
Shomurodovga hazil qilgan Raneri nima dedi?
Tajribaoi murabbiy Klaudio Raneri “Roma”ni qabul qilib olganidan keyin jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar yasay olgani natijalardan o‘z aksini topmoqda.
A Seriyada “Roma”da yangi yilda hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. So‘nggi mag‘lubiyat 15 dekabr kuni “Komo”dan qabul qilib olingan edi. Shundan beri rimliklar oltita g‘alaba va uchta durang qayd etdi.
“Milan” hamda “Napoli” kabi qudratli klublar ham “Roma”ni engish yo‘lini topolmadi va ochko bo‘lishishga majbur bo‘ldi.
25-turda poytaxtlik “bo‘rilar” safarda “Parma” jamoasi mehmoni bo‘ldi. Bu bahsda Klaudio Raneri oldingi chiziqni Eldor Shomurodov va Matias Sulega topshirdi. Ikkala hujumchi ham mezbon himoyachilarni ancha qiynadi.
Bellashuvning kulminatsion nuqtasi 31-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Eldor Shomurodov bir pas bilan Matias Suleni juda qulay pozitsiyaga chiqardi. Argentinalik hujumchi darvozabon bilan birga bir vaziyatga chiqib borayotganida “Parma” himoyachisi Jovanni Leoni uni chalib yiqitdi.
Hakam bu vaziyatda Leoniga qizil kartochka ko‘rsatib, “Parma” darvozasiga jarima to‘pi belgiladi. Sulening o‘zi ajoyib va aniq zarba yo‘lladi. Bu gol uchrashuv oxiriga qadar yagonaligicha qoldi.
Eldor Shomurodov to‘liq o‘ynagan uchrashuvda juda faol va yaxshi harakat qildi. Biroq legionerimiz birinchi bo‘limda sirpanchiq maydonda bir necha bor oyog‘i toyib yiqildi. Ana shunday vaziyatlarning birida Klaudio Raneri shogirdiga hazil qildi.
Raneri zaxira o‘rindig‘idagi o‘yinchilar va xodimlarga qarata: “Eldorning butsasi tagiga sirpanchiq mum surtib qo‘yganmisizlar?”, deb hazillashdi.
Ta’kidlash lozimki, qishki sport turlarida chang‘i yaxshi sirpanishi uchun uning ostiga maxsus mum bilan ishlov beriladi. Raneri Eldorning yiqilib tushganiga shu tariqa izoh berdi.
Bu voqeaga guvoh bo‘lgan ekspertlar “Roma”ning ichki muhiti juda yaxshi ekanini, Klaudio Raneri futbolchilar bilan do‘stona aloqa o‘rnata olgani, murakkab vaziyatlarda ham o‘zaro munosabatlar ijobiyligi va bu natijalarga yaxshi tarafdan ta’sir qilayotganini ta’kidlamoqda.
“Roma” hozircha A Seriyada 37 ochko bilan 9-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Raneri shogirdlarida Evrokuboklarga yo‘llanma beradigan oltinchi pog‘ona uchun kurashish imkoniyati saqlanib qolgan.
Biroq rimliklar asosiy e’tiborini Evropa Ligasiga qaratgani sir emas. “Bo‘rilar” umumiy bosqichdan o‘tib, pley-offning o‘tish o‘yinida “Portu”ga ro‘baro‘ keldi.
Portugaliyadagi birinchi uchrashuvda “Roma” 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Endi jamoalar Rimdagi javob o‘yinida keyingi bosqich masalasini hal qilishi lozim. Bu bahs 20 fevralga belgilangan.
Eldor Shomurodov haqida to‘xtalsak, hamyurtimiz joriy mavsum A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida jami 21 marotaba maydonga tushib, bu musobaqalarning har birida bittadan gol urgan va bir bor golli pas uzatgan.
Fikrlar