"Xorazm" 2025 yilda Superligada o‘ynaydimi? Klub bosh direktorini nima xavotirga solyapti? Ro‘zim Ahmedov bilan suhbat

  • 29 dekabr, 2024, 14:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

29 ochko bilan pro ligada mavsumni 8-o‘rinda yakunlagan Urganchning “Xorazm” jamoasida ham endi Superligada qatnashish imkoniyati tug‘ildi.

Tecno

Pley-offdagi g‘alaba tufayli Superligada arang jon saqlab qolgan “Metallurg”ning keyinchalik Superligada ishtirok etmasligi rasman ma’lum qilingach, O‘zPFL uning o‘rnini to‘ldirish uchun Reglament bo‘yicha uchta klub nomini ma’lum qildi.

Bular – “Olimpik”, “Xorazm” va “Lokomotiv”, Aynan ushbu tartib bo‘yicha mazkur klublarning ligada qatnashish yo qatnasha olmaslik imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

“Lokomotiv” allaqachon tayyor va tarkibini shunga yarasha kuchaytiryapti. Biroq undan avval yuqoridagi ikkita klubning imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Oxirgi paytlarda “Xorazm” jamoasining 2025 yilni Superligada o‘tkazishi borasida xabarlar ko‘p yangramoqda.  Shu bois Sports.uz jurnalisti “Xorazm” bosh direktori Ro‘zim Ahmedov bilan bog‘lanib, undan intervyu oldi.

- “Metallurg”ning Superligada qatnasha olmasligi evaziga uning o‘rniga O‘zPFL tomonidan uchta nomzod ko‘rsatilgandi. Bu borada “Xorazm” ancha jiddiy harakat qilayotgani hamma joyda gapirilyapti. Klub rahbari sifatida shu masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz.

- “Metallurg”dan keyin bilishimizcha “Olimpik” masalasi ko‘rilyapti. Keyingi navbat bizga. Lekin hali rasmiy taklif bilan bizga chiqishmadi. Biroq O‘FA bilan PFL bizga murojaat qilishadi. Aytishim kerakki, hali “Xorazm”ni Superligada qatnashishi borasida rasmiy qaror qabul qilingani yo‘q. Yaqin kunlarda yangilik bo‘lib qoladi.

- “Xorazm” Superligaga tayyormi?

- To‘g‘risi, biz ancha oldin, mavsum tugashi bilan Superligaga tayyorgarlikni boshlab yuborganmiz. Mabodo, Superligada o‘ynamaydigan taqdirimizda ham pro ligada oldimizga faqat Superligaga chiqish vazifasi qo‘yiladi. Qo‘ldan kelganicha hozirgi imkoniyatdan foydalanib qolishga harakat qilamiz.

- Bu borada O‘FA va PFL rahbariyati bilan gaplashdingizmi?

- Hammasi bilan gaplashdik. Maslahatlarini berishdi, qanday kamchiliklar ustida ishlashimiz bo‘yicha ham gaplashib oldik. Reglament, sport printsipi bo‘yicha “Olimpik” masalasi uzil-kesil hal bo‘lganidan keyin bizga navbat keladi. Nimaga tayyormiz va nimaga tayyor emasmiz, hammasini bilishadi. Asosiy masala maydon chimi bilan projektor bo‘lib turibdi. Bundan rahbarlarimiz ham xabardor va tayyorgarlik ko‘rishyapti.

- Demak, bu hal qilinishi kerak bo‘lgan eng katta masala-a?

- Bu yil Superligaga chiqish maqsadi bor. Aytganimdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati tug‘ilsa bundan unumli foydalanishga harakat qilamiz.

- Ha, demak, klub bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yubormoqchi emas...

- Shunday. Agar navbat bizga etib keladigan bo‘lsa, bu masalada jiddiy ishlaymiz.

- “Metallurg”ning o‘rniga uchta nomzod ko‘rsatilgan: “Olimpik”, “Xorazm” va “Lokomotiv” klublari. “Loko” Superligaga tayyorligi ko‘rinib turibdi va tarkibini ham shunga yarasha kuchaytiryapti.

