Uch yildan beri xorijda o‘ynagan hamyurtimiz endi o‘zimizning chempionatga qaytish niyatida

  • 21 noyabr, 2019, 21:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ma’lumki, hozirgi kunga kelib bir qator milliy chempionatlar nihoyasiga etgan holda futbolchilar qishki ta’tilga chiqishmoqda. Natijada boshqa mamlakatlarda to‘p surayotgan legionerlarimiz ham asta-sekin O‘zbekistonga qaytib kelishmoqda. Aytish mumkinki, hamyurtlarimizni turli-turli mamlakat chempionatlarida uchratish mumkin. Muhimi, ular o‘ynayotgan jamoalarida o‘zlaridan iliq taassurotlar qoldirishmoqda. Jumladan, muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan iqtidorli hujumchi Alisher Azizov joriy mavsumni Bangladesh chempionatida o‘tkazib qaytdi.

«Hammasi ko‘ngildagidek, muhimi mavsumni jarohatlarsiz o‘tkazdim»

Hamyurtimiz Bangladesh chempionatida mahalliy «Sheyx Russel» jamoasi sharafini himoya qildi. Joriy chempionatda esa Alisher Azizov o‘z klubi safida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Futbolchi bilan muloqot jarayonida avvalo undan Bangladeshdagi faoliyatidan qanchalik qoniqqanligi haqida so‘radik.

- Albatta, legioner sifatida o‘ynab ko‘nglim to‘ldi deb ayta olaman. Masalan, butun mavsum davomida barcha o‘yinlarda to‘liq o‘ynadim. Albatta, chempionat mobaynida yaxshi va yomon natijalar ham bo‘ldi. Men o‘ynagan klub uchun esa qayd etgan natijamiz yaxshi hisoblanadi. Aslida esa bizda chempion bo‘lishga ham yaxshi imkoniyatimiz bor edi. Faqat bir-ikkita uchrashuvlarda yo‘qotilgan ochkolarning hisobiga chempionlikni qo‘lga kirita olmadik. Qisqasi, ko‘ngildagidek kechdi, muhimi, mavsumni jarohatlarsiz o‘tkazdim. Shunday ekan, taassurotlarimni ijobiy baholasam ham bo‘ladi.

«Bangladeshdagi legionerlar o‘zimizdagi ayrim xorijliklardan kuchli»

Alisher hujumchi bo‘lgani sababli undan birinchi navbatda gollar kutishadi. Shu bois uning Bangladeshdagi mavsumida bir qator gollarga mualliflik qildi. Boz ustiga legioner bo‘lgani uchun ham doim ulardan ko‘p narsalarni kutadilar.

- U erda chempionat bahslarida 10 ta gol urdim. Kubok musobaqasida esa adashmasam, 6 ta gol urdim. Umumiy hisobda esa 16 ta golni o‘z hisobimga yozib qo‘ydim. Bangladesh chempionatining saviyasi yomon emas. U erda 16 ta jamoa qatnashadi. Xuddi bizdagi kabi u erda ham ikki davrali tizim bo‘yicha musobaqa davom ettiriladi. Bilasizmi, u erda asosan legionerlarning hisobiga jamoalar kuchaytiriladi. Barcha klublarda xorijdan taklif etilgan futbolchilar to‘p surishadi. Hattoki, u erda o‘ynayotgan legionerlarni o‘zimizda o‘ynayotgan ayrim xorijliklardan kuchli desam ham bo‘laveradi. Ispaniya, Braziliya va Afrikadan kelgan o‘yinchilar ko‘p. Shuningdek, ularning reglamenti bo‘yicha bitta osiyolik o‘yinchini qo‘shib olish imkoniyatiga egalar. Kimdir yapon yoki koreyalik o‘yinchilarni taklif qiladi. Bu yil esa ko‘proq Markaziy Osiyodan bo‘lgan futbolchilarga ham e’tibor qaratishdi. Shu bois Qirg‘iziston va O‘zbekistondan bir qator o‘yinchilarni chaqirishdi, - deydi Azizov.

azizov2_1

«Endi o‘zimizning chempionatda o‘ynasam kerak»

Alisher Azizovning keyingi taqdiri qanday kechadi? U bir yil davomida Bangladesh chempionatida faoliyat olib bordi. Xo‘sh, yana «Sheyx Russel»dagi faoliyatini davom ettiradimi? Yoki o‘zimizning chempionatga qaytadimi?

