Superliga. OKMK 6 uchrashuvdan buyon "Neftchi"ni mag‘lub eta olmayapti (o‘zaro statistika bilan tanishing)
Superliganing 11-turidan o‘rin olgan markaziy to‘qnashuv Toshkentda, OKMK stadionida bo‘lib o‘tadi.
Mirjalol Qosimov boshchiligidagi olmaliqliklar o‘z maydonida turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan "Neftchi"ni qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 17:00’da start oladi.
OKMK Superliga doirasidagi so‘nggi 6 ta uchrashuvdan buyon far‘gonaliklarni mag‘lubiyatga uchrata olmayapti — 3 ta durang, 3 ta mag‘lubiyat. Klub so‘nggi bor 2022 yili 3:1 hisobida "yo‘lbarslar"ni yenggan. O‘sha mavsumning dastlabki bahsida ham OKMK xuddi shu hisobda zafar quchgan.

OKMK – "Neftchi": Statistikada ustunlik faqat bir tomonda:
Ikki klub shu vaqtgacha 32 marta to‘qnash kelgan bo‘lib, g‘alabalar borasida "Neftchi" ustunlikka ega — 15 ta g‘alaba. OKMK esa raqibini 8 bor mag‘lub etgan. Yana 9 ta o‘yinda durang natija qayd etilgan.
Gollar nisbatida ham far‘gonaliklar oldinda — 54:41. Eng yirik g‘alabalarga kelsak, OKMK 3:0 hisobida, "Neftchi" esa 4:0 natija bilan eng katta yutuqlarini qayd etgan.
Ma’lumot o‘rnida, OKMK onlayn turnir jadvalida 15 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. "Neftchi" esa 27 ochko jamg‘argan holda, yakka peshqadamlikni qo‘lga olgan.
Shuningdek, Qosimov jamoasi chempionat doirasida 5 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda. Jamoa so‘nggi bor safarda "Paxtakor"ga 3:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Bundan keyin esa "Andijon"ni, "Buxoro"ni hamda "Lokomotiv"ni yutdi. "Dinamo" va Surxon bilan esa durang o‘ynadi.
Islombek Ismoilov jamoasi esa so‘nggi bor o‘z maydonida Kamoliddin Tojievning "Paxtakor"iga imkoniyatni boy bergan (1:0). Undan so‘ng "Bunyodkor", "Nasaf", "Xorazm" va "Qo‘qon-1912" jamoalari ustidan ketma-ket 4 g‘alabani tantana qildi.

Fikrlar