
Yana asosiy tarkibga qaytgan Oleg Zoteev o‘yin haqida qanday fikrda?
Milliy terma jamoamizning Falastin ustidan qozonilgan g‘alabasi albatta ishqibozlarni mamnun etdi. O‘sha bellashuvda murabbiylar asosiy tarkibda ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urishdi. Masalan, jarohatidan forig‘ bo‘lgan hujumkor himoyachi Oleg Zoteev yana asosiy tarkibga qaytgani e’tiborga molik bo‘ldi. Oxirgi paytlarda esa u zaxirada qolgandi va bunga sabab uning jarohati bilan bog‘liq edi. Ammo Falastinga qarshi bahsda Zoteev to‘liq o‘ynadi. Biz esa unga ayrim savollar bilan murojaat qildik.
- O‘yindan olgan taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?
- Birinchi navbatda barcha muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘tgan turda o‘z maydonimizda Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘yganimizdan keyin ruhiy bosimga tushib qolgandik. Lekin o‘shanda kutilmagan mag‘lubiyatga uchragandik. Lekin biz Falastin bilan o‘yinga yaxshi tayyorlana oldik. Murabbiylar shtabi futbolchilarni har tomonlama ruhlantira olishdi. Eng asosiysi, biz g‘alaba qozondik. O‘ylaymanki, sifatli futbol ko‘rsatdik. Falastinga esa hech qanday imkoniyat qoldirmadik.
- Saudiya bilan uchrashuvda zaxirada qolgandingiz. Falastinga qarshi bellashuvda esa bosh murabbiy sizni asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Buni kutganmidingiz?
- Asosiy tarkibda maydonga tushishimni kutgandim. Faqat bungacha bir oy mobaynida davolangandim. Shu bois o‘zim ham hali to‘liq sport formasiga kirib ulgurmagandim. Albatta, vaqtim kelishini kutdim va murabbiy menga ham ishonch bildirdi. Umid qilamanki, murabbiylarning ishonchini oqlay oldim.
- O‘yinning oxirlarida jamoamiz jismonan charchab qolganligi bilindi. Bunga qanday qaraysiz?
- Har qanday jamoa 90 daqiqa ichida pressing qilaversa charchaydi. Aytmoqchimanki, Falastinga qarshi uchrashuvning oxirgi daqiqalarida futbolchilar charchab qolishgani yo‘q. Shunchaki, oldinga yugurmasdan to‘pni ko‘proq o‘zimizda nazorat qilib turishni istagandik. Mana, Saudiya bilan o‘yinda ko‘rdingiz, oxirgi etti daqiqa ichida nimalar bo‘lganini. Murabbiylarimiz ham o‘yinni nazorat qilishimizni aytgandi. Biz esa bellashuv oxirlarida ham to‘pni nazorat qilishni istadik. Muhimi, natija bor.
- Saudiyaga yutqazganimizdan keyin barcha futbolchilarda ruhiy tushkunlik bo‘lib qolgandi. Falastin bilan bahsgacha o‘sha ruhiy tushkunlikdan chiqib ketish qiyin kechmadimi?
- Yo‘q, qiyin bo‘lmadi. Chunki barcha yigitlar vaziyatni to‘g‘ri tushunib turgandilar. Agar Falastinni yutmaganimizda ahvol murakkablashib ketardi. Albatta, Saudiyaga yutqazganimizdan keyin o‘sha kuni va ertasiga kayfiyatsiz yurdik. Keyin esa o‘zimizga keldik. Murabbiylar ruhlantirishdi. Falastinni yutmasak o‘zimizga kela olmasligimizni bildik. Biz uchun orqaga yo‘l yo‘q edi. Ruhiy jihatdan ham yaxshi tayyorlangandik.
- Ko‘pchilik kelasi yilning yoz faslida Saudiyada bo‘ladigan o‘yin guruhda kim 1-o‘rinni egallashini hal qilib berishini aytishmoqda. Siz ham bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Ko‘pchilikda va futbolchilarda ham shunaqa fikr bor. Qarang, Saudiya Arabistoni bungacha Falastin va Yaman bilan durang o‘ynadi. Biz esa safarda Falastinga yutqazdik. Endi ochko yo‘qotmasligimiz kerak. O‘sha o‘yingacha ham barcha uchrashuvlarda yutishimiz shart. Biz esa tabiiyki Saudiyaga ham faqat g‘alaba uchun boramiz va ishonamanki, buni amalda bajara olamiz. Hammasi o‘zimizga bog‘liq. Abramov ham termaga yaqinda keldi va yangi jamoa tuzilyapti. Murabbiy boshqacha taktikani qo‘llayapti. Oldin terma jamoamiz ko‘proq orqaroqda o‘ynagandi. Endi esa hujumkorlikka ko‘proq e’tibor berilyapti. Ammo 90 daqiqa davomida hujumda o‘ynash ham qiyin. Istalgan terma jamoa bunday o‘ynashi og‘ir. Hattoki, jahon chempion bo‘lgan Frantsiya ham endi himoyaga asoslangan holda o‘ynayapti. Biz esa hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Hammasiga vaqt kerak.
Fikrlar