O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida 12-kungi bahslardan so‘ng medallar jadvalidagi o‘rnini bilib oldi
O‘zbekiston terma jamoasi Aichi va Nagoya shaharlarida (Yaponiya) o‘tayotgan yozgi Osiyo o‘yinlarining umumiy medallar hisobida to‘rtinchi pog‘onadan joy olgani haqida Sports.uz xabar beradi.
Musobaqaning 12-kuni yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar jami 56 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shulardan 16 tasi — oltin, 21 tasi — kumush, 19 tasi — bronza medallardir.
1 oktyabr kuni yunon-rum kurashi bo‘yicha bellashuvlarda Alisher G‘aniev kumush medalga sazovor bo‘ldi. U 60 kilogramm vazn toifasidagi final bahsida Qirg‘iziston vakili Jolaman Sharshenbekovga qarshi kurash olib bordi va 5:7 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Kun doirasida yana bir kumush medalni dzyudo bo‘yicha terma jamoa a’zosi Shahram Ahadov qo‘lga kiritdi. U 73 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi hal qiluvchi bahsda BAA sportchisiga imkoniyatni boy berdi va musobaqani ikkinchi o‘rin bilan yakunladi.
Umumiy medallar jadvalida O‘zbekistondan yuqori pog‘onalarni Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya egallab turibdi. Ularning hisobida mos ravishda 154, 59 va 30 ta oltin medal bor.
O‘zbekiston terma jamoasining eng yaqin ta’qibchisi — 12 ta oltin, 17 ta kumush va 13 ta bronza medaliga ega bo‘lgan Eron bo‘lib, beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

Fikrlar