Superligada 15-turning eng zo‘rlari kimlar?

  • 7 avgust, 2023, 13:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

4-6 avgust kunlarida Superliganing 15-tur bahslari o‘tkazildi. Kutilganidek, o‘yinlarning shiddati hamda murosasizligi barchaga yoqib tushyapti.

Muxlis va mutaxassislar tomonidan har bir o‘yin alohida e’tirofga sazovor bo‘layotgani ham e’tiborga molik. Har bir uchrashuvning o‘z qahramoni bo‘ladi va ana shu yakunda eng yaxshi futbolchiga aylanadi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.

“Andijon” – “Surxon” – 0:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Artyom Potapov

“Bobur Arena”da yana o‘zgacha muhit hukm surdi. Bunday yuqori atmosferaga faqat gol etishmadi. Bunga darvozabonlar va ayniqsa, “Surxon”ning rossiyalik posboni Artyom Potapov sababchi. Boisi, legioner posbon jamoa sardori sifatida o‘yinni juda yaxshi o‘tkazdi va qator vaziyatlardan “Surxon”ni gollardan qutqarib qoldi. Uning ishonchli o‘yini maydonda bir kishi kam bo‘lib qolgan jamoadoshlariga ruhiy dalda bag‘ishlab turdi.

potapov

“Metallurg” – “Navbahor” – 1:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Zabihillo O‘rinboev

Chempionlik uchun kurashayotgan “Navbahor” bu turda qimmatli ikki ochkoni yo‘qotdi. G‘alabaga juda yaqin kelgan namanganliklar qo‘shimcha daqiqalarning oxirida g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordilar. Aniqrog‘i, “Metallurg” sardori va etakchisi Zabihillo O‘rinboev “Navbahor”ni g‘alabadan mahrum qildi. Butun uchrashuvni faol o‘tkazgan hujumchi oxirida gol urib mezbonlarning qahramoniga aylandi. Natijada O‘rinboev chempionatdagi 4-goli muallifiga aylandi. Qizig‘i, Zabihillo gol urgan uchrashuvlarda bekobodliklar yutqazmayapti.

“Turon” – “Nasaf” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Shohmalik Komilov

Turning kutilmagan natijasi Yaypanda kuzatildi. Tarkibini yoshartirib yuborgan “Turon” jamoasi chempionlik uchun kurashayotgan “Nasaf”ni qabul qildi va Humoyun Murtazoevning yagona goli evaziga qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida yarim himoyachi Shohmalik Komilov qayd etildi. “Nasaf”dan ijaraga olingan yarim himoyachi sobiq klubiga qarshi o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish qildi va haqli tarzda bellashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Komilov “Turon”ning o‘yinida katta hajmdagi ishni bajardi. Qizig‘i, o‘tgan turda “Buxoro”ga qarshi uchrashuvda ham Shohmalik o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylangandi. Bu safar ham Komilov yana eng zo‘ri deb topildi.

shox

“Paxtakor” – “Neftchi” – 0:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Umar Adhamzoda

“O‘zbek klassiko”sida “Neftchi” Toshkentda “Paxtakor”ni 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib qaytganidan xabardorsiz. O‘tgan turda farg‘onaliklarning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Umar Adhamzoda bu safar ham yana eng zo‘ri sifatida qayd etildi. Ha, chindan ham iqtidor egasi allaqachon “Neftchi”ning muhim figuralaridan biriga aylanib ulgurgan. “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda u yana bir bor o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatdi hamda chempion jamoaga jiddiy muammolar tug‘dirdi.

“Buxoro” – “Qizilqum” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Dilshod Jo‘raev

Nihoyat, “Buxoro” klubi g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. O‘z uyida “Qizilqum”ni qabul qilgan buxoroliklar Dilshod Jo‘raevning birinchi bo‘limda urgan yagona goli evaziga muhim uch ochkoni naqd qildilar. Tabiiyki, yakunda Jo‘raev bellashuvning eng yaxshi futbolchisiga ham aylandi. Shundoq ham Dilshod so‘nggi paytlarda “Buxoro”ning etakchisi sifatida ajralib turgandi.

jo‘raev dilshod

“Bunyodkor” – OKMK – 1:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Siyavush Haqnazari

Toshkent derbisida “Bunyodkor” mag‘lubiyatdan arang qutulib qoldi. OKMK esa tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordi. Olmaliqliklarning golida eronlik Siyavush Haqnazari asosiy ishni bajardi. Raqibning xatosidan keyin u jarima maydoni ichiga yorib kirib chiroyli gol muallifiga aylandi. Goldan tashqari ham bu legioner o‘zining foydali ish koeffitsienti orqali ajralib turdi.

“Olimpik” – “So‘g‘diyona” – 3:3. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi – Javohir Qahramonov.

“So‘g‘diyona”ning o‘tgan turda safarda “Bunyodkor”ga qarshi (0:2) g‘alabali o‘yinida bitta gol urgan va bitta assist qayd etgan Javohir Qahramonov eng yaxshi futbolchiga aylangandi. Bu safar ham u yana bir bor uchrashuvning eng zo‘riga aylandi. “Olimpik”ga qarshi 3:3 hisobidagi jangovar uchrashuvda Qahramonov penalti orqali gollar shousini boshlab berdi. Jizzaxliklar uchun Qahramonovni jamoada saqlab qolingani qanchalik foydali bo‘layotganini ko‘rib turibsiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!