- Bangladeshga yana qaytamanmi? Ochig‘i, bilmadim. Nazarimda, endi u erga qaytib bormasam ham kerak. Boshqa variantlarni ko‘rib chiqmoqchiman. Rostini aytadigan bo‘lsam, yana o‘zimizning chempionatimizda to‘p surish niyatim bor. Shuningdek, yana bir asosiy maqsadim shuki, endi uylanishim kerak (kuladi). Shu bois yangi mavsumda o‘zimizning chempionatda faoliyatimni davom ettirish niyatim bor. Hammasini vaqt ko‘rsatadi, - deya munosabat bildirdi, futbolchi.

«Chempionatimiz qandaydir qiziqarsiz bo‘lib qoldi»

Ushbu o‘yinchi ham boshqa mamlakatda o‘ynagan bo‘lsa-da, baribir O‘zbekiston chempionatini kuzatib borganiga shubha yo‘q. Buni uning o‘zi ham ta’kidlab o‘tdi. Ko‘pchilik esa «Paxtakor»ning ancha vaqt ilgari chempionlikni qo‘lga kiritgani chempionatga bo‘lgan qiziqishni kamaytirgani haqida gapirishmoqda. Shu maqsadda Azizov joriy yildagi O‘zbekiston Superligasi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.  

- To‘g‘ri, men ham bu fikrga qo‘shilaman. Mavsum boshida yaxshi edi. Keyin esa chempionat go‘yoki ikkiga bo‘linib qolgandek bo‘ldi. Natijada «Paxtakor» ancha vaqt oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Kubogi sohibiga ham aylandi. Boshqa jamoalar esa nima uchun o‘ynashayotganini ham bilmay qolishdi. Chempionat qandaydir qiziqarsiz bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, hozirda ayrim klublar Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borishyapti. Pastki o‘rindagi jamoalarning o‘zlari ham kim tushib ketishi yoki qolishini bilishmaydi. Shu bois oldingidek o‘ta shiddatli va murosasiz o‘yinlar bo‘layotgani yo‘q. Ammo chempionatdagi tashkiliy masalalar, jamoalarning saviyalari borasida o‘sish kuzatilayotgani bilinib turibdi. Baribir mavsumni zo‘r o‘tdi deb bo‘lmaydi.

azizov3

«Takliflar bo‘lsa ko‘rib chiqaman»

Ko‘rinishidan Alisher Azizov yangi mavsumni o‘zimizning chempionatda o‘tkazish niyatida. Demak, u takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Balki unga qiziqishlar ham bo‘layotgandir. Bu borada o‘zi shunday dedi:

- Taklif bo‘lib qolsa, buni ko‘rib chiqishga tayyorman. «Metallurg», «Qizilqum» kabi o‘zim o‘ynagan va bilgan jamoalardan qiziqishlar bo‘lsa, yanada yaxshi bo‘lardi. Har holda o‘zim to‘p surgan klublarni yaxshiroq bilaman. Vaziyatga qarab ish ko‘ramiz-da.

«Legioner bo‘lib o‘ynashning o‘ziga yarasha gashti bor»

Ma’lumki, Alisher Azizov bir qator klublarda to‘p surdi. Shuningdek, Qirg‘iziston, Ummon va Bangladesh chempionatlarida o‘ynadi. Ya’ni, u oxirgi uch yildan beri legioner sifatida to‘p surib kelmoqda.

- Albatta, legioner sifatida to‘p surishning o‘ziga yarasha gashti bor. Bu borada sizga bo‘lgan e’tibor ham ortadi. Ayniqsa, mahalliy o‘yinchilarga qaraganda sizga ko‘proq e’tibor qaratishadi. Bu esa albatta sizga qo‘shimcha mas’uliyatni yuklaydi, - deya izoh bildirdi, hujumchi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!