Xoland "Real"ga o‘tmoqchi, lekin uning bitta sharti bor
Madridning "Real" klubi "Manchester Siti"ning norvegiyalik hujumchisi Erling Xolandga yana qiziqish bildirmoqda, deya xabar bermoqda El Gol Digital.
Manbaga ko‘ra, Xoland o‘z atrofidagilarga "qaymoqranglilar" safiga o‘tishga qarshi emasligini, ammo Vinisius Junior bilan bir jamoada o‘ynashni istamasligini bildirgan. Klubdagilar braziliyalik futbolchining sotuvga qo‘yilishi nafaqat ichki ziddiyatlarni bartaraf etishi, balki yirik transfer uchun zarur mablag‘ni ham ta’minlashi mumkin, deb hisoblamoqda.
Qayd etilishicha, Vinisius so‘nggi paytlarda barqarorlikni yo‘qotgan, tez-tez janjallar markazida bo‘lib turadi va hozircha avvalgi darajasini namoyish eta olmayapti. "Real"ning Xolandga qiziqishi bir necha yildan beri mavjud - norvegiyalik futbolchi "Manchester Siti"ga o‘tishidan oldin ham madridliklar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan edi.
Hozir klubda yulduzli duet - hujum chizig‘ida Kilian Mbappe va Erling Xolandni birlashtirish orzusi bor, bu so‘nggi yillardagi eng shov-shuvli transfer loyihalaridan biriga aylanadi.



Fikrlar