- Rahbarlar sport printsiplariga va Reglamentga amal qilyapti. Biz jamoamizni asta-sekin Superliga uchun shakllantirib boryapmiz. Shuni hisobiga bizda imkoniyat yuqoriroq bo‘lyapti. Yaqin kunlarda hal bo‘ladi.

- “Xorazm”ni yangi mavsumga moliyalashtirish va smetasi qanday bo‘lyapti?

- Smeta haqida bir narsa deya olmayman. Bosh homiyimiz “Uztelekom” aktsionerlik jamiyatiga 2025 yilgi smetamizni taqdim qilganmiz. Agar Superliga bo‘ladigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan smetamiz boshqatdan shakllantiriladi.

- Jamoa rahbari sifatida siz va boshqalar “Xorazm”ni Superligaga qatnashishiga jiddiy harakat qilyapsizlar. Bu borada viloyat rahbariyatining pozitsiyasi qanday?

- Shaxsan viloyat hokimining o‘zi katta qiziqish bildiryapti. Har kuni aloqada bo‘lib turibmiz. Rahbariyat ham intizorlik bilan kutmoqda. Juda qiziq bo‘ladi. Viloyat hokimining shaxsan o‘zi O‘FA va PFL rahbariyati bilan gaplashib, vaziyatga oydinlik kiritadi.

- Bosh murabbiy Hakim Fuzaylov yangi mavsumda ham klubni boshqaradimi?

- Hakim Fuzaylov jamoada qoladi. Ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi, hammasi Superligada ishtirok etishimizga bog‘liq. Tarkib masalasida hozir ham selektsiya ishlarini olib boryapmiz. Futbolchilar bilan og‘zaki kelishib qo‘yganmiz. Faqat biz pro ligada o‘ynaymizmi yo Superligadami, shunga oydinlik kiritib olsak, yana shunga qarab selektsiyamizni davom ettiramiz. Biz Superligada o‘ynaydigan bo‘lsak ham Fuzaylov bosh murabbiy sifatida ishini davom ettiradi. Bizda bosh murabbiy masalasi umuman ko‘rib chiqilmayapti.  

- Jamoani yangi mavsumga tayyorgarligi qanday?

- 5 yanvardan Toshkentda yig‘inni boshlaymiz. Dastlabki tayyorgarlik bosqichimizni Xorazmda o‘tkazdik. 18-28 dekabr kunlari selektsion yig‘inimiz bo‘ldi. Yoshlarni, mahalliy yigitlarni bir qator ko‘rib oldik. Toshkentdagi yig‘inda ko‘p narsa hal bo‘ladi.

- “Xorazm”ni kimlar tark etdi va kimlar taklif qilinyapti?

- Rasmiy ravishda jamoamizni tark etganlar – Oybek Nurmatov, Bobur Farhodov va Ismoil Abdurahmonov. Shartnomalari yakunlangan. Yana kimdir to‘g‘ri kelmasa ular bilan ham xayrlashamiz. Maqsadimiz faqat yuqori bo‘ladi. Toshkentdagi yig‘inimizda 7-8 nafar yangi o‘yinchilar qo‘shilishi kutilyapti. 5-6 nafar Superliga darajasidagi o‘yinchilar bilan muzokara o‘tkazyapmiz.  

- Hozirgi vaziyatda sizni nima xavotirga solyapti?

- Xavotirga solayotgani biz pro ligada o‘ynaymizmi yo Superligadami, shuni tezroq aniqlashtirib olishimiz kerak. Chunki tayyorgarlik rejamizga albatta ta’sir qiladi. Qaysi musobaqada qatnashishimizni bilib olsak, bizga ham, murabbiylarimizga ham keyingi rejalar ustida ishlash uchun osonroq bo‘lardi. Bizda yangi baza qurilyapti. Mahalliy byudjetdan 60 o‘rinli zamonaviy qarorgoh barpo qilinyapti. Bizda bu borada muammo yo‘q. Aytganimdek, chim va projektor masalasida muammo bor. Supeligada o‘ynasak ham, o‘ynamasak ham ushbu muammolarni bartaraf qilib, talabga javob beradigan darajaga keltiramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!