
Shomurodovning yangi jamoadoshini 2 oyda 4 marta o‘g‘ri urdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov “top-5” ligalar tarkibiga kiruvchi A Seriyani tark etib Turkiyadan qo‘nim topdi.
30 yoshli hujumchimiz “Istanbul Bashaushehir”dagi faoliyatini UEFA Konferentsiyalar ligasi saralash turniridagi o‘yin bilan rasman boshlab yubordi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Eldorning bu jamoadagi ishtirokini kuzatish barobarida uning yoniga kelgan Abbosbek Fayzullaevning ham debyutini kutmoqda.
Istanbulliklar Eldorni “Roma”dan keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olgan bo‘lsa, Abbosni to‘liq transfer qildi va besh yillik shartnoma imzoladi. Turklar o‘zbek futbolchisi uchun Moskvaning “armiyachilari”ga 7,5 million evro miqdorida badal puli to‘laydi va Fayzullaev natijalaridan kelib chiqib, yana 2,5 million evro bonus ajratishi ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, yangi mavsumda o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan “Istanbul Bashakshehir” yana bir necha o‘yinchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Xususan, “Beshiktosh”dan O‘nur Bulut, “Augsburg”dan Berkay Aslan, “Al-Ittifoq”dan Berat O‘zdemir, “Gamburg”dan Devi Zelke, “Kasimposho”dan Nuno da Koshta kabi futbolchilar keldi.
Yangi mavsumda Eldor Shomurodov bilan hujum tandemini tashkil qilishi kutilayotgan Devi Zelke hayotida misli ko‘rilmagan voqea ro‘y berdi.
O‘tgan mavsumda “Gamburg” safida to‘p tepib, 22 ta gol bilan jamoaning Bundesligaga chiqishiga katta hissa qo‘shgan hujumchi o‘z yurtini hafa bo‘lib tark etdi. Gap shundaki, Germaniyadek rivojlangan davlatda ham kutilmagan ko‘ngilsizliklar va muammolarga duch kelish mumkin ekan.
Devi Zelkening rafiqasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqqali Gamburgda oxirgi ikki oy ichida to‘rt marotaba o‘g‘rilik qurboni bo‘lishganini yozdi.
- Balki bu o‘g‘riliklar shahardan tezroq ketishimiz kerakligiga ishoradir. Yangi boradigan joyimizda bunaqa muammolar bo‘lmasligiga umid qilamiz, - dedi Devi Zelkening rafiqasi Evelin.
Devi Zelke futbol sir-asrorlarini “Shtutgart”, “Xoffenxaym” va “Verder Bremen” klublari yoshlar jamoalarida o‘rgangan. Professional faoliyatini bremenliklar safida boshlab, keyinchalik ancha jiddiy klublar – “Leyptsig”, “Gerta”, “Kyoln” va “Gamburg”da o‘ynadi.
30 yoshli Zelke markaziy hujumchi hisoblanadi. Klublar miqyosidagi faoliyati davomida jami 403 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 131 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 30 marta golli pas uzatgan.
“Bashakshehir” bu futbolchini erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib oldi. Umuman olganda, Istanbul klubida hozirgacha 38 ta nafar futbolchi bor. Ulardan 34,2 foizi, ya’ni 13 nafarini legionerlar tashkil qiladi. Bu jamoa safida Portugaliya va Kot-d'Ivuardan ikkitadan, O‘zbekiston, Irlandiya, Germaniya, Braziliya, Kamerun, Senegal, Xorvatiya, Kabo-Verdedan bittadan charm to‘p ustasi bor.
Jamoaning eng qimmatbaho o‘yinchilari Eldor Shomurodov va ganalik Jerom Opoku transfermarkt.world portali ekspertlari tomonidan 5 million evroga baholangan. Biroq, ta’kidlash joizki, “Istanbul Bashakshehir”ga Abbosbek Fayzullaev rasman qo‘shilishi bilan bu statistikalar o‘zgaradi.
Ya’ni, legionerlar soni bittaga oshadi, O‘zbekistondan kelgan futbolchilar ikki kishini tashkil qiladi va transfer summasi 8 million evroga baholangan Abbosbek Fayzullaev “Istanbul Bashakshehir”ning eng qimmatbaho o‘yinchisiga aylanadi.
Fikrlar