SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 22-tur ramziy terma jamoasi

  • 4 noyabr, 2020, 19:26
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Darvozabon: Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”)

Qarshiliklarning “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvi g‘olibdan qat’i nazar joriy mavsum Superligani bezab berishga qodir bo‘lgan bellashuv bo‘ldi. Ayniqsa, ushbu bellashuvda Murod Xolmuhammedovning penaltisi qaytarilishi misli ko‘rilmagan voqea bo‘ldi. 

Hali 20 ga ham to‘lmagan Abduvohid Ne’matovning o‘sha o‘yindagi qahramonliklarini faqat bu bilan cheklay olmaymiz. 90 daqiqa davomida “ajdarlar” darvozasiga uyushtirilgan ketma-ket hujumlar yosh posbon tomonidan birin-ketin qaytarildi. 

28.08.2020 Lokomotiv 0-4 Nasaf (15)

Chap qanot himoyachisi: Abduqahhor Hojiakbarov (“Surxon”)

Qanot himoyasidagi o‘yinlari orqali bizga yaxshi tanish bo‘lgan Abduqahhor Hojiakbarov “Andijon”ga qarshi uchrashuvda g‘alaba goli mualliflik qildi. Ushbu muvaffaqiyat vohaliklarning xavfli zonadan chiqib ketishi uchungina emas, printsipial va bevosita bellashuvda “Andijon”ning taslim etilishiga sabab bo‘ldi. 

Hojiakbarov, aslida, o‘ng qanotda o‘ynaydi. Ammo qanot himoyachilarining o‘zaro almashib harakat qilishlari juda ko‘p uchraydi. Shu sababli, jamoasini autsayderlar orasidan olib chiqqan futbolchini ramziy jamoamizga kiritishga qaror qildik.

photo_2020-11-02_18-57-04

Markaziy himoyachi: Kamoliddin Tojiev (“Metallurg”)

“So‘g‘diyona”ga qarshi bevosita pog‘ona uchun kechgan bahsda bekobodliklar bir kishi kam bo‘lib o‘yinni yakunlashga majbur bo‘ldi. Salamat Qutiboev ikkinchi taymning so‘nggi 15 daqiqasida jamoasini qiyin ahvolda qoldirib, maydonni tark etdi. 

Himoya ushbu vaziyatgacha qanday metinlik namoyish etgan bo‘lsa, bundan keyingi daqiqalarda mas’uliyatni yanada chuqurroq his qilgan holda Tojiev boshliq mudofaadagilar ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. 

photo_2020-11-04_10-59-11

O‘ng qanot himoyachisi: Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”)

“Sherlar” Olmaliqda Superliganing etakchisi kim ekanligini ko‘rsatib qo‘yishga erishdi. Jamoa shu qadar shiddatli futbol namoyish etdiki, gol bo‘lgani sari olmaliqliklarning o‘yini orqaga ketib boraverdi. Alijonovning bir nechta zarbasi darvozani jiddiy xavf ostida qolishiga sabab bo‘ldi. Uning himoyadagi harakatlari ham tahsinga sazovor. 

21.08.2020 Pakhtakor 4-1 Nasaf (8)_1

Tayanch yarim himoyachisi: Sharof Muhitdinov (“Nasaf”)

“Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinda “Nasaf” markazni to‘liqligicha egalladi. Buning asosiy sababchisi sifatida “ajdarlar”ning asosiy standartchisi va etakchisi Sharof Muhitdinovni keltirish mumkin. Yakkakurashlarga asoslangan futbolni targ‘ib etuvchi qo‘qonliklarning o‘yinini bo‘g‘ib qo‘yishda qarshiliklar yarim himoyachisining xizmatlari katta. 

28.08.2020 Lokomotiv 0-4 Nasaf (14)_1

Chap qanot yarim himoyachisi: Fayzullo Jumanqo‘ziev (“Buxoro”) 

Aslida, buxoroliklar qanot himoyasi vakili hisoblangan Jumanqo‘ziev shu kuni himoyadan ko‘ra, hujumda ko‘proq faol bo‘ldi. “Paxtakor” stadionida kechgan bahsda “Bunyodkor” himoyasi ancha ojiz harakat qildi. Ayniqsa, maydon markazida to‘pni oldirib qo‘yish va himoya chizig‘ining maydon markaziga yaqin joylashuvi sabab, Jumanqo‘zievning tezkor reydlari ancha xavfli ko‘rinish oldi. Ushbu o‘yinning eng faol futbolchisi va jamoasining ochko olishiga eng katta hissani qo‘shgan Fayzulloni ramziy terma jamoamizga kiritishga qaror qildik. 

29.08.2020 Bukhara 2-2 AGMK (5)

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Aziz Turg‘unboev (“Navbahor”)

“Navbahor”ning g‘alabasiz seriyalaridan so‘ng, endi erishilayotgan har bir g‘alaba yangi murabbiy va tizim bilan bog‘lanishi tabiiy. Ammo avvalgi 11 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriya davomida ham Turg‘unboevning ko‘rsatgan futboli yaxshi chiqayotgandi. 

“Qizilqum”ning ikkinchi davradagi o‘yinlari butunlay boshqa darajada. Azizning dubli ushbu jamoa ustidan g‘alabani taqdim etdi. 

28.08.2020 Navbahor 0-1 Kokand (27)

Hujumkor yarim himoyachisi: Dragan Cheran (“Paxtakor”)

Toshkentliklarning yirik g‘alabasi shu qadar ajoyib tarzda qo‘lga kiritildiki, “sherlar”dan ko‘proq futbolchini ramziy terma jamoaga kiritishga majbur bo‘ldik. Arveladze jamoasida bir futbolchining yaqqol etakchiligini uchratmaymiz. Cheran o‘sha kuni zo‘r o‘ynagan jamoaning bir a’zosi edi. Bitta gol va bitta pas amalga oshirgan serbiyalik futbolchi jamoasining yirik g‘alabasida katta o‘rin tutdi. 

21.08.2020 Pakhtakor 4-1 Nasaf (24)

Chap qanot hujumchisi: Jaloliddin Masharipov (“Paxtakor”)

Toshkentliklarning yana bir etakchisi shu turda chap qanot vingeri pozitsiyasida harakat qilgan istalgan futbolchidan foydaliroq harakat qildi. U kiritgan gol va 2 ta assist so‘zimiz uchun isbot bo‘lib xizmat qiladi. 

21.08.2020 Pakhtakor 4-1 Nasaf (12)

O‘ng qanot hujumchisi: Doston Hamdamov (“Paxtakor”)

Doston o‘zining bir necha yil avvalgi super zarbalarini yodga ola boshladi. Olmaliqdagi stadionda uning o‘ng qanotdan uyushtirgan reydlari va kuchli zarbalari bahsni bezab berdi. U kiritgan gol Superligada yil goli bo‘lish uchun da’vogarlik qiladi. 

21.08.2020 Pakhtakor 4-1 Nasaf (27)

Markaziy hujumchi: Bobir Abdixoliqov (“Nasaf”)

“Qo‘qon-1912” darvozasiga kiritilgan navbatdagi goli orqali “Nasaf” futbolchisi to‘purarlar jadvalida yana bir qadam tashlashga erishdi. Katta o‘yinlarda ham mana shunday vaziyatlardan maksimal foydalana olgan taqdirda, yaxshi darajadagi etuk hujumchiga aylanishi mumkin.

24.08.2020 Nasaf 2-2 Bunyodkor (10)

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
04/11/2020 20:08
Пахтакор хаммаси