"Torpedo"dan taklif? Bu haqiqat emas" - Aleksandr Kerjakov! yoxud Erkinovning transferini uddalaganlar ketdi, endi futbolchimizning taqdiri nima kechadi?
Hamyurtimiz Hojimat Erkinov to‘p surayotgan “Torpedo” klubida jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotgani xususida saytimiz orqali siz o‘quvchilarga qaynoq ma’lumotlarni etkazib turibmiz.
Bosh murabbiy Aleksandr Borodyuk salbiy natijalar tufayli iste’foga chiqarildi. Lekin shu bilan hammasi tugamadi. Shuningdek, klub prezidenti Denis Maslov va sport direktori Maksim Lyapin ham klubdan ketdi. Jamoaning yangi prezidenti sifatida Ilya Gerkus tanishtirildi.
“Torpedo”ning yangi bosh murabbiyi sifatida bunga qadar “Torpedo-2” klubiga ustozlik qilib kelayotgan Nikolay Kovardaev tayinlandi.

Xabaringiz bor, klub bosh murabbiyligi uchun bir qator mutaxassislarning nomzodi borligi aytilgandi va ularning orasida Aleksandr Kerjakov nomi ham tilga olinayotgandi. Lekin yakunda bu xabar tasdig‘ini topmadi. Aslida ham Kerjakovga “Torpedo” rostdan qiziqish bildirganmidi?
Bilasiz, ushbu mutaxassis kuni kecha Sports.uz sayti uchun eksklyuziv intervyu bergan bo‘lib, o‘shanda hozircha aniq takliflar yo‘qligi haqida gapirgandi. Lekin “Torpedo” bilan bog‘liq gap-so‘zlar tufayli unga yana bir bor aloqaga chiqishimizga to‘g‘ri keldi.
“Torpedo” klubiga taklif? Yo‘q, bu haqiqat emas. Menga hech kim taklif bilan chiqmadi”, - deya Aleksandr Anatolevich Sports.uz muxbirining savoliga javob qaytardi.

Kerjakov bundan avval saytimizga bergan intervyusida “Torpedo”dagi legionerimiz Hojimat Erkinov to‘g‘risida ham to‘xtalib u haqida shunday degandi:
“Hozircha uning o‘yinini ko‘rganimcha yo‘q. Lekin tez orada Erkinovning maydonda qanday ishlarga qodirligini ko‘rmoqchiman. Aytishlariga qaraganda, u jamoadagi ilk kunidan boshlab o‘zidan yomon taassurot qoldirmagan. Uni albatta maydonda qanday to‘p surishini ko‘rmoqchiman”, - deya javob qaytargandi, Aleksandr Anatolevich.
Shunday qilib, Kerjakov mavzusi yopildi. Unga “Torpedo”dan hech qanaqa taklif bo‘lmagan. Ammo rahbariyat almashmaganida balki buning ehtimoli paydo bo‘lishi mumkin edi. Boisi, Maslov hamda Lyapinning ushbu murabbiy bilan munosabati chakki emasdi.
Endi bizni qiziqtirayotgani Hojimat Erkinov taqdiri nima bo‘ladi? Albatta, o‘rtada shartnoma bor va u yangi klubidagi faoliyatini davom ettiradi. Bilasiz, Erkinovni jamoaga olib o‘tishda oldingi rahbariyat jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lib, Denis Maslov bilan Maksim Lyapin shaxsan Toshkentga borib, Hojimat transferini hal qilib ketishgandi. O‘z navbatida Lyapin “Torpedo” sport direktori sifatida Sports.uz saytiga bergan intervyusida hamyurtimizning transferini gapirib, unga yuqori baho bergandi. Futbolchimiz Aleksandr Borodyuk qo‘li ostida 4 ta uchrashuvda maydonga tushdi. “Torpedo” esa 5 ta o‘yinda 1 ochko bilan musobaqa jadvalida 15-o‘rinda. Klubni oldinda 21 avgust kuni safarda kimsan “Zenit”ga qarshi murakkab uchrashuv kutmoqda. Ha, bu yil kuchlilar orasiga qaytgan "oq-qoralar" uchun mavqeini tiklash mashaqqatli bo‘lishi shubhasiz.

Yangi bosh murabbiy Kovardaev yangi lavozimda ishini boshlab yubordi. Endilikda uning Erkinovga qanday munosabatda bo‘lishi va qanchalik ishonch bildirishi biz uchun muhim. Yaqinda klub matbuot xizmati tomonidan jamoa a’zolari o‘rtasida eng tezkor o‘yinchi kim deya so‘rov o‘tkazilganida eng ko‘p ovozni Erkinov to‘plagandi. Hojimat hozircha “Torpedo”ga moslashish jarayonida. Ammo jamoadoshlari bilan juda yaxshi munosabat o‘rnata oldi. Endi yangi murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirish uchun yanada ko‘proq ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi.
Darvoqe, klubning yangi murabbiylar shtabi qanday ko‘rinishda? Bosh murabbiy Kovardaevga Andrey Gordeev yaqindan yordamlashadi. Anatoliy Rojkov darvozabonlar murabbiyi sifatida ish boshlagan. Ular klub natijalarini qanchalik ijobiy tarafga o‘zgartirishlarini vaqt ko‘rsatadi. Biz uchun muhimi Hojimat Erkinovning o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi hamda jamoada o‘z o‘rnini topishidir.
Fikrlar