Superligada turning eng yaxshilari kimlar?

  • 28 may, 2024, 22:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Superliganing 9-turi ham poyoniga etdi. Odatga ko‘ra, ushbu turdagi 7 ta o‘yinda o‘zini ko‘rsatgan hamda eng yaxshi futbolchi bo‘lganlarga alohida to‘xtalib o‘tamiz.

“Metallurg” – “Navbahor” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Yovan Jokich

Serbiyalik legioner Jokich “Navbahor”ning muhim figuralaridan biri, bunga shubha yo‘q. Olmaliqda “Metallurg” bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham Yovan raqiblariga katta muammolar tug‘dirdi. O‘yinni to‘liq o‘tkazdi va o‘z pozitsiyasida hukmronligini namoyish qildi. Raqib hujumini buzishda hamda jamoasining hujumlarini boshlashda, shuningdek, sheriklariga birinchi pasni uzatishda Jokichga qoyil qolsa bo‘ladi.

“Olimpik” – “Andijon” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Ibrohim Ibragimov

Toshkentda o‘tgan “Olimpik” – “Andijon” qarama-qarshiligida darvozalar daxlsiz qoldi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zosi, “Olimpik” sharafini himoya qilayotgan Ibrohim Ibragimov bellashuvning eng yaxshi o‘yinchisi nomiga loyiq ko‘rildi. Iqtidorli yarim himoyachi o‘z iste’dodini namoyish etgan holda muxlis va mutaxassislarda yaxshi taassurot qoldirdi.

“Paxtakor” – “Qizilqum” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Diyor Xolmatov

Akmal Xolmatovning o‘g‘li Diyor Xolmatov “Paxtakor”da o‘z o‘rnini topib bormoqda. “Qizilqum” bilan uchrashuvda kichik Xolmatov yaxshi taassurot qoldirdi. Faqat jamoasi g‘alaba qozona olmadi. Bunga ikkinchi bo‘limda bir futbolchi kam bo‘lib qolgani ham sabab, albatta. Shunga qaramay, Diyor Xolmatov uchrashuvning eng zo‘ri bo‘ldi.

“Nasaf” – “Dinamo” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Abduvohid Ne’matov

Qarshidagi uchrashuvda “Nasaf” darvozaboni Abduvohid Ne’matov alohida e’tirofga munosib. U jamoasini muqarrar gollardan saqladi. Aslida uning jamoasida g‘alaba uchun imkoniyat ko‘proq edi. Ammo “Dinamo” “Nasaf”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Qolaversa, bahs boshlarida mezbonlar maydonda bir futbolchi kam bo‘lib qolishdi. Shu bois qarshiliklarga yanada og‘ir bo‘ldi. Ne’matov esa darvozabon yarim jamoa iborasini amalda isbotladi.

“Neftchi” – OKMK – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Jasur Jaloliddinov

Farg‘onada bo‘lib o‘tgan ushbu bahsda hammasini yagona gol hal qildi. “Neftchi” futbolchisi Jasur Jaloliddinov jarima zarbasidan qoyilmaqom gol urdi. Bu xuddi Mirjalol Qosimovning futbolchilik paytidagi standartdan uradigan gollariga o‘xshab ketdi. Shu kuni OKMK o‘yinchilariga Jasurni to‘xtatib qolish qiyinchilik tug‘dirgani rost. Garchi u penaltidan gol ura olmagan bo‘lsa-da, aybini jarimadan kiritgan goli bilan yuvib ketdi.

“So‘g‘diyona” – “Bunyodkor” – 4:0. Eng yaxshi futbolchi: Lyupcho Doriev

Makedoniyalik legioner Lyupcho Doriev “So‘g‘diyona”ning chinakam topilma futbolchilaridan biriga aylandi. “Bunyodkor”ga qarshi bahsda u xet-trikka erishdi va barchaning olqishlariga sazovor bo‘ldi. Doriev endilikda 8 ta gol bilan Superligada Tabatadze bilan to‘purar bo‘lib turibdi. Lyupchoga qiziqish ortib ketdi.

“Lokomotiv” – “Surxon” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Sanjar Tursunov

Muvaffaqiyatsiz o‘yinlar o‘tkazayotgan “Lokomotiv” bu turda ham g‘alaba qozona olmadi. O‘z uyida “Surxon” bilan bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar faqat mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar. “Lokomotiv” sardori, etakchisi va faxriysi Sanjar Tursunov jamoani maydonda boshqaryapti. U “Surxon”ga qarshi o‘yinda ham jamoadoshlariga o‘rnak bo‘ldi. Har bir hujumda o‘zi ishtirok etdi. Raqibga jiddiy muammolar tug‘dirdi. Lekin uning bir o‘ziga oson emas. Agar “Loko”da Tursunovga o‘xshagan yana 2-3 ta futbolchi bo‘lganida jamoa hozir yuqori pog‘onalardan birini egallab turgan bo‘lardi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!