
Temurxo‘ja Abduholiqov: "Lokomotiv"ni yarim yo‘lda tashlab ketsam, nomardlik bo‘ladi!
“Lokomotiv”ning boshida qora bulutlar suzmoqda, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Ayniqsa, oxirgi ikkita o‘yindagi o‘ta yirik hisoblarda mag‘lubiyatga uchragani “Loko”dek klubga sira yarashmaydi.
Ayni paytda jamoa sardori sifatida to‘p surayotgan Temurxo‘ja Abduholiqov esa klubning bunday holatga tushib qolishiga nima sabab bo‘lgani, murabbiy o‘zgarishi, “Loko”dagi taqdiri va yana boshqa masalalar bo‘yicha sports.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.
- Temurxo‘ja, “Lokomotiv” nima uchun muvaffaqiyatsizlik girdobiga tushib qoldi?
- Hozir o‘zimizda ham kayfiyat yaxshi emas. Hech kim bunday bo‘lishini o‘ylamagandi. Lekin bu kabi omadsizliklar har bir jamoada uchrab turadi. “Chelsi”, “Real”, “Barselona” singari top-klublarda ham shunga o‘xshash vaziyatlar bo‘lgan. Biz esa qo‘lni tushirmasdan ishlashda, mehnat qilishda davom etishimiz kerak. Xudo xohlasa, chuqurlikdan chiqib ketamiz deb umid qilaman. Har uchrashuvdan oldin jamoamizda mikrojarohatlar yoki kichkinagina bo‘lsa ham fors-major holatlari bo‘lib turibdi. Shular ham ta’sirini ko‘rsatyapti. Qaysidir o‘yindan avval ikkita asosiy futbolchimiz jarohat olib maydonga tusha olishmadi. Oqibatda butun ko‘rilgan tayyorgarlik va rejalarimiz barbod bo‘ldi. Negadir har uchrashuvda jamoamizga qarshi holatlar uchramoqda. Nima ham derdik, bu yil “Lokomotiv” uchun omadsiz bo‘lib qoldi.
- Yaqinda Andrey Fyodorov bosh murabbiylikdan iste’foga chiqarildi. Sizningcha, uni ertaroq bo‘shatish kerakmidi yoki aksincha, imkoniyat berish zarurmidi?
- Bu haqida fikr aytishim qiyin. Rahbariyatning o‘rnida hech qachon bo‘lib ko‘rmaganman. Masalan, kimdir futbolchining o‘rnida bo‘lib, fikr bildirsa yoqmaydi. Yoki siz jurnalistsiz va sizning sohangiz bo‘yicha fikr bildirsam yoqmasligi mumkin. Chunki o‘zingiz ishingizning past-balandini yaxshi bilasiz. Shu sababli rahbariyatning o‘rnida nimadir deya olmayman. Futbol o‘ynash boshqa, jamoani boshqarish boshqa. Lekin bitta narsani aytmoqchiman, o‘sha murabbiy bizni deb ketib qolganiga shaxsan o‘zimni aybdordek his qilyapman. Yutqazsak u qaysi murabbiy bo‘lsin, iste’foga chiqarilishi mumkin, ammo hech qachon butun jamoani ishdan bo‘shatishmaydi. To‘g‘ri, kimdir meni zaxiraga o‘tkazib qo‘ygani uchun uning ketgani yaxshi bo‘ldi, degan fikrlarni bildirishi mumkin. Lekin bunday munosabat bildirish noto‘g‘ri. Maydonda murabbiy burilishi yasashi qiyin, har xolda o‘yin paytida futbolchilarni boshqarish oson kechmaydi. Murabbiy bizni deb ishdan ketganiga vijdonimiz qiynaladi.
- Mavsum boshida va yarmida “Loko”ni bir qator etakchi o‘yinchilar tark etishdi. Aynan ularning fonida sizni ham klubdan ketishingiz haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi...
- Yashirmayman, hozirgi paytda menga Superliga klublaridan yaxshigina takliflar bor. Agar shu paytda “Lokomotiv”dan ketib qolsam bu odamgarchilik tomonidan ham to‘g‘ri kelmaydi. Ha, balki moliyaviy tomondan yaxshi sharoitga ega bo‘larman va munosib darajada shakllangan klubga ketarman. Ammo boya aytganimdek, shunday yo‘l tutsam, insongarchilik yuzasidan ham to‘g‘ri ish qilmagan bo‘laman. Eng osoni klubini qiyin vaziyatda tashlab ketish. Yakuni nima bo‘lishidan qat’i nazar boshlagan ishimizni oxirigacha etkazib qo‘yishimiz kerak.
- “Lokomotiv”ning o‘yinlarini ko‘rar ekanmiz, jamoada g‘olibona xarakter yo‘q. Bundan tashqari, futbolchilarda xohishning kamligi ham ko‘rinib qolyapti. Bunga nima deya olasiz?
- Yanglishmasam, “Lokomotiv” ancha yillardan beri sovrindorlar qatoridan pastga tushmadi. Shuni unutmasligimiz kerakki, hamma jamoada ham pasayishlar bo‘ladi. Evropaning grand jamoalari ham o‘z vaqtida pastki o‘rinlarda yurishgan. “Barselona” singari top-klubda ham pasayish bo‘lgan paytda “Lokomotiv”da bo‘lmaydimi? O‘z mehnatimiz bilan yana oldingi mavqeimizga qaytishimiz mumkin.
