
"Ular meni qanday ishlashimdan xabardor edilar" yoxud Usmon Toshev O‘FAdagi faoliyati va Afg‘oniston terma jamoasi ustoziga aylangani haqida
Yurtimizdagi tajribali mutaxassislardan biri, O‘FAda terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan Usmon Toshev yaqinda Afg‘oniston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi.
Endilikda u bor e’tiborini o‘zining yangi ish joyiga qaratgan. Toshev yana murabbiylik faoliyatiga qaytdi. Albatta, O‘FAda olib borgan samarali ishini ham ta’kidlab o‘tish darkor.
Usmon Qudratovich bir qator masalalar bo‘yicha Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Usmon Qudratovich, Afg‘oniston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishingiz qanday yuz berdi?
- Yil boshida bir nechta jamoadan taklif tushgandi. O‘shanda ushbu terma jamoadan ham taklif bo‘lgan. Lekin men o‘sha paytda Jamoliddin Rahmatullaev bosh murabbiyligidagi terma jamoa bilan jahon chempionatida edim. Ularga hozir bora olmayman, oldimizda muhim o‘yinlarimiz borligi haqida aytgandim. Rahbariyat bilan telefonlashib o‘zlaring gaplashib olinglar, agar ruxsat bersalar kelaman degandim. Lekin bizni rahbariyat ruxsat bermadi. Chunki ishlarimiz ko‘p. Boz ustiga hamma ishni o‘zim boshlaganman. Loyihamiz bo‘yicha mehnat qilayotgandik. Shuning uchun ularni taklifini rad qilgandim. Yil davomida gaplashib turdik. Bu gap ancha joyga tarqalgan ekan. Eshitganlar meni ketishi mumkin deb o‘ylashgan va yana bir qancha takliflar tushdi, chetdan, klublardan. Ammo bora olmadim. Boisi, o‘zimizda ish olib borayotgan rejalarimiz bor edi. Asosiy rejamiz yil oxirida 2005 va 2008 yillarda tug‘ilgan terma jamoalarimiz – Farhod Nishonov va Islom Ismoilov boshchiligidagi termalarni Osiyo Kubogiga chiqarish edi. Maqsadimga erishgach, hamma ishimni bitirdim. Keyin Afg‘oniston futboli rahbarlari futzal bo‘yicha jahon chempionatida yurtimizga kelishganida ular bilan ko‘rishib, gaplashib olganimizdan so‘ng Afg‘onistonni tanladim. U erda hammasini pastdan boshlash kerak. Meni taklif qilishganini yana bir sabablaridan biri, men O‘FAda ham ishladim. Ular meni qanday ishlashimdan xabarlari bor edi. Shu bois Afg‘onistonda federatsiya va tashkiliy ishlariga ham yordam berishim kerak. Murabbiylar o‘qitishini ham joy-joyiga qo‘yib, nafaqat bosh terma jamoa, balki boshqa terma jamoalarni tashkil qilishim kerak. Shuning uchun men rozi bo‘ldim. Bilasiz, yuragimdan baribir murabbiyman. Uch yil bu katta muddat. Futbol vaqti bilan oladigan bo‘lsak, bir joyda uch yil ishlash bu katta narsa. Oldimizga qo‘ygan barcha maqsadlar 5 bahoga bajarildi. Endi o‘zimni yana murabbiy sifatida ko‘rmoqchiman. Ishni boshladik. FIFA va OFK bilan bog‘lanyapmiz, gaplashyapmiz. Murabbiylar kursini tashkil qilyapmiz. Homiylar bilan ham suhbatlashmoqdamiz. Tashkiliy ishlar juda ko‘p. 2025 yilda Osiyo chempionatiga saralash bahslari boshlanadi. Shunga tayyorlanyapmiz.
- O‘FAdagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz? Ortda qolgan uch yil qanday o‘tdi?
