"UEFA prezidentining qo‘lidan hech narsa kelmaydi" yoxud O‘zbekiston chempionatida ishlab ketgan mutaxassis endi Ispaniya klubida!

  • 20 aprel, 2021, 22:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Gapni nimadan boshlash kerak? Yaqinda chempionatimizdan ketib Ispaniyada ish boshlagan mutaxassisdanmi yoki Evropa futbolining ikkiga bo‘linayotganidanmi? Bugungi maqolamiz esa bevosita ikkalasini bir-biriga uyg‘unlashtiradi.

Qishda “Mash’al” klubida ish boshlagan, keyinchalik bosh murabbiyga aylangan, ammo u erda uzoq qolmagan ispaniyalik Serxio Marinangeli haqida gap boradi. U Ispaniyaga qaytib ketganidan keyin uzoq vaqt ishsiz qolgani yo‘q. Qolganini o‘zidan eshiting:

- Hozirgi paytda Ispaniya uchinchi divizioni ishtirokchisi bo‘lgan “Rasing Mursiya” klubida ishlamoqdaman. Bu klub katta ehtimol bilan Segundaga yo‘llanma oladigan jamoa hisoblanadi. Klubga yaxshi sarmoya kiritiladi, ammo natijalar kutilganidek emas. Men bir do‘stim bilan birga ushbu klubdagi salbiy natijalarni yo‘qotish ustida ish olib boryapmiz. Ayni paytda ilk natijalarga ham erisha boshladik. Shuni ham ta’kidlab o‘tishim kerakki, bizning tarkibimizda sobiq “Real” futbolchisi Royston Drente ham bor, - dedi Serxio sports.uz muxbiriga.

serxio2_1

Marinangeli bilan muloqotimiz davomida undan “Mash’al” haqida ham so‘radik. Garchi u erdagi faoliyati qisqa davom etgan bo‘lsa ham ispaniyalik mutaxassisda yaxshi xotiralarni qoldirdi. Shu sababli Serxio sobiq klubining natijalarini kuzatib borayotganini ma’lum qildi.

- “Mash’al”ga juda yaqinman. Futbolchilar bilan tez-tez suhbatlashib turaman va natijalari haqida qayg‘uraman. Men ularning salohiyatiga ishonaman hamda kelgusida yaxshiroq natijalar qayd eta olishlariga umid bildiraman. Ular men bermoqchi bo‘lgan narsalarimni tushunib ulgurgan, nazarimda.

serixo

Biz Evropa futbolida, aniqrog‘i UEFAdan ajralib chiqqan 12 ta etakchi klubning alohida Evropa Superligasi tashkil etishi borasida mutaxassis fikri bilan qiziqmoqchi edik. Bu masala bo‘yicha Marinangeli biz uchun ayni muddao edi. Shuning uchun fursatdan foydalanib, undan yuqoridagi mavzu bo‘yicha o‘z munosabatini bildirishini so‘radik.

- Mening fikrimcha, futbol - bu juda katta pul aylanadigan biznes turi va ko‘p yillardan beri UEFA uni o‘z monopoliyasiga aylantirib olgandi. Har bir klub o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqiga ega. Kelajakda qay bir yo‘l to‘g‘riligini vaqt ko‘rsatib beraveradi.

Shuningdek, bunday g‘oyaning tashabbuskori sifatida “Real” va uning prezidentini ko‘rsatish mumkin. Xo‘sh, yangi Evropa Superligasiga asos solinishi Ispaniyada qanday qabul qilinyapti?

serxio5_2

- Ispaniyadagi juda ko‘p futbol federatsiyalari bu fikrni ma’qullamoqda. Pandemiya davrida futbol klublaridagi moliyaviy muammolar havas qilarli darajada emas. Klublarning ba’zi qismi bu g‘oyaga qarshi ham chiqmoqda. Juda ko‘p klublar o‘z chiqimlarini qoplay olmay qoldi, ularni tushunish mumkin, - dedi “Mash’al”ning sobiq ustozi.

Endi Evropa Chempionlar ligasining mavqei qanday bo‘ladi? 12 ta gigant klubning alohida ajralib chiqishi chempionlar ligasining nufuzini jiddiy ravishda tushirib yuboradimi? Bu borada Serxio shunday dedi:

- Chempionlar ligasi darajasidagi yana bir musobaqa unga raqobat uyushtirishi, uni qo‘rqitmasligi kerak, deb hisoblayman. Menimcha, Chempionlar ligasi doim o‘z o‘rnida qoladi. Barcha uni yutishni xohlaydi.

serxio4_3

Bundan tashqari, UEFA prezidenti ham OAV orqali keskin bayonotlar bilan chiqish qilmoqda. Yoki uning qo‘lidan endi hech narsa kelmaydimi?

- UEFA prezidenti o‘z biznesi haqida qayg‘uryapti va o‘z chempionatini tavakkal qilgisi kelmayapti. Menimcha, uning qo‘lidan hech narsa kelmaydi, - dedi biz bilan muloqotda Serxio Marinengeli.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!