
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 12-tur ramziy terma jamoasi
Darvozabon: Ignatiy Nesterov
“Qizilqum”ning xotirjamligi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Jadval nuqtai nazaridan ancha printsipial jamoalar o‘rtasidagi bahsning boy berilishi jamoa rahbariyatini yaxshigina ranjitishi aniq edi. Transferlar oynasi vaqtida jamoaga olib kelingan yuqori darajali futbolchilar sekin-asta o‘z so‘zini ayta boshladi. Ayniqsa, sobiq milliy terma jamoa darvozabonining ulkan tajribasi navoiyliklarga asqatmoqda. Ikkinchi taym o‘rtalarida Ignatiy ketma-ket 3 ta golli zarbani qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Gol urilgan vaziyatda ham uni ayblash noo‘rin. U dastlabki zarbani qaytardi. Qaytgan to‘pni esa himoyachilar tomonidan qo‘riqlanmagan “So‘g‘diyona” futbolchisi darvozaga joylab qo‘ydi.
Markaziy himoyachi: Ivan Yosovich
Shohnazar Norbekov va Suhrob Berdiev himoyachilardan gol urish sir-asrorlarini o‘rganishni boshlab yuborsa ham bo‘laveradi. Chunki mudofaa chizig‘i vakillari ulardan bir necha barobar ko‘p gollarni urib bo‘lishdi. “Andijon”ga qarshi vodiy derbisini ham himoyachilarning gollari hal qilib qo‘ydi.
Qo‘qonliklarning himoyadagi ishonchli harakatlari haqida esa gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Ushbu klub nomi jarang sochar ekan, tartibli himoyaviy futbol ko‘rsatuvchi jamoa ko‘z oldimizga keladigan bo‘lib qolgan.
Markaziy himoyachi: Samandar Shukurillaev
“Mash’al” o‘ta qiyin uchrashuvda “Buxoro”dan ustun keldi. Darvozabon Rahimjon Davronov ham ramziy terma jamoamiz long-listida bor edi. Ammo Shukurillaev boshliq muborakliklar himoyasi Davronovdan ham ko‘proq ter to‘kishga majbur bo‘ldi. Ayniqsa, Azizbek Omonov ularni tez-tez bezovta qilib turdi. Shukurillaevdan bir nechta muvaffaqiyatli “podkat”larning guvohiga ham aylandik.
Markaziy himoyachi: Igor Golban
Namanganliklar sal bo‘lmasa mavsumda ilk marotaba AGMKni mag‘lub etgan jamoaga aylanishi mumkin edi. Ular birinchi taymdagi Turg‘unboevning super zarbasidan so‘ng hisobda oldinga chiqib oldi. Uchrashuvning ikkinchi qismi olmaliqliklarning shturmi ostida o‘tdi. Bir vaziyatda Golban darvoza chizig‘i ustidan to‘pni olib chiqishga ham majbur bo‘ldi. Jokich uchrashuv yakuni arafasida gol kiritgan vaziyatda ham Golban imkon boricha to‘pni gavdasi bilan to‘xtatib qolishga harakat qildi. Ammo qo‘llarini orqasiga yashirib olgani uchunmi, buni uddalay bilmadi.
Tayanch yarim himoyachisi: Yovan Jokich
AGMKning mag‘lubiyatsiz seriyasini saqlab qolgan gol muallifi terma jamoamizdan joy olishi kerak edi. U to‘pga zarba bergan vaziyat ancha murakkab edi. Bunday hal qiluvchi vaziyatda tayanch yarim himoyachisi jarima maydoni ichida tavakkal zarbani amalga oshirishi doim ham kuzatilavermaydi. Jokich esa o‘z vaqtida zarba bera oldi va aynan mana shu qaror o‘zini oqlab, jamoasini mag‘lubiyatdan saqlab qoldi.
Markaziy yarim himoyachi: Ella
Muborakliklarning afrikalik legioneri qarshi hujumlarda buxoroliklarni rosa qiynadi. Ammo Murtazoev u taqdim etgan vaziyatlarni golga aylantira olmadi. Aks holda, “Mash’al” uchrashuv so‘ngini bu qadar asabiy o‘tkazmagan bo‘lardi. U aqlli va chiroyli harakatlari bilan maydonda ajralib turdi. Legionerlarimiz ham chempionatimiz mulki. Ularning-da ajoyib o‘yinidan quvonamiz.
Markaziy yarim himoyachi: Oybek Bozorov
Oybek “Nasaf”da yangi Gevorkyanga aylanib boryapti. Jamoa uning kalit uzatmalari va xavfli zarbalari orqali hujum tashkillashtirishga o‘rganib qoldi. Unga Berdiev maydonda erkin harakat qilish imkonini bergan. Goh qanotda, goh markazda baribir Bozorov o‘zining ajoyib o‘yinini namoyish etishda davom etmoqda.
Chap qanot vingeri: Jaloliddin Masharipov
“Loko”ga 7 ta gol urgan jamoadan vakillarni ancha kuttirib qo‘ydik. “Paxtakor”ning salohiyati barchaga ma’lum va shuning uchun ham ularni ortiqcha e’tirof etib o‘tirmadik. Masharipov ushbu uchrashuvda barchasini hal qilib qo‘ydi. O‘yindan keyin bergan intervyusida legioner sifatida o‘ynash istagi borligini ham aytib o‘tdi. Nahotki, Evropaning sinchkov skautlari Jaloliddinning iste’dodini ilg‘ay olmagan bo‘lsa.
O‘ng qanot vingeri: Ixtiyor Toshpo‘latov
Bekobodliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan dubl muallifiga o‘ng qanotni ishonib topshiramiz. Ixtiyor kerakli paytda kerakli joyda paydo bo‘la oldi va jamoasiga juda muhim 3 ochkoni olib berdi. Ravshan Haydarov esa “Surxon”da yaxshi jamoa shakllantira boshlagani ko‘rinib turibdi. Birozgina omad etishmay qolgani va Toshpo‘latovning omadli o‘yini unga halaqit berdi.
Markaziy hujumchi: Ibrohim Gbadamosi Tomiva
Kecha ushbu legionerning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli debyuti nigeriyaliklarning Superligamizga e’tibor qaratishiga sabab bo‘lganini aytgandik. Ushbu uchrashuvdagi harakatlari bilan yana yangi jamoasiga foyda keltira oldi. Sherali Jo‘raevning kuchsiz chiqqan zarbasini o‘z vaqtida to‘xtatib qolib, darvozaga joylab qo‘yganidan tashqari ham Tomivaning faolligi maydondagilardan ajralib turdi.
Markaziy hujumchi: Igor Sergeev
Sergeev so‘nggi 3 turda super formada o‘ynamoqda. Derdiyok zaxiradan tushib 2 ta gol ursa ham asosiy tarkibga kira olmayapti. Chunki hozir Igorning o‘yini o‘xshab turibdi. Tig‘iz taqvimga qaramay Shotada muammolar kam. Har bir chiziqda kuchli raqobat va saviyali o‘yinchilar bor.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar