
Vitaliy Mirniy: Andijondagi kabi muxlislarni boshqa hech qaerda ko‘rmaganman, ammo olti oy maoshsiz to‘p surish...
O‘tgan mavsumda “Andijon” sharafini himoya qilgan ukrainalik darvozabon Vitaliy Mirniy bu yil Ukrainaning taniqli klublaridan biri – “Chernomorets” safiga qo‘shildi. Shuni alohida aytish joizki, Mirniy o‘tgan vaqt davomida andijonlik muxlislarning sevimli futbolchilaridan biriga aylangandi. Buning ustiga o‘z pozitsiyasida ham ancha ishonchli o‘yinlari orqali andijonliklarning mehrini qozongandi. Albatta, ushbu darvozabonning ketishi klub uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Tajribali darvozabon bo‘lgani sababli ham uni “Chernomorets” o‘z safiga chorladi. Hozirgacha andijonliklar Mirniyni eslab turishadi. Biz esa kuni kecha Vitaliy bilan bog‘lanib, intervyu oldik. O‘zaro suhbat davomida ukrainalik darvozabon nima sababdan “Andijon”dan ketganini, hozirgi faoliyati, andijonlik ishqibozlarning mehri va yana boshqa masalalarda o‘z fikrlarini bildirdi.
- Salom Vitaliy, ishlaringiz yaxshimi? “Andijon”ni tark etib, “Chernomorets”ga o‘tishingizga kim yoki nima sabab bo‘ldi?
- Mening ketishimga oylik maoshimizning olti oyga kechikishi sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, klub rahbariyati bilan o‘rtamizdagi munosabatimiz maqtasa arzigulik darajada emasdi.
- Umuman, yangi jamoangizdagi ishlaringiz qanday?
- “Chernomorets” – Ukrainadagi top-klublardan biri. Bunday jamoadan taklif tushar ekan, uni rad etish juda amrimahol. Bunday xohish menda ham mustasno emas. Bu erdagi ishlarim joyida. Hammasi yuqori saviyada desam ham xato qilmagan bo‘lardim. Baxtga qarshi karantin tufayli chempionatimiz noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘yilgan. Ammo, umid qilamizki, hammasi tez orada iziga tushadi.
- Vitaliy, “Andijon”dagi faoliyatingiz davomida muxlislarning ishonchini qozongandingiz. Shu bois mahalliy ishqibozlar sizni hali ham unutishgani yo‘q...
- Bunday gaplarni eshitish juda yoqimli. Buning uchun “Andijon” jamoasining jonkuyar muxlislaridan juda minnatdorman. To‘g‘risini aytsam, bunday darajada o‘zimni qo‘llab-quvvatlashlarini ilgari hech qaerda ko‘rmaganman.
- “Andijon”da birga o‘ynagan futbolchilardan kimlar bilandir aloqa saqlanib qolganmi?
- Unchalik emas. Faqat ayrim jamoadoshlarimning telefon raqamlarini bilishim mumkin.
- “Andijon”ning sobiq bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov bilan munosabatingiz qanday edi? Boisi o‘tgan mavsumda u bilan o‘rtangizda qandaydir kelishmovchilik bo‘lganligi haqida eshitgandik.
- U bilan ishchi munosabatda edik. Xomyakov juda yaxshi mutaxassis. Munosabatimiz yaxshi edi. Shunchaki, u klubda juda murakkab vaziyat yuz bergan paytda paydo bo‘ldi. Shunga qaramasdan jamoa mavsumni 10-o‘rinda yakunlashga erishdi.
- Umuman olganda, “Andijon” klubida qolish imkoniyatingiz ham bormidi?
- Ha, jon deb qolgan bo‘lardim. Buning ustiga maoshim ham yaxshi edi. Ammo yarim yil maoshsiz to‘p surish juda ham og‘ir. Yana takrorlayman: meni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun andijonlik ishqibozlarga minnatdorchiligimni etkazib qo‘ying. Lekin klub rahbariyati haqida bunday deyishim dargumon.
- O‘zbek klublaridan ham sizga taklif bo‘lganmidi?
- Ha, bir klubdan aniq taklif bo‘ldi. Ammo “Chernomorets”ni tark etish niyatim yo‘qligi uchun rad javobini berishimga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, butunlay o‘zga mamlakatda pulsiz murakkab sharoitda qolish jonimga tekkandi. Uyga, oilam yoniga qaytishni juda ham istadim.
