SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 14-tur ramziy terma jamoasi

  • 13 sentabr, 2020, 16:53
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Darvozabon: Rahimjon Davronov

Mavsum debyutanti hisoblangan “Mash’al” har ikki safar “So‘g‘diyona”dan ustun keldi. Zominda kechgan bahsda Dilyaver Vaniev shogirdlari 1-turdagi g‘alaba shunchaki tasodif emasligini isbotlay oldi. Uchrashuv davomida tinmay hujum uyushtirganiga qaramay, “So‘g‘diyona”ning urinishlari Davronov postiga to‘p kiritilishi bilan yakunlanmadi. Muborakliklar posboni kamida 5 ta vaziyatda jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. 

Davronov

Chap qanot himoyachisi: Aleksandr Merzlyakov

Qo‘qonliklar g‘oyat alamli tarzda g‘alabani qo‘ldan boy berdi. 2:2 hisobidagi durang ularni qimmatli 2 ochkodan mahrum etdi. Aslida, o‘yin durangga mos kechdi. Merzlyakov juda kam gol uradi. Uning goli hisobning tenglashishiga sababchi bo‘lgandi. Himoyada ham ancha yaxshi harakat qildi. Buxoroliklar gol kiritgan vaziyatlar uning qanotida sodir bo‘lmagandi. Standartlar paytida Ashurmatov shogirdlari ancha pala-partish futbol namoyish etdi. Himoya vakili sifatida qahramonimiz ham bu kamchiliklarda hissador. Ammo bu uni tur ramziy jamoasiga olishimizga to‘sqinlik qila olmadi.

Merzlyakov

Markaziy himoyachi: Abbos Otaxonov

Otaxonov bekobodliklar ishongan futbolchilardan biri. Uning himoyadagi ishonchli o‘yini sabab Toshkent viloyati derbisi “Metallurg” foydasiga hal bo‘ldi. AGMK so‘nggi daqiqalarda ko‘p gol urayotgan edi. Jamoa gol o‘tkazar ekan, ko‘pchilik baribir Qosimov shogirdlarining javob to‘pi kiritishiga ishonayotgan edi. Yakunda, unday bo‘lmadi va olmaliqliklar 2020 yilgi mavsumda ilk bor maydonni golsiz tark etdi. 

Otaxonov

O‘ng qanot himoyachisi: Dilshod Saitov

“Nasaf”ning asosiy muammosi barqaror emasligida. Ular o‘yinini topib olgan taqdirda, har qanday raqibni yanchib tashlashga qodir. Bu gal mana shunday kayfiyatda turgan “ajdarlar” yo‘lidan “Qizilqum” chiqib qoldi. Qanot himoyachisi Dilshod Saitov esa tez-tez hujumda ko‘rinib turdi. Navoiyliklarning hujumdagi asosiy quroliga aylanib borayotgan Ibrohim Tomivani zararsizlantirishda ham Saitov ancha jonbozlik ko‘rsatdi. Shuningdek, u o‘yin mobaynida juda ham foydali sariq kartochkani ishlab oldi. O‘sha vaziyatda u hujumni maydon markazida to‘xtatmaganda, jamoasi darvozasi jiddiy xavf ostida qolishi tayin edi. 

Saitov

Markaziy yarim himoyachi: Nurillo To‘xtasinov

To‘xtasinovni to‘xtatib bo‘lmayapti. U “qaldirg‘ochlar”ning deyarli har bir uchrashuvida gol urmoqda. Uzoqdan yaxshi zarba bera olishi yaqin orada esiga tushib qolgan ko‘rinadi. Uning gollari doim yuqori saviyada ijro etilgani bilan ajralib turadi. Mana shunday harakat qilishda davom etgan taqdirda, Nurilloni tez orada legioner maqomida ko‘rib qolsak ajab emas. Barcha yurtdoshlarimiz qatori uning faoliyatida rivoj tilaymiz.

To‘xtasinov

Markaziy yarim himoyachi: Sirojiddin Qo‘ziev

Muborakliklar yarim himoyachisi “So‘g‘diyona” darvozasiga golgacha ham bir nechta kuchli zarba yo‘llagan edi. Jizzaxliklar bundan etarlicha xulosa chiqaravermagach, Qo‘zievning navbatdagi zarbasi Mitrovich uchun qaytarib bo‘lmas traektoriya hosil qildi. To‘pning darvoza ustuniga tekkani esa, gol jozibasini yanada oshirib yubordi. Uning yagona goli “Mash’al”ga muhim 3 ochko keltirdi.

Qo‘ziev

Chap qanot yarim himoyachisi: Salamat Qutiboev

Yana bir uchrashuvning yagona gol muallifi. Bekobodliklarning haqiqiy etakchisi uchrashuv mobaynida hamma erda hozir-u nozir bo‘lib turadi. PFL tomonidan Toshkent viloyati derbisining eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan Qutiboev ramziy terma jamoamizga kirishga mutlaq haqlidir.

Qutiboev

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Islom Kenjaboev

“Qizilqum” himoyachilarini uchrashuv mobaynida eng ko‘p qiynagan futbolchi sifatida bemalol Islomni qayd eta olamiz. Uning o‘ng qanotdagi faolligi evaziga hisob ochildi. To‘g‘ri, Bozorov o‘z golini individual mahorat evaziga kiritdi. Ammo unga Kenjaboev o‘z vaqtida to‘p etkazib berganini ham e’tirof etish zarur. 

Kenjaboev

Hujumkor yarim himoyachi: Aziz Turg‘unboev

“Navbahor”ga Azizning goli kerak edi. “Paxtakor”ga qarshi birinchi davra uchrashuvidagi mojarolardan so‘ng, jamoaning o‘z uyida mag‘lub bo‘lishi yaxshi bo‘lmasdi. Ayniqsa, bir amallab kirib olgan muxlislar ko‘z o‘ngida… 

Nima bo‘lgan taqdirda ham, Turg‘unboev o‘sha vaziyatda juda chiroyli va aniq harakat qildi. Bizga shunisi muhim. 

Turg‘unboev

Markaziy hujumchi: Jasur Hakimov 

“Qo‘qon-1912” ga qarshi o‘yin Hakimov uchun juda omadli keldi. Uning mehnat mahsuli hisoblanmish 2 golga hurmatni saqlagan holda aytishimiz kerakki, o‘sha ikkala vaziyatda unga to‘p kelib tushishi omaddan boshqa narsa emasdi. Albatta, bu erda hujumchilarga xos joy tanlash mahorati ham katta rol o‘ynaydi. Nima bo‘lganda ham, uning dubli jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Hakimov

Markaziy hujumchi: Bobir Abdixoliqov

“Qizilqum”ga qarshi o‘yin Abdixoliqov uchun esda qolarli bo‘ldi. “Nasaf” klubi matbuot xizmatining yozishicha, 23 yoshli futbolchi Ignatiy Nesterov darvozasini birinchi bor ishg‘ol qilgan. Kenjaboevning super uzatmasi va Kasmininning qo‘pol xatosi evaziga kiritilgan 2 ta gol orqali Abdixoliqovning joriy mavsumdagi gollari 9 taga etdi.

Abdixoliqov

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!