- Aytmoqchisizki, jamoada ishtiyoq bor, shundaymi?
- To‘g‘ri, oxirgi o‘yinlardan keyin ishtiyoq va o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qolib qolgan bo‘ladi. Lekin endi birinchi davradan keyin hammasini o‘ylab, tahlil qilishga biroz vaqt bo‘ladi.
- “Paxtakor” va “Nasaf”ga qarshi uchrashuvlardan keyin jamoa ustozi Dilshod Nuraliev tarkibning 70-80 foizini almashtirish kerak, degan fikrni bildirdi. Bunga munosabatingiz qanday?
- 70-80 foiz? Hammaning o‘z fikri bor. Ertaga boshqa murabbiy kelib shu futbolchilar bilan g‘alabalarga erishishi ham mumkin, hammasi natijaga bog‘liq. Agar biz birinchi o‘rinda ketayotganimizda bular O‘zbekistonning eng yaxshi o‘yinchilari deyishardi. Ammo yutqazyapmizmi, demak hammani almashtirib yuborish kerak, ko‘ryapsizmi, barchasi natija bilan bog‘liq. Menimcha, tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qilishga vaqt kam. Dilshod aka Nuraliev ikkinchi davrada shu tarkib bilan natija ko‘rsata olsa, nima deydi bilasizmi? Futbolchilarim bilan faxrlanaman, muhimi natija ko‘rsatyapmiz deydi. Hammasi natijaga qarab o‘zgaradi. To‘g‘ri, biz o‘zimizni oqlamoqchi emasmiz. Maydonda murabbiyning bergan ko‘rsatmalarini bajara olmadik. Axir shuncha gol o‘tkazib yubordik va murabbiyni ham to‘g‘ri tushunib turibman. Lekin ertaga g‘alabalar boshlanadigan bo‘lsa, fikrlari o‘zgaradi.
- “Lokomotiv”ni qutqarish uchun qanday murabbiy kerak, deb o‘ylaysiz?
- Natija qiladigan murabbiy kerak. Balki Dilshod aka Nuralievning o‘zi ishlasin yoki boshqasi kelsin, muhimi natija ko‘rsatsak bo‘ldi. Eng asosiysi, o‘yinchilarni ruhlantiradigan, g‘olibona ruhni singdiradigan va o‘ziga bo‘lgan ishonchni qayta oladigan murabbiy kerak, bizga.
- Odatda sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan “Lokomotiv”ni ko‘rardik. Ammo bu yil vaziyat o‘zgardi va endi ikkinchi davrada qanday maqsad uchun kurashasizlar?
- Birinchi navbatda chuqurlikdan chiqib, tezroq g‘alabalar qozonishni boshlashimiz kerak. Etakchilar ketgani va pandemiya bizning zararimizga ishlayapti. Ammo pandemiya qaysidir klublarning foydasiga ham ishladi. Hammaga har xil ta’sir qildi. Barcha bir xil vaziyatda deyishdi, ammo bunday emas. Jamoalarning muammolari turlicha. Masalan, “Andijon”da moliyaviy muammo bor, boshqasida esa yana boshqa muammo. Lekin har doim ham chempion bo‘lavermaysiz. Hammasi yaxshi bo‘lishini Xudodan so‘raymiz.
- Garchi “Loko” muvaffaqiyatsizlikka tushib qolgan bo‘lsa-da, o‘yinlaringiz milliy terma jamoamiz murabbiylarining e’tiboridan chetda qolmadi va sizni navbatdagi yig‘inga chaqirishdi...
- Hozircha milliy terma jamoaning kengaytirilgan tarkibi e’lon qilindi, shekilli. Balki o‘yinlarim murabbiylarga to‘g‘ri kelar. Lekin asosiysi, rasmiy o‘yinlarda bilinadi. Katta uchrashuvlarda kim o‘zini ko‘rsatsa, o‘shalar o‘ynashadi. Siz O‘zbekiston chempionatida eng yaxshi o‘yinchidirsiz, to‘purardirsiz yoki chempiondirsiz, ammo milliy termada eng muhim pallada hech narsa qila olmasangiz bari befoyda deb o‘ylayman. Hozirgacha terma jamoamizning hal qiluvchi o‘yinlarida hech kim olib chiqib ketmadi. Agar shunday bo‘lganida biz jahon chempionatiga chiqqan bo‘lardik.
- “Lokomotiv”ning hozirgi holatidan xavotirga tushgan muxlislariga nima degan bo‘lardingiz?
- Eng katta muxlislarimiz – o‘zimizning yaqinlarimiz. Ular biz haqimizda qayg‘urishyapti va rahmat aytaman. Jamoamizning oz bo‘lsa ham ishqibozlari bor, yo‘q emas. Ularning qo‘llab-quvvatlashi bizga yordam beradi. Ruhan tushkunlikka tushib qolgan futbolchiga yanada tanqidlar qilib, salbiy fikrlar bildirsa, yomonlashib boraveradi va uning o‘rnidan turishi qiyin bo‘ladi. Shu bois qo‘llab-quvvatlasa oyoqqa turishi ham tezlashadi.
Fikrlar