
Siyosiy qotilliklarga borib taqaluvchi imo-ishora! Evropa matbuotida shovqin ko‘targan Demiralning jesti va uning oqibatlari
Turkiya terma jamoasi himoyachisi Merix Demiral millatchilik jesti uchun ikki bellashuvga diskvaliifkatsiya qilindi.
Shu tariqa, futbolchi "Evro-2024" chorak finalidan o‘rin olgan Niderlandiyaga qarshi bellashuvni, shuningdek, ehtimoliy yarim finalni o‘tkazib yuboradi.
"Evro-2024" doirasida Avstriyaga 59-daqiqada gol urgan himoyachi ikki qo‘li bilan quyidagicha uslubda golni nishonladi.
Demiralning jesti - "bo‘ri salyuti" ("Kulrang bo‘rilar" (bozkurtlar) tashkiloti a’zolari bir-birlari bilan shunday salomlashadi) deb nomlanadi. Uchrashuvdan so‘ng futbolchining o‘zi ijtimoiy tarmoqqa ushbu imo-ishora aks etgan suratini joylashtirib, suratga: "O‘zini turk deb atagan odam naqadar baxtiyor", - deya izoh qoldirdi. Bu ibora Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti va zamonaiy davlat asoschisi Mustafo Kamol Otaturkga tegishli. Mazkur so‘zlar millatchilikning norasmiy shiori sanaladi.
Futbolchining o‘zi bellashuvdan so‘ng miks zonada jest haqida shunday dedi: "Bu mening turkligim bilan bog‘liq. Men turk ekanligimdan juda ham faxrlanaman. Qarasam, tribunadagilar ham ushbu imo-ishorani ko‘rsatishyapti ekan. O‘ylaymanki, bu ishorani yana bir bor ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘laman".
Bundan tashqari, Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingem ham UEFA tomonidan jazolanadi. Futbolchi diskvalifikatsiyadan qutilib qoldi, ammo Slovakiyaga qarshi (2:1) bellashuvdagi odobsiz ishorasi uchun kamida 20 ming evro miqdorda jarimaga tortilishi ta’kidlanmoqda. Judning o‘zi ushbu jestini do‘stlar o‘rtasidagi o‘zaro xazil deb atadi.
"Kulrang bo‘rilar" tashkiloti haqida
"Kulrang bo‘rilar"ning mazkur ramzi tasodifan tanlanmagan. Mahalliy mifologiyaga ko‘ra, turkiy xalqlar kulrang bo‘ri ajdodi, ya’ni Asenadan kelib chiqqan deyiladi.
"Kulrang bo‘rilar" tashkiloti o‘tgan asrning 60 yillarida turk millatchi harakati partiyasi qoshida vujudga kelgan. Ushbu guruh a’zolari bir necha bor siyosiy qotillik va terrorchilik xurujlarida, jumladan, 1981 yilda Rim Papasi Ioann Pavel II'ga nisbatan uyushtirilgan suiqasdda ishtirok etgan.
Ushbu tashkilot Frantsiyada noqonuniy sanaladi, Avstriyada esa uning ramzi qonunan taqiqlangan.
Karim Xudayqulov tayyorladi
Fikrlar