
Tokio gubernatori 2021 yilda Olimpiadani o‘tkazishga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi deb hisoblamoqda
2021 yilda bo‘lib o‘tadigan Tokio Olimpiya o‘yinlarining bekor qilinishiga birorta sabab yo‘q. Tokio gubernatori Yuriko Koike ana shu fikrni bildirdi.
Yuriko Koikening so‘zlariga ko‘ra Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi va unda orttiriladigan tajriba Pekin-2022 qishki va Parij-2024 yozgi Olimpiadalarining tashkil etilishida qo‘l keladi.
“Tokio-2020” Tashkiliy qo‘mitasi va Yaponiya hukumati ushbu musobaqalar o‘tkazilishini bundan buyon boshqa muddatga ko‘chirishni istisno etmoqdalar. Yuriko Koike O‘yinlarni o‘tkazishni bekor qilish uchun hech bir tasodifiy hol yo‘qligi to‘g‘risida bayonot berdi. “Jahon ahli Tokiodagi Olimpiadani insoniyat koronavirusni engishining ramzi sifatida ko‘rmoqda. Agar Tokio koronavirusga qarshi hamma choralarni ko‘rmasa, to‘rt yildan keyin Parijda nima bo‘ladi? O‘ylashimcha, biz Tokioda Olimpiadani muvaffaqiyatli o‘tkazishimiz kerak. Bu Parijdagi bo‘lajak O‘yinlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi gubernator.
Tokio Olimpiadasi 2020 yil 24 iyul – 9 avgust kunlari o‘tkazilishi kerak edi. Koronavirus pandemiyasi sababli bu musobaqa bir yil keyinga ko‘chirildi va 2021 yil 23 iyuldan 8 avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. Bunda O‘yinlarning “Tokio-2020” rasmiy nomi saqlanib qoladi.
Fikrlar