- Ushbu uch yil faoliyatimdagi eng qiziqarli va muhim davrlardan biri bo‘ldi, deb o‘ylayman. Men ilk bor terma jamoalar rahbari sifatida tashkiliy yo‘nalishda faoliyat olib bordim. Bu davrda o‘zim uchun ko‘p narsalarni qaytadan kashf qildim, yangi bilimlar oldim va qiziqarli vaziyatlarga duch keldim. Shu bilan birga, futbolning ayni paytdagi holati va kelajakdagi rivoji haqida tushunchalarimni boyitdim. Assotsiatsiyada kelajagi porloq, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan mutaxassislar bilan ishlash imkoniga ega bo‘ldim. Ishni boshlagan ilk kunlarimdan futbolni rivojlantirish uchun uning atrofini tartibli va toza holatga keltirishni asosiy maqsad qilib oldim. Bu yo‘l oson bo‘lmasa-da, ishonchli edi. Biz avvalo terma jamoalar sonini oshirishga e’tibor qaratdik. Abdusalom Azizov tashabbusimizni qo‘llab-quvvatladi va terma jamoalar soni 19 taga etdi. Ayrim jamoalarimizda hattoki "A" va "B" tarkib, ya’ni zaxira jamoalari ham shakllantirildi. O‘zbekistonda iste’dodlar ko‘pligi sababli barcha jamoalar uchun zaxira tarkiblarini ham yaratishga harakat qildik, ammo bu ishni oxiriga etkazishga vaqt etmadi. Shunga qaramay, yangi murabbiylar va futbolchilarni kashf eta oldik. Bundan tashqari, futbolchilarni tayyorlash va saralash jarayonini o‘zgartirdik. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va xalqaro o‘yinlar sonini ko‘paytirdik. Bu borada Evropa va Janubiy Amerika davlatlarini namuna sifatida oldik va ularning tajribasidan foydalandik. Bu mamlakatlar bilan bir necha bor o‘yinlar o‘tkazdik. Ha, bu oson bo‘lmagan va moliyaviy tomonlama ko‘p xarajat talab qilishi mumkin edi, biroq bu o‘yinlar futbolchilarimizning qarashlarini kengaytirdi, o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini oshirdi va psixologik hamda taktik jihatdan yangi darajaga olib chiqdi.
- Terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini qanday baholaysiz?
- O‘tgan davr mobaynida futboli bizdan rivojlangan jamoalarga qarshi o‘yinlar tashkil qilishga harakat qildik. O‘rtoqlik o‘yinlarida natijaga e’tibor bermadik, chunki bu o‘yinlarda ishlanmalar ustida ishladik. Nazorat o‘yinlarida endi boshlagan murabbiylar yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa ham e’tiborni bu natijalarga emas, rasmiy o‘yinlarga qaratish kerakligini rahbariyatga tushuntirdik. Rasmiy uchrashuvlarda esa terma jamoalarimiz katta natijalarga erishdi. Masalan, U-20 terma jamoamiz Osiyo kubogida g‘alaba qozondi va jahon chempionatida guruhdan chiqdi. U-17 o‘smirlarimiz esa jahon chempionatida Angliyani mag‘lub etdi. Bu tarixiy, esda qolarli natija edi va albatta tarixdagi ilk Olimpiadani ham eslab o‘tish kerak. Yuqorida sanagan barcha turnirlarda biz ajoyib ishtirok eta oldik. Natijada bizni tan olishni boshlashdi. Bundan tashqari, xalqaro aloqalarimiz mustahkamlanib, TOP jamoalar bilan o‘yin o‘tkazish bo‘yicha takliflar ola boshladik. Avvallari bunday o‘yinlarni tashkil qilish ancha qiyin edi, ammo hozir xatto raqib tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Sherzod Egamberdiev xalqaro o‘yinlarni tashkil qilishda katta yordam berdi. Shu o‘rinda Abdusalom Azizovning qo‘llab-quvvatlovi ham juda muhim bo‘ldi. Endilikda xalqaro o‘yinlarni tashkil qilish uchun uchinchi tomon vositasiga ehtiyoj qolmadi. Aksariyat o‘yinlarimizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuv orqali, vositachilarsiz tashkil qildik. Bu nafaqat assotsiatsiyamizning xarajatlarini kamaytirdi, balki ko‘plab uchrashuvlarni minimal xarajatlar bilan o‘tkazish imkonini berdi. Masalan, biz tashkil qilgan uchrashuvlarning 70 foizida faqat aviabilet xarajatlarini qopladik, qolgan barcha xarajatlar mezbon tomonidan qoplandi. 30 foiz o‘yinlar esa biz uchun to‘liq bepulga aylandi.
Shu o‘rinda futbolchilarimizga va murabbiylarimizga rahmat. Ular ajoyib o‘yinlar va natijalari orqali bizda xalqaro o‘yinlarda tanlov imkoniyatlarimiz ko‘paydi. Endilikda biz raqib tanlaydigan darajaga etdik. Avval bizda yig‘inga 2 oy qolganda ham raqib yo‘q bo‘lardi. Hozir esa biz 1 yil oldin kim bilan o‘ynashimiz, qaerda yig‘in o‘tkazishimiz rejasi bor.
2021 yilda FIFA reytingda O‘zbekiston 84-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda biz 58-o‘rindimiz. Bu natijada terma jamoalar bo‘limining hissasi bor, deb o‘ylayman.
- Futbolchilar va murabbiylar tayyorlash borasida nimalar deya olasiz?
