Xolanddan boshqalar ham gol ursin!
“Manchester Siti” futbolchilari Angliya Premer-Ligasining sakkizinchi turida Erling Xolandning debli evaziga “Everton”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘yindan keyin Fil Foden jamoada boshqalar ham raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishi kerakligini ta’kidladi.
- Xoland ikkita emas, to‘rtta gol urishi kerak edi. Bu gapim hazil albatta. U noyob iqtidor egasi, har doim, hatto o‘yini chiqmayotgan paytda ham diqqatini jamlay oladi. Gol urishi uchun bitta imkoniyat bo‘lsa bas.
Erling hozirgi sport formasida bizga juda katta foyda keltiryapti. Men va boshqa hujumkor futbolchilar ham faollikni oshirib, gol urishni boshlashimiz kerak. Biz har doim ham Xolandning gollariga suyanib qola olmaymiz. Hammamiz buni tushunib turibmiz, - dedi Fil Foden.
25 yoshli norvegiyalik forvard sakkizta uchrashuvda 11 ta to‘p kiritib, Premer-liga to‘purarlari poygasida peshqadamlik qilmoqda. Xoland sakkizta o‘yinning teng yarmida raqiblar darvozasiga ikkitadan to‘p kiritgan.



Fikrlar