
Uni Qozog‘istonda kutishgandi yoxud muammosi hal etilgan legioner "Surxon"ni tanladi!
“Surxon”ning bu yilgi tarkibi o‘tgan yilgisidan deyarli butkul farq qiladi. Chunki ko‘plab etakchi futbolchilar jamoani tark etdi. Shunga yarasha, klubning ishlash yo‘nalishi ham o‘zgardi. Endi oldingi yillardagidek tajribali futbolchilar emas, balki ko‘proq iste’dodli yoshlarga e’tibor qaratilishi ustivor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Baribir jamoani to‘liq yoshlarga ishonib topshirib qo‘yish ham o‘zini u qadar oqlamasdi. Chunki ularning yoniga tajribali o‘yinchilar zarur. Buni yaxshi tushunib turgan klub murabbiylari o‘tgan yilgi ayrim etakchilarini saqlab qolishga erishdilar. Bulardan biri 32 yoshli serbiyalik legioner Vladimir Bubanya.
Lekin ushbu futbolchi bilan klub o‘rtasida yuz bergan holatdan hamma xabardor bo‘lsa kerak. O‘tgan yilgi mavsumni “Surxon”da boshlagach, keyinchalik ketib qolgandi. So‘ngra, qarzdorlik bilan bog‘liq muammo tufayli legioner FIFAga arz qildi. Natijada xalqaro futbol tashkiloti Bubanyadan bo‘lgan qarzdorlik to‘lamaguncha “Surxon”ga yangi o‘yinchilarni transfer qilish taqiqini qo‘ygandi.
O‘z navbatida, “Surxon” bu ishga jiddiy qaragan holda Bubanya bilan bog‘liq muammoni bartaraf eta oldi. Natijada, FIFA termizliklarga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Shundan so‘ng, “Surxon” Bubanyaga yana birga hamkorlik qilish bo‘yicha taklif bilan chiqdi. Serbiyalik himoyachi esa o‘ylab-o‘ylab, yana “Surxon” sharafini himoya qilishga rozi bo‘ldi. Hammasi hal bo‘lgach, Bubanya sports.uz muxbirining savollariga qisqa va lo‘nda javob qaytardi.
- Vladimir, nihoyat, siz bilan bog‘liq “Surxon” va FIFA o‘rtasidagi vaziyat yakunlandi. Aslida hammasi qanday yuz bergandi va qay tariqa yakunlandi?
- Ha, oxir-oqibat muammo hal bo‘ldi. Mavjud qarzlar to‘landi va biz birgalikda qadam tashlashda davom etamiz.
- Sir bo‘lmasa, klub sizga qancha miqdorda pul to‘ladi?
- Aytishim kerakki, qarz to‘laligicha to‘landi. Ammo buning summasi qanchani tashkil etishini aytishni istamayman.
- Klub bilan o‘rtangizdagi kelishmovchilik tufayli sizni “Surxon”ga qaytmaydi, deb o‘ylagandik. Qaytishingizga nima sabab bo‘ldi?
- O‘rtamizdagi o‘zaro muloqot chog‘ida hal qiluvchi omil sifatida bir-birimizni to‘g‘ri tushunganimiz muhim ahamiyat kasb etganini aytishim darkor.
- “Surxon” bilan o‘rtada yana mojaro yuz bermasligiga ishonchingiz komilmi?
- O‘rtamizda hech qanaqa tushunmovchilik va mojaro yuzaga kelmaydi. Endi ikkala tomon uchun ham FIFAga arz qilishga hojat qolmadi.
- “Surxon”dan ko‘pchilik futbolchilar ketdi. Sizningcha, tarkib kuchsizlanganmi, klub qaysi o‘rin uchun kurashadi, deb o‘ylaysiz?
- Tarkibimiz ancha kuchsizlanib qoldi. Ko‘plab yaxshi ijrochilar klubni tark etdi. Shu bois, boshlanajak yangi mavsumda bizga oson bo‘lmasligi tayin.
- Oldingizda qaysi klublardan aniq takliflar bor edi?
- Aytishim joizki, xizmatimga Qozog‘istondan ikkita klub qiziqish bildirdi.
Fikrlar