
Toshkent derbisi oldidan raqamlar
Superliga 25-turida "Paxtakor" Toshkent derbisida "Lokomotiv" bilan bahs olib boradi.
Bellashuvni "Paxtakor"dan Hojiakbar Alijonov sariq kartochkalar bilan bog‘liq diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradi. Jaloliddin Masharipov esa qizil kartochkadan olingan diskvalifikatsiyani o‘tab bo‘ldi va maydonga tushishi mumkin. "Lokomotiv"da bunday yo‘qotish mavjud emas.
Chempionatlar tarixida jamoalar jami 33 bor to‘qnash kelgan. Ularning 19tasida "Paxtakor" g‘alaba qozongan. 8 bellashuvda durang natija qayd etilib, 6 marta "Lokomotiv" ustun kelgan. "Temiryo‘lchilar" darvozasiga 72 gol urgan "sherlar" 31 to‘p o‘tkazib yuborgan. "Paxtakor" hisobida ikki marta 7tadan gol urilgan yirik natijalar bor. Shu yil birinchi davrada "sherlar" 7:0, 2006 yil 7:1 hisobida muvaffaqiyatga erishgan. 2005 yilgi bellashuvda esa Anvar Soliev raqib darvozasiga 5ta to‘p kiritgan! G‘alabalardan 6tasi yirik natija bilan erishilgan.
"Lokomotiv" va "Paxtakor"ning o‘zaro uchrashuvlaridagi to‘purar kimligini bilasizmi?
Safardagi o‘yinlarda ko‘rsatkichlar shunday ko‘rinish olgan: 8ta bahsda "Paxtakor" ustun kelib, 5 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan. Mehmondagi eng yirik g‘alabamiz 6:1 natijasi 2005 yil kuzatilgan.
Gollar bo‘yicha ustunlik "Paxtakor" foydasiga - 39:19. O‘tgan mavsumda mehmonda golsiz durang qayd etilgan.
"Lokomotiv" va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bugun soat 16:15da "Paxtakor" stadionida boshlanadi.
Fikrlar