- Ushbu davrda 35 nafar murabbiyni terma jamoa darajasidagi mutaxassisga aylantirishga erishdik. Ularni darslar va amaliyot jarayonida kuzatib, terma jamoalarda ishlash imkoniyatini berdik. Ularning aksariyati o‘z ustida ishlashni davom ettirib, ularga berilgan ishonchni oqlashmoqda. Bizda nafaqat iste’dodli futbolchilar, balki iste’dodli murabbiylarimiz ham juda ko‘p. Bu albatta odamni xursand qiladi.
- Funktsioner sifatida faoliyat olib borish va murabbiylik o‘rtasidagi farqlar haqida nima deya olasiz?
- Bilasizmi, har doim maydon meni o‘ziga tortib turgan. Funktsionerlik faoliyatida murabbiylar bilan ishlash, ularning muammolarini hal qilish va sharoit yaratish muhim. Shunday qilish kerakki, murabbiylarga qulay sharoit yaratish lozim va ular futboldan tashqari boshqa narsani o‘ylamasin. Biroq aytganimdek, maydon ortida bo‘lish baribir biroz qiyinroq va shu sababli ham maydonga “qaytish”ni afzal deb bildim.
Ish jarayonida insoniylik hamda vijdoniy yondashuv eng muhim tamoyillarim bo‘lib qoldi. Vijdonan ishlash – bu mening yo‘lim. Meni yaxshi taniydiganlar aytishi mumkin, men bu masalada o‘zimga ham talabchanman va men bilan ishlaydigan atrofimdagilarga ham. Eng muhimi insoniylik. Odamgarchilik va ishonch bo‘lmasa professional ish tashkil qilib bo‘lmaydi, natijaga ham erishilmaydi. Professionallik – insoniylik va qadr-qimmat bilan boshlanadi.
- Aytganingizdek, siz yana “maydonga qaytdingiz”. Nima deb o‘ylaysiz, O‘FAdagi tajribangiz endilikda bosh murabbiy sifatida faoliyatingizda qay darajada yordam beradi?
- Bilasizmi, teoriya va amaliyotni ajratmaslik kerak. Ha, ular o‘zaro umuman boshqachadek tuyulishi mumkin. Agar maydonda, uning atrofida biz bilan hamma narsa to‘g‘ri bo‘lishini xohlasak, biz albatta teoriyani ham yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishimiz kerak. Ya’ni, inson doimiy ilm olishda davom etish hamda o‘z ustida ishlab borish shart.
Shu davr mobaynida Prezident qarorlari bilan tanishdim, turli hujjatlar, futbol ortidagi qaror va farmoyishlar haqida tushunchaga ega bo‘ldim. Har xil insonlar bilan, turli yo‘nalishdagi mutaxassislar bilan, ayniqsa yoshlar bilan gaplashdim. Ulardan ko‘p narsalar o‘rgandim va bu men uchun maktab bo‘ldi.
Afg‘oniston bilan kelishuvimning sababi nafaqat ularni maydonda muvaffaqiyatga etaklash, balki federatsiyada ham to‘g‘ri yo‘nalishda ishni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishdir. Terma jamoalar rahbari sifatidagi tajribam kelajakdagi ishlarimda asqotishiga ishonaman. Ortda qolgan davr mobaynida juda ham qiziqarli, shu bilan bir qatorda g‘alati holatlarni ham guvohi bo‘ldim. Odamlar bilan qanday gaplashish, rahbar-xodim o‘rtasidagi munosabatlar meni hayron qoldirdi. Ko‘p masalalarda ajablandim. Yomon-yaxshiga ajratmoqchi emasman, xodimlar bilan qanday munosabatda bo‘lish va bo‘lmaslik kerakligini o‘zim ko‘rdim va kelajakda o‘zim qanday munosabatda bo‘lishim zarurligini tushundim. Odamgarchilik – hamma narsadan ustun.
Assotsiatsiyada ishlash men uchun katta tajriba berdi. Futbol mening hayot yo‘lim, men futbolning ichida bo‘ldim. Terma jamoalar rahbari sifatidagi odamlar bilan muloqotdagi tajribamdan kelajakda nafaqat o‘zim foydalanishim, balki boshqalarga ham ulashishim mumkin. Ha, har bir oilada o‘ziga yarasha plyus va minuslar bo‘ladi. Men minuslarni ushlab turmayman va unutib yubordim. Atrofimga ham yaxshi insonlar yig‘ilgan. Hech kim bilan bahslashishgacha bormadim. Bu erda futbolga hissa qo‘shish imkonini bergan Azizovga rahmat aytaman, menimcha, O‘FAdagi faoliyatim davomida yomon ishlamadik, deb o‘ylayman.
Shu o‘rinda O‘FAdagi barcha hamkasblarimga minnatdorchilik bildiraman. Orzularimizdan biri bo‘lgan jahon chempionatiga chiqishimizga ishonaman va buning uchun terma jamoamiz salohiyati etarli, deb hisoblayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar