Shomurodovga ideal variantlar bor...

  • 21 avgust, 2024, 21:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Yangi mavsum o‘zbek futboli uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Sababi futbolchilarimiz Olimpiya o‘yinlaridan keyin hali zabt etilmagan yagona musobaqa – jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda tarkib jihatidan, futbolchilarning ijrochilik mahorati, o‘yin sifati va shu kabi ko‘plab omillar bo‘yicha jahon chempionatiga chiqish uchun har doimgidan yaqin turibdi.

Mundial yo‘llanmasi uchun maydonda futbolchilar kurashadi. Shubhasiz, keyingi yillarda terma jamoaning eng asosiy o‘yinchisi Eldor Shomurodov hisoblanadi. Xalqaro maydondagi deyarli har bir uchrashuvda gol urayotgan, golli vaziyatlar yaratayotgan 29 yoshli forvardning klub miqyosidagi faoliyatida ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lishi tobora qiyinlashib bormoqda.

Eldor Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasi uchun muhim palla – jahon chempionatining hal qiluvchi saralash bosqichi bo‘ladigan davrda klub miqyosida o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi mumkin.

Sports.uz portali xorij matbuoti materiallari asosida Shomurodov oldidagi variantlarni o‘rganib chiqdi.

Evropa

Shomurodovning Italiya chempionatida qolish istagi kuchli. Avvallari ham hujumchimiz kuchli beshlikning boshqa ligalaridan bo‘lgan takliflarga qaramagan. Eldor A Seriyadan boshqa chempionatga o‘tishni rad etib kelgan.

Hozir legionerimiz “Roma” mashg‘ulotlarida qatnashib yuribdi, murabbiylar uni “Kalyari” bilan o‘yinga olib borib keldi. Biroq bizga yoqmasa ham, Shomurodov poytaxt klubida zaxiradan chiqishi juda qiyin.

Hamyurtimizga Italiyaning o‘zida variantlar bor. “Verona” anchadan beri hujumchi atrofidagi vaziyatni kuzatib kelyapti. Andrea Pirlo “Sampdoriya”ni V Seriyadan yuqori divizionga olib chiqishi uchun Eldor Shomurodov yordamiga tayanishga tayyor.  Avvalroq, “Parma” ham o‘zbek hujumchisiga qiziqib ko‘rgandi.

Biroq hozirning o‘zida “Roma”da Shomurodov transferi bo‘yicha aniq va rasmiy takliflar yo‘q.

Amerika

Eldor Shomurodov AQSh chempionatida qatnashgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylanishiga bir bahya qoldi. Tajribali forvardga qiziqish bildirgan “Atlanta Yunayted” transferni amalga oshirishga ulgurmay qoldi.

Ekspertlar allaqachon MLSning Shomurodovga mos jihatlarini aniqlab berishga ulgurdi. Ularning fikriga ko‘ra, “Atlanta Yunayted” moliyaviy barqaror klub. Maosh borasida Shomurodovga oilasini ta’minlash uchun juda yaxshi sharoitlar qilib bera oladi. Amerikaliklar Evropada to‘p tepgan o‘yinchilar tajribasiga hurmat bilan yondashadi.

“Atlanta” yaqinda Aleksey Miranchukni oldi. U Eldor bilan ideal tandem hosil qila oladi. Shomurodov jamoa unga o‘ynaganida o‘zini yaxshi his qiladi. “Rostov”da ham, “Jenoa”da ham shu taktika qo‘llanilgani uchun Eldor ko‘p gol ura olgan.

AQSh klubi Shomurodov mos tushadigan hujumkor o‘yin namoyish qiladi. Agar Eldorning bu chempionatda ishlari yurishib ketsa, Evropaga qaytib borishi ham hech gap emas. AQShda yozgi transferlar oynasi yopilgani bilan tez orada qishki xaridlar ochiladi.

Arab mamlakatlari

Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari klublari Evropadan o‘yinchi olishni trendga aylantirib bo‘ldi.

Bu mamlakatlarning etakchi klublaridan ish topish Shomurodov darajasidagi futbolchiga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Osiyo mamlakatlarida Eldorning mahoratini yaxshi bilishadi.

Eldor Osiyo futbolida yana to‘purarlik qobiliyatini qayta tiklab olish ehtimoli ham, imkoniyati ham katta.

Qolaversa, Osiyo Chempionlar ligasining ham saviyasi tobora ko‘tarilib bormoqda. Bu musobaqada Shomurodov yana Krishtianu Ronaldu bilan raqobatlashish, Karim Benzama, Ngolo Kante kabi jahon tan olgan yulduzlarga qarshi o‘ynashi mumkin.

Eldor Shomurodov arab mamlakatlariga o‘tadigan bo‘lsa, harakat va qaror qabul qilish tezligi bo‘yicha eng zo‘r o‘yinchilardan bo‘lishi aniq.

Rossiya

Eldor Shomurodov Rossiyaga qaytishni istamaydi. Ommaviy axborot vositalari bir yil muqaddam “Spartak” uni o‘z safiga chaqirib, rad javobini olganini yozgandi.

Balki ortga qaytish vaqti kelgandi. Hozir Shomurodovga avvalgidek Frantsiya, Germaniya yoki Gretsiyadan aniq takliflar yo‘q. Evropaliklar natija beradigan o‘yinchilarni ko‘proq qadrlaydi.

Shomurodovning samaradorligi ancha pasayib ketdi. Anchadan beri asosiy figura sifatida to‘p tepgani yo‘q.  Hozirgi ko‘rsatkichlari bilan Frantsiya yoki Germanidan ish topish amri mahol.

Rossiyada esa, Shomurodov qobiliyatidan foydalanishga tayyor va hujumchiga mos jamoalar topiladi. O‘zbek hujumchisi o‘yin uslubi bo‘yicha TsSKA va “Rostov”ga to‘g‘ri keladi. “Armiyachilar” oldingi chizig‘ida muammo etarli. Tamerlan Musaev Gretsiyaga ketgan Fyodor Chalovning o‘rnini bosishga hali yoshlik qilyapti. TsSKAga Eldordek tajribali va ko‘pni ko‘rgan forvard zarur.

Shomurodov Rossiya Premer-ligasi bilan yaxshi tanish va moslashish ortiqcha vaqt olmaydi.

Eldor TsSKAdan taklif olmagan taqdirda bu hujumchini Valeriy Karpin “Rostov”sha jon-jon deb oladi.  Bu murabbiy Shomurodovni juda yaxshi ko‘radi va Karpin qo‘llayotgan o‘ziga xos o‘yin uslubi ham Eldorga har tomonlama to‘g‘ri kelishini ko‘rganmiz.

Evropada yozgi transferlar oynasi yopilguniga qadar hali bir haftadan ko‘proq vaqt bor. Odatda, transferlar mavsumining so‘nggi bosqichida savdolar qaynaydi. Balki, Eldor Shomurodovga yangi va yanada yaxshi variantlar chiqib qolar. Kutamiz va kuzatamiz...  

Fayzullaevning jarohati jiddiymi? (foto)

Jalolov yangi reytingda “uchdi”! Qolganlarchi?

Legionerimiz ikkita supergol orqali birinchi o‘ringa ko‘tarildi!

O‘zbek bokschisi o‘ta tezkor ekan, uni hech kim “tutolmadi”!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!