Superliga. 23-turdagi bahsli vaziyatlar yuzasidan Ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasi

  • 5 noyabr, 2024, 17:12
  • Jahongir Inomjonov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Joriy yilning 3 noyabr sanasida Superliga 2024 yilgi mavsumning 23-turi yakuniga etdi. O‘zbekiston futbol hakamlari markazi mazkur uchrashuvlar tugagach, Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Bu bellashuvlarda jami 5 ta bahsli vaziyat yuzaga keldi. 

Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin:


1-vaziyat. "Paxtakor" - "Andijon" to‘qnashuvi: mezbonlarning goli.


"Paxtakor" - "Andijon" uchrashuvining 15-daqiqasida mezbonlar hisobni ochdi. Bosh hakam Nikita Mustafin mazkur holatda fol yo‘qligini qayd etdi va golni inobatga oldi.  

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Mazkur vaziyatda to‘p hujumchining qo‘liga emas, himoyachining tizzasiga tekkan. Shu sababli, golni bekor qilish uchun asos yo‘q. Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan hakamlarning qarori to‘g‘ri, deb topildi.

Vaziyat videosi: https://youtu.be/0h0krfqawqI?list=PL4tHyf5I--nhS8b8MR6g0olVnnwKxl4_N

2-vaziyat. "Olimpik" - "Navbahor" qarama-qarshiligi: bahsli penalti.


"Olimpik" - "Navbahor" uchrashuvining 35-daqiqasida mezbonlar raqib posboni xatosidan so‘ng qulay vaziyatga ega bo‘ldi va shu holatda darvozabon 10-raqamli futbolchiga qo‘pollik ishlatib, uni to‘xtatib qoldi. Bosh hakam Nayim Qosimov mazkur epizodda fol qayd etib, nuqtaga ishora qildi va namanganliklar vakiliga sariq kartochka ko‘rsatdi.  
 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda posbon raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatgan. Penalti belgilash uchun asos etarli. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarori to‘g‘ri ekanini ma’lum qiladi.

Vaziyat videosi: https://youtu.be/tnKHt5SR3jc?list=PL4tHyf5I--nhS8b8MR6g0olVnnwKxl4_N


3-vaziyat. "Qizilqum" - "Dinamo" qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.


"Qizilqum" - "Dinamo" uchrashuvining 68-daqiqasida mezbonlarning 8-raqamli futbolchisi samarqandliklarning 21-raqamli a’zosiga nisbatan qo‘pol harakat qildi. Bosh hakam Ibrohim Ismoilov futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatdi. 


Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga aralashmasdan xato qilgan. Futbolchi butsasining tag qismi bilan qasddan raqibiga zarba bergan. Bu kabi hollarda qizil kartochka ko‘rsatilishi lozim. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarorini noto‘g‘ri, deb hisobladi.

Vaziyat videosi: https://youtu.be/A6rfniWKLuU?list=PL4tHyf5I--nhS8b8MR6g0olVnnwKxl4_N


4-vaziyat. "Neftchi" - "Bunyodkor" qarama-qarshiligi: bahsli penalti.


"Neftchi" - "Bunyodkor" uchrashuvining 80-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo‘ldi va shu holatda to‘p mezbonlarning 20-raqamli futbolchisiga tegib, o‘yinga qaytdi. Bosh hakam Doston Rahmonov mazkur epizodda to‘p qo‘lga tegmaganini qayd etdi va bahsni davom ettirdi.  

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda videotakrorlardan ko‘rish mumkinki, to‘p futbolchining qo‘liga emas, qorin qismiga tekkan. Penalti belgilash uchun asos mavjud emas. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarori to‘g‘ri ekanini ma’lum qiladi.

Vaziyat videosi: https://youtu.be/kpQKlFh58U0?list=PL4tHyf5I--nhS8b8MR6g0olVnnwKxl4_N


5-vaziyat: "Metallurg" - OKMK o‘yini: bahsli 11 metrlik jarima zarbasi.


"Metallurg" - OKMK uchrashuvining 90+2-daqiqasida mezbonlarning 9-raqamli a’zosi jarima zarbasini ijro etdi va zarbadan so‘ng to‘p olmaliqliklarning 22-raqamli vakiliga tegib, maydonga qaytdi. Bosh hakam Rustam Lutfullin qo‘l bilan o‘yin yo‘qligini va qoidabuzarlik holati qayd etilmaganini ma’lum qildi. 


Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR hakami holatga aralashib, xato qilgan. To‘p himoyachining qo‘liga tegmagan. Shu bois, komissiya bosh hakamning qarorini qo‘llab-quvvatlaydi va uni to‘g‘ri, deb topdi.

Vaziyat videosi: https://youtu.be/5xfXMl-t-fM?list=PL4tHyf5I--nhS8b8MR6g0olVnnwKxl4_N

UzFHM matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!