
Xayrulla Hamidov: Muammolar girdobida ko‘rmoqchiman Klopp va Lempardni. Qiziq! Nega sharhlovchi bunday fikr bildirdi?
Bugun Angliya Premer ligasi 2-turidan o‘rin olgan "Chelsi" - "Liverpul" uchrashuvi o‘tkaziladi. Bellashuv oldidan taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov telegramdagi sahifasida o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Chelsi” va “Liverpul” o‘tgan mavsumning oxirlarida o‘zaro uchrashgan edilar. Sakkiz golli feerik o‘yin yodingizda bor, albatta.
O‘sha bahsga ko‘p bo‘lmadi, biroq vaziyat butkul o‘zgargan. “Lids” bilan o‘yinda "Liverpul” himoyasidagi muammolar chempionlikdan keyingi xotirjamlik emas, sistematik darajaga ko‘tarilgani ma’lum bo‘ldi.
“Chelsi” esa, ikkinchi uyg‘onishini boshlab olmagan. “Yulduzli dizbalans” deb baholanmoqda hozirgi Lempard jamoasi.
Albatta, mavsumning yarmida London va Liverpul jamoasi sport formasini yuqori nuqtaga olib chiqib, haqiqiy salohiyatni namoyish etgan holda mukammal o‘yin ko‘rsatib berishar, biroq menga bugungisi qiziqroq tuyulyapti.
Muammolar girdobida ko‘rmoqchiman Klopp va Lempardni. Ular o‘zlarining yaxshi jihatlari bilan shiddat ulashishlarini keyin ham ko‘rib olamiz, ikkisining bir-birisi kamchiligidan qanday foydalanishi qiziq menga.
Qolgan masalalarni o‘yinga qoldiramiz. Zotan, 2-turning markaziy bahsi biroz o‘tib boshlanajak, - deya yozib qoldirdi Xayrulla Hamidov.
Mazkur bahs bugun Toshkent vaqti bilan 20:30da boshlanadi.
Fikrlar