
Superliga. "Navbahor" - "So‘g‘diyona": O‘zaro o‘yinlarda qayd etilgan natijalar qanday?
O‘zbekiston Superligasining 4-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” o‘z maydonida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qiladi.
Mazkur klublar O‘zbekiston chempionatlarida o‘zaro 54 marta uchrashgan. Ushbu o‘yinlarning 25 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, “So‘g‘diyona” 21 ta bahsda zafar quchgan, 8 ta bellashuvda esa durang qayd etilgan. To‘plar nisbatidagi ko‘rsatkich 89-62, “Navbahor” foydasiga.
Namanganliklar o‘zaro o‘yinlarda 83 ochkoni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, jizzaxliklar hisobida 71 ochko mavjud.
Klublar o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik hisob 1996 yili qayd etilgan. O‘sha yili “lochinlar” Namanganda jizzaxliklar darvozasiga 7 ta javobsiz to‘p kiritgandi.
Sermahsullik borasida esa 2000 va 2014 yillardagi uchrashuvlar tarixda qolgan. E’tiborlisi, o‘sha o‘yinlarda darvozalarga to‘qqiztadan gol urilgan.
2000 yili Namanganda bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda mezbonlar 6:3 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, 2014 yili Jizzaxda o‘tkazilgan bahsda “bo‘rilar” 5:4 hisobida g‘alaba qozongan.
Namanganda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning 21 tasida “lochinlar” zafar quchgan, 2 ta o‘yinda jizzaxliklar g‘alaba qozongan, 4 ta bahsda esa jamoalar durangga imzo chekkan.
“Navbahor”ning o‘z maydonida bo‘lib o‘tgan o‘yinlaridagi to‘plar nisbati – 60-17, vodiy klubi foydasiga.
Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “So‘g‘diyona” o‘yini 1 aprel kuni Namangandagi “Markaziy” stadionida soat 18:00 da start oladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar