
"Tiklanish uchun ancha vaqt yo‘qotdim", "Surxon"da 1-2 ta odamlarning gapiga ishonib qoldim" yoxud og‘ir jarohatdan keyin Suhrob Berdiev nimani ko‘zlayapti?
Tajribali futbolchi Suhrob Berdiev og‘ir jarohatdan keyin yana maydonga qaytganini bilasiz. Qo‘qondagi faoliyatidan so‘ng u bu yilgi mavsumni pro ligada “Yangier” safida boshlashga qaror qildi. Hozirda jamoasining asosiy etakchisi sanaladi. Sports.uz muxbiri esa Berdievga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Suhrob, bir qator jamoalarda to‘p surdingiz. Ularning orasida “Qo‘qon-1912”dagi faoliyatingiz qanday ahamiyat kasb etadi?
- Eng yaxshi taassurotlarim Qo‘qonda desam ham bo‘ladi. Ungacha “Sho‘rtan”, “Olmaliq”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” kabi klublarda o‘ynadim va u erlardagi faoliyatim ham yaxshi chiqqan. Lekin “Qo‘qon-1912”da 4-5 yil to‘p surgan bo‘lsam, faqat ajoyib xotiralar saqlanib qolgan. Jamoa bir oila edi, ichki muhit ham zo‘r bo‘lgan. Yaxlit bir jamoa sifatida shakllanganmiz. Muxlislariga ham yaxshi ta’rif beraman.
- Jarohatgacha klubda etakchilardan biri edingiz. Ayting-chi, o‘sha jarohat sizni ruhiy tarafdan “sindirdi”mi?
- To‘g‘ri, ruhiy tomonlama qattiq bo‘ldi. O‘ynab yurgan o‘yinchini kutilmaganda jiddiy jarohat olib yotib qolishi bu eng yomoni ekan. Sportchilarni dushmani jarohat deb bejizga aytishmaydi. Rostdan o‘sha paytda tushkunlikka tushib qolgandim. Xudoga shukr, keyin hammasi joyiga tushib ketdi. Shunaqa bo‘lishi kerak ekan-da, hammasi Xudodan. Asta-sekin joyiga qaytyapti. Faqat vaqt yo‘qotdim. Bu futbolchilar uchun muhim. Tiklanish jarayoniga ko‘proq vaqt ketib qoldi. Jarohatdan keyingi qayta tiklanish bo‘yicha bizda kamchiliklar bor-da. Shuning uchun oyoqqa turish uchun ko‘proq vaqt ketib qoldi. Hozir ancha yaxshiman. Faqat vaqtni qaytarib bo‘lmaydi. Tiklanish uchun ancha vaqt yo‘qotildi.
- To‘g‘ri, ancha vaqt ketdi. Shunday bo‘lsa-da, sizni yana Superligada ko‘ramiz deb o‘ylagandik. Kutilmaganda pro ligada paydo bo‘ldingiz. Yoki Superligada raqobatga hali tayyor emasman deb o‘yladingizmi?
- Jarohatdan keyin Superligada ko‘plab uchrashuvlarda o‘ynay olmadim. Balki shuning uchun Superligadagi murabbiylar menga ishonch bildirishmagandir yoki jarohatdan so‘ng to‘liq tuzalmadi, deb o‘ylashgandir. Birinchi bo‘lib pro ligada mavsumni “Andijon”da boshlamoqchi bo‘ldim. Keyin bir-ikkita odamlarga ishonib qolib, “Surxon”ning taklifini qabul qilib, u erga borgandim. Ispaniyalik murabbiylar o‘zgardi. Mana, hozirda pro ligadaman. Maqsadim oldingi sport formamga qaytmoqchiman. O‘tgan yili jarohatdan so‘ng o‘yin amaliyotisiz qolib ketganim ham sabab bo‘ldi.
