
Srechko Katanets: Tarkib zamonaviy talablar asosida yig‘ilgan, Superliga to‘puraridan foydalanmaslikka qaror qildik, nimadir noto‘g‘ri ishlamoqda, yoshlar o‘ziga katta baho berib yuboryapti yoxud to‘liq matbuot anjumani
Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyada Kamerun va Kosta-Rikaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi. Mazkur yig‘indan oldin ayni vaqtda terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu jarayonni SPORTS.uz orqali jonli kuzatib borishingiz mumkin.
Srechko Katanets: "Assalomu alaykum hammaga. Uzoq vaqtdan beri endi ko‘rishib turganimizdan xursandman. Bizni qiyin o‘yinlar kutib turibdi. Ikkita Jahon chempionati ishtirokchilariga qarshi o‘ynaymiz. Men qo‘rqayotganim yo‘q. Ammo qiziq o‘yinlar bo‘lishi aniq.
Chempionatimizni kuzatdim. Futbolchilar va legionerlar o‘yinini tahlil qildim. Ko‘ramiz, natija qanday bo‘larkin?!
- Bu o‘yinlardan qanday natija kutmoqdasiz?
- Bu shunchaki o‘rtoqlik uchrashuvi. Natija haqida gapiradigan bo‘lsam, futbolchilarni kuzatish muhimroq menga. Har bir o‘yin turli ko‘rinishda bo‘ladi. Bu bizni sinovdan o‘tkazadigan bahslar. Raqiblarimiz ham bu o‘yinlarga jiddiy e’tibor qaratsa kerak. Sababi, ularda mundial oldi ko‘p uchrashuvda maydonga tushish imkoni yo‘q. Biz yutqazishimiz ham mumkin. Ammo meni bu xavotirga solmaydi. Biz yigitlarni sinovdan o‘tkazishimiz kerak. Muhimi shu. Futbolchilar o‘zini ko‘rsatishi kerak.
- Terma jamoaga chaqirilgan 23 futbolchiga e’tibor qaratsak, ular jamoasining asosiy vakili emas. Tarkibga jalb etilgan o‘yinchilar o‘z chizig‘ining eng yaxshilarimi yoki faqat murabbiyning uslubiga mos tushadigan futbolchilar chaqirilganmi?
- Men sizni tushundim. Balki kimdir yaxshiroq holatdadir. Ammo mening fikrimcha, Oston O‘runov, Shahboz Umarov kabi yigitlarda sifat bor. Ular yanada rivojlanishi va tarkibga moslashishi osonroq bo‘lishi mumkin. Bizda boshqa variantlar borligi aniq. Men futbolchilarni kuzatib boraman. Ular o‘sishi kerak. Ayni paytdagi tarkib zamonaviy futbol talablari asosida yig‘ilgan. Ba’zi o‘yinchilar chaqirilmagan bo‘lishi mumkin. Biroq bu ular keyin ham tarkibdan tushib qoladi, degani emas. Hammaga imkon beriladi.
- O‘sishi mumkin bo‘lgan futbolchilar o‘rniga tayyor holatda bo‘lib turgan Jamshid Boltaboev va Jamshid Iskanderov varianti yaxshiroq emasmidi? Har holda, biz Gana B kabi raqiblarga qarshi maydonga tushmaymiz... Ular qaysi talablarga mos kelmagani uchun yig‘inga jalb etilmadi?
- To‘g‘risini aytsam, biz Kamerunni kuzatdik. Siz kuzatdingizmi? Ularning tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, hurmatga sazovor jamoa ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Agar men ularni chaqiradigan bo‘lsam, bu uslubga to‘g‘ri kelmaydi. Iskanderovning o‘yini Kamerunga qarshi to‘g‘ri kelmaydi. Raqib jismonan baquvvat, tezkor va kurashuvchan jamoa. Shundan kelib chiqib, biz uni taklif etmadik. Ammo kelgusi yig‘inlarda unga imkon berilishi mumkin.
Siz jurnalist sifatida "nega Shomurodov yana yig‘inga jalb etildi?", - deyishingiz mumkin. Biz Superliganing eng yaxshi to‘puraridan foydalanmaslikka qaror qildik. Chunki Temurxo‘ja men bilan biror marta yig‘inlarda ishtirok etmagan. Uni bunday sharoitda Kamerun va Kosta-Rika kabi termalarga qarshi maydonga tashlash to‘g‘ri bo‘lmaydi, menimcha.
- Juda qiyin ikkita o‘yin kutib turibdi. Bu bahslarda Jaloliddin Masharipov jamoamizga yordam bera olmaydi. Uning o‘rnini qanday to‘ldirmoqchisiz?
- Ko‘ramiz. Bu imkon. Uchrashuvdan keyin ma’lum bo‘ladi hammasi. Biz xavotirda emasmiz. Ammo bor "mahsulot"imiz shu. Oybek o‘zini ko‘rsatishi kerak. Boshqa variantlar ham qilib ko‘rishimiz mumkin.
O‘tgan yili ligada "Paxtakor", bu yil "Nasaf" kuchliroq ko‘rinmoqda. Ammo ular hali ham chempionlik uchun kurashmoqda. Demak, nimadir noto‘g‘ri ishlamoqda. Agar nohaq bo‘lsam, hammadan uzr so‘rayman.
- Tarkib nimaga asoslangan holda tuzilgan?
