Hikaru Nakamura: "Endi AQSh terma jamoasining xato qilishga haqqi yo‘q"
Olimpiadada shaxsan ishtirok etmayotgan Hikaru Nakamura oʻz YouTube kanalida 5-tur natijalari boʻyicha tahliliy video chiqardi. Asosiy mavzu — AQSh terma jamoasining Germaniyaga 1,5:2,5 hisobida magʻlub boʻlgani.
"Bu oltin medal uchun umidlarga juda katta zarba boʻldi. Bu juda ogʻir, chunki endi AQSh terma jamoasining xato qilishga haqqi yoʻq: Deyarli har bir uchrashuvda gʻalaba qozonishga toʻgʻri keladi. Keyinchalik, biz bilganimizdek, juda kuchli Hindiston va Oʻzbekiston terma jamoalari bilan uchrashuvlar boʻlishi mumkin!
Turnir oldidan jamoa ichida uchinchi taxtada kim — Hans yoki Levon oʻynashi haqida muhokama boʻlganini aniq bilaman. Levon uchinchi taxtada oʻynashi, Hans esa toʻrtinchi taxtaga tushishi kerak, degan fikrlar boʻlgan. Chunki u biroz kamroq tajribaga ega va u yerda nisbatan kuchsizroq raqiblarni yengib, ochko toʻplashi mumkin edi", - dedi amerikalik grossmeyster.
Yakunda esa Nimann uchinchi taxtadan, Aronyan esa toʻrtinchi taxtadan oʻrin oldi.
Nakamura Gukesh haqida ham toʻxtaldi.
"Koʻplab ekspertlar Gukeshni juda qattiq tanqid qilmoqda. Uning reytingi pasaymoqda, ikkinchi turdagi durangdan soʻng 2700 reytingdan tushib ketdi va koʻpchilik uni gʻoyoki umuman oʻynay olmay qoʻygandek hisoblamoqda. Reytingi pasayib borayotgan boʻlsa ham, u juda xavfli shaxmatchi. Uning jamoasi jahon chempionligi uchun boʻlajak bahsga tayyorlash ustida qattiq ishlamoqda», — dedi Hikaru.

Fikrlar