- Sir bo‘lmasa, qaysi jamoadan taklif tushgandi?
- Kechirasiz, bu savolingizga javob bera olmayman. Chunki o‘rtamizda buni oshkor etmaslik borasida kelishuv bor. Kelishuvni buzish esa yaxshi emas. Faqat shuni aytishim mumkinki, menga taklif bilan chiqqan jamoa nufuzli edi. Ularga pand berib qo‘yishni istamagan bo‘lardim.
- “Andijon” klubining fanatlarini sog‘inyapsizmi?
- Ha, albatta. Boya aytganimdek, faoliyatim davomida xuddi andijonlik muxlislardek meni boshqa biror-bir klubda shunday qo‘llab-quvvatlashmagan. O‘zimga qolsa, “Andijon”da yana o‘ynayverardim. Biroq olti oy davomida maoshsiz to‘p surish juda murakkab. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, hozirga qadar o‘sha olti oylik maoshimni menga hali to‘lashgani yo‘q. O‘zingiz tasavvur qiling, oilalik, farzandi bor o‘yinchining pulsiz shuncha vaqt yashashi juda ham qiyin. Shunday sharoitda ham biz maydonda oxirigacha kurashdik. Klub fanatlariga pand berib qo‘yishni istamadik. Yuqorida aytganimdek, andijonlik muxlislar juda jonkuyar va fidoyi. Ularni umrbod yodimdan chiqarmayman. Agar klub mutasaddilari ham xuddi ishqibozlar kabi bo‘lganidami, hech qaerga ketmagan bo‘lardim.
- Bilamizki, o‘z vaqtida “Neftchi”da ham faoliyat olib borgansiz. Ammo “Andijon”dagi o‘yinlaringizdan farqli ravishda u erdagi faoliyatingiz ko‘ngildagidek kechmagandi. Buning sababi nimada bo‘lgan?
- “Neftchi”da ham barchasi yaxshi edi. Jamoa prezidenti samimiy, yaxshi inson edi. U har bir futbolchiga iliq munosabatda bo‘lardi. Lekin, afsuski, bunday holat atigi ikki oy davom etdi xolos. Shunday bo‘lsa ham klub prezidentiga, o‘sha jamoada ishlaganlardan minnatdorman. Adashmasam, “Neftchi”dan ketganimdan keyin klub rahbari ham ketibdi. Bu insonni juda hurmat qilardim.
- Ayting-chi, yurtimizdagi faoliyatingiz davomida qaysi o‘yin siz uchun unutilmas bo‘lib qolgan?
- Ooo, “Navbahor”ning maydonidagi 1:1 hisobida tugagan o‘yin! O‘sha bellashuvda stadiondagi muhit super darajada bo‘lgan. Bunday sharoitda to‘p surishning gashti bo‘lakcha bo‘ladi. Shuningdek, mahalliy muxlislar o‘z suyuklilarini zo‘r berib qo‘llayotgan paytda bunday jamoaga qarshi to‘p surish o‘ta qiyin kechadi. Fursati kelganda aytishim kerakki, Andijondan ham bizni qo‘llash uchun ortimizdan juda ko‘p ishqibozlar etib kelishgandi. Maydonda haqiqiy jang ketgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday o‘yinlar xotirangizda bir umrga saqlanib qoladi.
- Yana qachondir O‘zbekistonga qaytishingiz mumkinmi?
- Ha, bu ehtimoldan holi emas. Agar yaxshi, o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadigan klubdan taklif kelib tushsa o‘ylab ko‘rishga tayyorman. Qolaversa, O‘zbekistonda menga hammasi juda yoqib qolgandi. Bundan tashqari, mahalliy aholi ham meni juda yaxshi qabul qilishgandi. Agar buning imkoni bo‘lsa, albatta yana O‘zbekistonga qaytaman.
- Umuman olganda, chempionatimiz sizda qanday taassurot qoldirgan?
- Chempionatingizning saviyasi chakki emas. Klublar tarkibida mahoratli futbolchilar etarlicha. Ammo sizlarda yozda juda ham issiq bo‘lar ekan.
- Kimni eng kuchli darvozabon deb ko‘rsata olasiz?
- Shaxsan menda O‘tkir Yusupov yaxshi taassurot qoldirdi.
Fikrlar