- Yig‘indagilar normal holatda. Tarkibni optimal, deb hisoblayman. Kimnidir qo‘shish juda qiyin. Muxlislarga yangi futbolchilarni kuzatish qiziq bo‘lishi mumkin. Ammo men ham o‘z ishimni qilmoqdaman. Ahmoq emasman. Kuzatuvlar asosida eng yaxshilarni chaqirishga harakat qildim. Hammani yig‘inga jalb etishni imkoni yo‘q axir.
- Tanqidlar ko‘payib ketgan bo‘lishi mumkin. Lekin terma jamoa klubga o‘xshab qolgandek ko‘rinmayaptimi sizga? O‘zini ko‘rsatib, yaxshi o‘ynayotgan futbolchini chaqirmaslik shunday o‘ylashga sabab bo‘lmoqda. Yaxshi o‘ynab turgan futbolchi sinab ko‘rilishi uchun doim kelasi yig‘inni kutishi qanchalik to‘g‘ri?
- Bu bizning ishimiz. Biz buning uchun javob beramiz. Men sizdan ko‘ra vaziyatni yaxshiroq bilaman, deb o‘ylayman. Tajribam etarlicha. Murabbiy hech qachon jurnalistni enga olmaydi. Sizda doim sabablar topiladi. Men xato qilaman va buni tan olaman. Hamma shunday qiladi, hech kim mukammal emas. Superligani kuzatmoqdaman. Hamma o‘yinlarni tahlil qilib chiqyapman. Bizda jismoniy, texnik, himoyaviy va hujumkor sifatlarga javob beradigan futbolchilarni ko‘rib chiqmoqdaman.
Osiyo kubogini yutmoqchi bo‘lsak, himoyalanishni bilish kerak. Hamma o‘yinchi bu talabga javob berishi kerak. Jamoaviy futbolda yaxshi bo‘lishimiz shart. Hamma bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi bu paytda juda muhim.
- Shomurodov zaxirada o‘tirsa-da, baribir yig‘inga jalb etilib kelinmoqda. Bu boshqalarga nisbatan adolatsizlik emasmi? Masalan, Valijon Rahimov zaxirada qolib ketgani uchun jalb etilmagan...
- Bu darvozabonlar murabbiyiga beriladigan savol. Darvozabon va hujumchini taqqoslab bo‘lmaydi. Bu hazil, deb umid qilaman.
- Raqobat bo‘lishi kerak emasmi?
- Yo‘q, yo‘q.
- Olib borayotgan faoliyatingizdan ko‘nglingiz to‘lyaptimi? O‘zbekiston terma jamoasiga oldin bo‘lmagan nimanidir olib kela oldim, deb hisoblaysizmi?
- Bu savolga o‘zingiz javob berishingiz kerak. O‘zimga baho berishim mening ishimga kirmaydi. O‘z ishimni qilmoqdaman. Tailandga qarshi o‘yindan oldin ularni kuzatdik. Raqib yaxshi jamoa edi. Ular bizga muammo tug‘dira olardi. Bunday termalarga qarshi hech qachon oson bo‘lmaydi. Men jamoamizni yaxshilay oldim. Yigitlar bir-birini yaxshi tushunadi. Shomurodov va Masharipov hozir ajoyib tandem bo‘lib turibdi. Bizda yaxshi shakllangan tarkib mavjud. Ammo men hech qachon o‘zimga baho bera olmayman. Bu mening ishim sanalmaydi.
- Rossiyaga qarshi ehtimoliy o‘yin haqida nima deya olasiz?
- Bu haqda ma’lumotga ega emasman.
- Katanets oldiga nafaqat Osiyo kubogi, balki 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Olimpiya terma jamoamizning o‘yin uslubi sizga qanchalik mos tushadi. Yoshlarimizdan asosiy tarkibga chaqirilishi mumkin bo‘lgan yigitlar ham bormi?
- Ispaniyada shunday tizim bor. Futbolchilar 14 yoshidan asosiy terma jamoaga tayyorlab boriladi. Ularda ko‘nikma shakllantiriladi. Ammo bizda bunday tizim yo‘q. Evropadek darajada emasmiz. Ba’zi o‘yinlarni ko‘rmoqdamiz. O‘yinchilarda barqarorlik yo‘q. Bugun yaxshi o‘ynasa, ertaga umuman ko‘rinmay qoladi.
Hozir "Kuchli beshlik"da faqat Shomurodov to‘p tepadi. Shukurov ham Turkiya chempionatiga ko‘chib o‘tdi. Boshida u qiynaladi, deb o‘ylagandim. Ammo Otabek yaxshi harakat qilmoqda.
Yoshlarimiz rivojlanishdan to‘xtab qolmasligi kerak. Ular o‘ziga yuqori baho berib yuboradi. Bu xato. Kim haqida gapirayotganimni tushundingiz, deb o‘ylayman.
- Norchaev va shu kabi olimpiya terma jamoasidagi futbolchilarni chaqirish vaqti kelmadimi?
- Ular men istagandek o‘yin ko‘rsatmayapti. Ishlashda davom etishi kerak. Hozir yangi o‘yinchilarni tushirish vaqti emas. Ular moslashishi uchun ko‘p vaqt talab qiladi. Norchaev ko‘p gol urishi kerak. Pressingda ko‘proq ishlashi lozim. Hali unga imkon beriladigan payt keladi. Men bunga ishonaman. Faqat yigitlar rivojlanishdan to‘xtab qolmasligi kerak.
Fikrlar