
Toshkent ringlarida superjanglar. Asosiy qahramonlar – engilmas Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev!
O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri birinchi marotaba mezbonlik qilgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati hal qiluvchi pallaga kirdi.
Dunyoning 107 mamlakatidan 538 nafar bokschi qatnashgan musobaqada 13 vazn toifasida final bahslari bo‘ladi.
Finalga eng ko‘p yo‘llanma olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bo‘ldi. Musobaqada barcha vazn toifasi bo‘yicha qatnashgan bokschilarimizdan to‘qqiz nafari yarim finalga yo‘llanma olgan edi. Ulardan ikki nafari – A’loxon Abdullaev va Lazizbek Mullajonov bronza medal bilan kifoyalandi.
Qolgan etti nafar bokschimiz yarim final bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkent ringlarida jahon chempionligi uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Finalga yo‘llanma olish bo‘yicha ikkinchi natijani Qozog‘iston terma jamoasi vakillari qo‘lga kiritdi. Qozoqlar yarim finaldan yo‘qotishsiz o‘tdi va ularning besh bokschisi endi hal qiluvchi bahsda ishtirok etadi.
Chorak finalgacha eng zo‘r natija qayd etgan Kuba terma jamoasi vakillari hal qiluvchi bosqichda “to‘kilib” ketdi. Oxir-oqibat ulardan to‘rt nafar charm qo‘lqop ustasi og‘irgi bosqichgacha etib keldi.
Rossiya va Frantsiya terma jamoalari so‘nggi bosqichda ikki nafardan bokschi bilan qatnashadi. Gruziya, Mo‘g‘iliston, Braziliya, Xitoy, Ozarbayjon va Italiya terma jamoalaridan bittadan charm qo‘l qop ustasi final ishtirokchisiga aylandi.
Xalqaro boks uyushmasi qoidasiga ko‘ra, finallar ikki kun davom etadi. Birinchi kungi dasturda quyidagi bokschilar final uchrashuvini o‘tkazadi:
- 48 kg: Saxil Alaxverdovi (Gruziya) – Sanjar Tashkenbay (Qozog‘iston)
- 67 kg: Dulat Bekbauov (Qozog‘iston) – Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev (O‘zbekiston)
- 60 kg: Erislandi Alvares (Kuba) – Sufyon Umixa (Frantsiya)
- 75 kg: Vanderley Pereyra (Braziliya) – Yoenli Ernandes Martines (Kuba)
- 51 kg: Bilol Bennama (Frantsiya) – Hasanboy Do‘smatov (O‘zbekiston)
+92 kg: Arzola Lopes (Kuba) – Bahodir Jalolov (O‘zbekiston)
Final uchrashuvlari 13 may kuni Toshkent vaqti bilan 17:00 dan boshlanadi.
Jahon chempionligi uchun ringga chiqadigan bokschilarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularga omad va muvaffaqiyat tilaymiz!
Final uchrashuvlaridan eng qaynoq xabarlar va suratlarni sports.uz sayti va saytimiz ijtimoiy tarmoqlari orqali e’tiboringizga havola etamiz!
Qolgan vazn toifalari bo‘yicha final uchrashuvlari 14 may kuni bo‘lib o‘tadi.
13 may kuni final: Bokschilarimiz kimlarga qarshi jang qiladi?
Bahodir Jalolovga Amerikadan murojaat keldi!
Fikrlar