"To‘g‘risi, bunday imkoniyat doim ham bo‘lavermaydi" - "Andijon" bosh direktori Kubok final oldidan yana nimalarni aytdi?

  • 30 sentabr, 2024, 09:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubimiz ayni paytda O‘zbekiston Kubogi finali uchun munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda. Barcha e’tibor tarixiy uchrashuvga qaratilgan. 1 oktyabrdan esa final o‘yini uchun chiptalar sotuvi ham boshlanadi.

Bo‘lajak muhim o‘yin oldidan “Andijon” jamoasi bosh direktori Elbek Samatov klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Futbol muxlislarini, Andijon xalqini jamoamizni finalgacha etib borgani bilan tabriklayman. Finalga yo‘l olganimiz o‘zi bir katta bayram. Sababi, ilk bor bu ergacha etib keldik. Hal qiluvchi uchrashuvda ham g‘alaba qozonib, yangi tarixni albatta yaratishga harakat qilamiz. To‘g‘risi, bunday imkoniyat doim ham bo‘lavermaydi. Shu bois bu imkoniyatdan albatta unumli foydalanamiz. Futbolchilarga to‘liq ishonaman. “Navbahor”ni chempionatda yutdik. 4 karra Kubok sohibi bo‘lgan “Nasaf”ni musobaqadan chiqarib yubordik. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q.

Kubok finali bitta o‘yindan iborat va bunda favorit yo‘q. Jamoalarning imkoniyati teng. Jamoamizga to‘liq ishonaman. Boshqa klublardan kam joyimiz yo‘q. Hozirgi paytda hamma futbol o‘ynashni yaxshi biladi. Jamoamizning kayfiyati a’lo darajada. Biz finaldamiz va hech qanday bosim yo‘q. O‘zimiz va muxlislar uchun o‘ynaymiz.

Bundan tashqari, eng yaxshi muxlislar bizda. Ular 12-o‘yinchimiz. Shu bois finalda g‘alaba qozonishimizga albatta ishonaman.

Hozirgi paytda chipta sotuvi bo‘yicha tinimsiz savollar bo‘lyapti. Bu borada rasmiy ma’lumotlar klubimiz matbuot xizmati tomonidan berib borilyapti. 1 oktyabrdan “Andijon”ga ajratilgan 11 ta sektor uchun 6500 ta chiptalar Andijonda sotilishni boshlaydi. “Bobur arena” stadionimizning rasmiy kassalarida sotiladi. Shuni alohida aytishim kerakki, chiptalarni umuman klubga daxli yo‘q. Barchasi PFL tomonidan nazorat qilinyapti. Chiptalarni ham ularning mutaxassislari kelib bevosita o‘zlari sotuvda qatnashadilar”, - deydi Samatov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Сохипов Хусанбой
30/09/2024 11:07
Курамиз, ким ютишини, кучлиси халол ютса булди, чиройли финалга хос, водий дербисига хос уйин булсин.