
"Turon" yana "Xorazm"ga yutqazdi. Bu safar Anvar Berdiev mag‘lubiyat haqida nima deydi?
Pro liganing 20-turida “Xorazm” o‘z maydonida “Turon”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Anvar Berdiev ishtirok etdi.
- Oldinda bu o‘yin qiyin bo‘lishini bilardik. “Xorazm” jamoasi bilan safarda o‘ynash juda og‘ir. “Xorazm”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Jamoamiz bunday maydonga ko‘nikib yaxshi o‘ynadi, birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham. “Xorazm” ikkita imkoniyat yaratdi va ikkalasidan foydalandi. Ikkala holatda ham himoyachimiz raqibga ajoyib tarzda yordam berdi.
- “Turon” maydonida “Xorazm”ning g‘alabasini tasodifga yo‘ygandingiz. Bugun “Xorazm” taktik yoki jismoniy jihatdan yutdimi?
- Bizni taktik yoki jismoniy jihatdan yutdi deb o‘ylamayman. Yaypanda bo‘lgan o‘yinda ham himoyachimiz raqibga gol urishiga “yordam” bergandi. O‘sha himoyachini o‘rniga maydonga tushirgan boshqa himoyachimiz bugun “Xorazm” hujumchisining gol urishiga “sovg‘a” qildi. Futbolchilarga e’tirozim yo‘q, hammasi borini berib o‘ynashdi. Yana qaytaraman: “Xorazm” bizni taktik yoki jismoniy taraflama yutgani yo‘q. O‘zinglar ham ko‘rdinglar ko‘proq bizda golli imkoniyatlar bo‘ldi. Futbolda sen urmasang senga urishadi.
- Humoyun Murtazoev nega ko‘rinmadi?
- Murtazoev mashg‘ulotda kutilmaganda jarohat oldi. Shuning uchun uni bu erga olib kelib o‘ynatishga hech qanaqa imkoniyatimi yo‘q edi.
Fikrlar