- Yodimizda, qishki yig‘in paytida “Andijon”da shug‘ullandingiz. Keyin “Surxon”ga bordingiz va so‘ng “Buxoro”ga. Yakunda “Yangier”dan qo‘nim topdingiz. Klub tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygandim deb o‘ylamayapsizmi?
- Shunaqa desa ham bo‘ladi. Chunki Hamma gap o‘zimda qolgandi. Bir-ikkita odamlarga ishongandim, ular ham vaziyatni tushuntirishgandi, balki qaror qabul qilishda o‘zim adashgandirman. “Surxon”ga kelgan ispaniyaliklar bilan gaplashib, ularning gapiga ishonib qoldim. Hammasi Xudodan. Barchasi o‘z qarorlarim bilan bo‘ldi. Harakat qilib, yana kurashaman.
- Aynan nega “Yangier”?! Yoki oxir-oqibat oldingizda boshqa variant qolmaganligi uchunmi yo boshqa sababi bormi?
- O‘sha paytda transferlar oynasi adashmasam 26 yoki 27-sanada yopilardi va bunga 2-3 kun qolgandi. Superliga klublari deyarli o‘ziga kerakli futbolchilarni olib bo‘lgandi. Pro ligadan yana bir-ikkita variantlar bo‘ldi. Ammo “Yangier”dan bosh murabbiy Bekzod aka Qodirqulov va Ilhom aka Jumanov qo‘ng‘iroq qilib, taklif qilishdi va gaplashdik. Bu klubda Superligada o‘ynagan tanish futbolchilar ham bor edi. Abduqahhor Hojiakbarov, Qahramon Bahodirov, Siroj Meliev kabi o‘yinchilar. Yaxshi jamoa tuzilayotgandi. Tarkibdagi futbolchilar bilan bir-birimizni tushunamiz deya shu variantni tanladim. Jamoaga yordam berish va sport formamni tiklash uchun ham shu qarorga keldim. To‘g‘ri, to‘rtta uchrashuvda yutqazdik. Birinchi uchrashuvni yaxshi boshlab olgandik. O‘zimizga ishonchimiz bor. Bu erda hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Pro ligadagi o‘rnimizga mos emasmiz. Kuch-quvvatimiz va salohiyatimizni yaxshi bilamiz. Bitta uchrashuvda yutib olsak, ishlarimiz yurishib ketadi va yuqori o‘rinlarga harakat qilamiz.
- Yozgi transfer vaqtida Superligaga qaytmoqchimisiz? “Yangier” siz uchun vaqtinchalikmi?
- Rejam shunaqa va harakatim ham shunga. “Yangier”ni o‘zim uchun vaqtinchalik deb aytmagan bo‘lardim. Barcha futbolchini maqsadi Superligada o‘ynash. Meni ham maqsadim shu. Oldingi sport formamni tiklab qaytmoqchiman. To‘g‘ri, o‘z darajamga hali 70-80 foizga ham qaytganim yo‘q. Bunga boya aytganimdek, o‘tgan yili o‘yin amaliyotisiz qolib ketganim sabab.
- Superliga bilan pro liga o‘rtasidagi tafovut kattami yoki qisqardimi?
- Superliga bilan pro liga o‘rtasidagi eng katta farq stadion va maydonlarda deyishim mumkin. Superligada projektori yaxshi bo‘lmagan stadionlarga ruxsat berilmayapti. Maydonlar yaxshi. Pro ligada esa maydon bo‘yicha jiddiy farqi bor. Agar bu erdagi klublar maydonlarini yaxshilasa, Superliga bilan farqi yanada qisqaradi. O‘yin bo‘yicha gapirsam, to‘g‘ri, Superligada ko‘proq aniqlikka e’tibor jiddiy qaratiladi. Pro ligada jismoniy kuchga va tezkorlikka ko‘p narsa bog‘liq. Tez qaror qabul qilishingiz kerak. Jamoalar sizni o‘ylashingizga qarab turishmaydi.
Fikrlar