
Vadim Abramov: "Obloqulovni "Mash’al" tarbiyalanuvchisi ekanini endi eshitdim"
Superliga 17-turi doirasidagi "Mash’al" - "Dinamo" (2:4) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Vadim Abramov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. Bu haqida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuv starti va kambek haqida
- O‘yinni minus 2 ta gol bilan boshlab, raqibga bunday ustunlikni bergan holda shunday issiq ob-havoda o‘zimizni qiynab, o‘zimizga muammo yaratib keyin vaziyatdan chiqib ketishni faqat biz uddalasak kerak. Har o‘yinda qandaydir kutilmagan nimadir biz bilan sodir bo‘ladi. Avvalgi o‘yinimizda 2:0 hisobida oldinda borayotib, tekis joyda g‘alabani qo‘ldan chiqargandik. Bugun aksi bo‘lib, g‘alabani ilib ketdik. Qiyin vaziyatdan chiqib ketganimiz yaxshi, ammo bunday o‘ynash kerak emas, tahlil qilib, o‘yindan xulosa qilamiz.
O‘yin bunday boshlanishini umuman kutmagandik. Umuman olganda 6 ta golni ham o‘zimiz urdik, desam bo‘ladi. Yaxshiyamki, 1-bo‘limdayoq vaziyatni tenglashtirib, 2-bo‘lim oxirigacha qiynalib, vaziyatdan chiqib ketdik. O‘yin oldi chigalyozdi mashg‘ulotlardayoq yigitlarda qandaydir xotirjamlikni ko‘rgandim va raqibni munosib baholamayotgandek bo‘layapsizlar, degandim.
Raqibning ikkinchi goli haqida
- Bugun darvozabonimizga o‘ziga bo‘lgan ishonch ko‘rinmagandek bo‘ldi. Balki keyingi turlarda ishonchli darvozabonni sinab ko‘rarmiz, xatolarimizni tahlil qilamiz.
Behruzbek Obloqulov haqida
- Yosh o‘yinchimizning kuchli jihatlarini bilamiz. U mashg‘ulotlarda yaxshi ishlab, maydonga tushishga munosib ekanini ko‘rsatayotgandi. Behruzbekni yil boshida jamoaga taklif qilganimizdayoq uning potentsialini yaxshi bilardik. Undan umidimiz katta, faqat shu yo‘sinda davom etishi kerak. Obloqulov «Mash’al» tarbiyalanuvchisi ekanini bilarmidim? Bilmasdim, endi eshitdim.
Abdurahmonov va Obloqulovning Anvarjon Hojimirzaevga raqobat uyg‘otgani haqida
- Hozirgi tarkibimizda nafaqat Hojimirzaevga, boshqa barcha o‘yinchilarga ham raqobat mavjud. Bu bir tomondan meni xursand qiladi, sababi anchadan buyon hozirgidek raqobat yo‘q edi.
Plyotnyovdan keyin Hoshimov va Abdusalomov ham gol urgani haqida
- Yangi o‘yinchilarning jamoaga tezroq moslashishi muhim edi. Bu transferlardan keyin zaxira o‘rindig‘imiz ham kuchaydi. Ulardan to‘g‘ri foydalanib, jamoani shakllantirishda davom etamiz. Ammo boshqa o‘yinni bugungidek boshlamaymiz, deb umid qilaman.
Penaltichilarni kim tanlayotgani haqida
- 11 metrlik jarima zarbasini kim tepishini men aytmadim. O‘zim zarbani Ulug‘bek Hoshimov tepishini istagandim, ammo ular meni o‘sha paytda eshitishmayotgandi. Odatda kim o‘ziga ishonsa o‘sha zarbani amalga oshiradi. Misol uchun, men aytgan o‘yinchi o‘ziga ishonmayotgan bo‘lsa, bu jamoa zarariga ishlashi mumkin. Yodingizda bo‘lsa, Namangandagi 1-turda penalttini Hojimirzaevga berish kerakligini men aytgandim, uning zarbasi esa noaniq chiqdi. O‘shandan buyon bunday javobgarlikni bo‘ynimga olmaslikka qaror qildim.
«Paxtakor» va OKMKga qarshi o‘yinlar haqida
- Eng avvalo «Paxtakor»ga qarshi o‘yinni o‘ylash kerak, keyingi turda ular bilan o‘ynaymiz. Ular kecha o‘ynashdi, bizdan bir kun ko‘p dam olishadi. Biz esa bugungi issiqda so‘nggi daqiqalargacha katta kuch yo‘qotdik, tezroq tiklanib olishimiz va «Paxtakor»ga qarshi tayyorgarlik ko‘rishimiz talab etiladi.
Fikrlar