas uzatdi.
Umumiy hisobda Dibala klublar miqyosida 431 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga 157 ta gol va 72 ta assist yozdirib qo‘ygan.
Shuningdek, Argentina terma jamoasida 2015 yildan beri o‘ynab kelmoqda. Hozircha, 36 ta uchrashuvda qatnashib, uchta gol urgan. Xalqaro maydonda Amerika kubogi va jahon chempionati oltin medalini qo‘lga kiritgan.
Abduxoliqov Premer-ligada ham porlay boshladi!
Shomurodov nega “Lill”, “Everton”, “Valyadolid” va “Bayer” taklifini qabul qilmadi?
Fikrlar