
Srechko Katanets: "Qozog‘istonliklarga bo‘sh hudud qoldirmadik. Juda zich joylashdik..."
Halqaro o‘rtoqlik o‘yini doirasidagi O‘zbekiston - Qozog‘iston uchrashuvida vakillarimiz 2:0 hisobida zafar quchdi. Bellashuvdan so‘ng "oq bo‘rilar" bosh murabbiyi Srechko Katanets matbuot anjumanida ishtirok etdi:
"Taktik ajoyib g‘alaba bo‘ldi. Taassurotlarim ijobiy. Jamoam yaxshi harakat qildi, borlarini berib o‘ynashdi. Jismonan biz yanada kuchliroq bo‘lishimiz mumkin. Kelgusida shunday bo‘lishiga ishonaman.
- Kechagi matbuot anjumanida shogirdlaringizni aqlli, taktik futbol ko‘rsatishga qodir, deb fikr bildirgandingiz. Qozog‘istonliklar haqida qanday munosabatdasiz?
- Mening ularga baho berishim to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sababi, men o‘zimning jamoamni kuzatdim. Aytish lozim, ular ajoyib harakat qilishdi.
Raqibda ikki-uchta yaxshi vaziyat bo‘ldi. Birinchi taymda jarima zarbasi ham xavfli chiqdi. O‘sha vaziyatda omadimiz keldi.
Osiyoning ko‘p jamoalariga qarshi 3 ta markaziy himoyachi bilan o‘ynasangiz, ular qiynalib qolishadi. Imkoniyatlar yaratishda, hujumlar tashkil qilishda ular muammolarga duch keladi.
Qozog‘istonliklarga bo‘sh hudud qoldirmadik. Juda zich joylashdik va bu raqibga yaxshigina bosh og‘riq bo‘ldi. Shunga qaramay, ularni xavfli terma ekanini e’tirof etishim kerak.
- Ba’zi o‘yinchilarimizda erkinlik bor edi. Ular to‘p bilan bemalol, ortiqcha bosimsiz harakat qilishdi. Bu sizning ko‘rsatmangiz edimi?
- Hujumchilarimizga doim erkinlik beramiz. Ular istagandek harakat qilishlari mumkin. Oldingi chiziq vakillari o‘yin vaqti improvizatsiya namoyish etishi mumkin. Lekin himoyada barcha ma’suliyat bilan harakat qilishi kerak. Ularning o‘z vazifalari bor.
Himoyamiz Eldor Shomurodovdan boshlanadi. U hujumchi sifatida himoyalanish taktikamizni boshlab beradi. Shuningdek, qanot himoyachilarimiz ham ortga qaytib, muhim ishni o‘z bo‘yniga oladi.
- Masharipov va Bozorovning yo‘qligi asosiy tarkib tanlashda qanchalik ta’sirini o‘tkazdi?
- Bugun o‘ynagan futbolchilarning o‘yinidan qoniqish hosil qildim. Men o‘zimda bor materialdan unumli foydalanishga harakat qilaman.
Masharipov va Bozorovning qaytishi biz uchun albatta, foydali bo‘ladi. Ayniqsa, Jaloliddinning tarkibga qaytishi termamizga ijobiy ta’sir qiladi. Biroq shuni aytishim kerak, yigitlarning harakati men uchun qoniqarli bo‘ldi.
- Shomurodov bugun o‘z darajasini ko‘rsatdi. Ammo "Roma"da u zaxirada qolib ketmoqda. Siz Eldorga klubdagi faoliyati borasida qandaydir maslahat berdingizmi?
- Yo‘q, unga hech qanday tavsiya bermadim. Men murabbiyman va o‘z ishimni qilishim kerak. Eldor professional hamda yaxshi klassdagi futbolchi. U bizning eng yaxshi o‘yinchilarimizdan.
Unga ham oson emas. Chunki Rimda asosan zaxirada qolib ketmoqda. Men uning ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini istayman.
Fikrlar