
Yangi era boshlanmoqda!
"Nyukasl" dunyodagi eng badavlat fondlardan birining qo‘liga o‘tdi. PIF hisobida 320 milliard funtdan ko‘proq pul mavjud. Bu "Manchester Siti" egasi Shayx Mansurning byudjetidan 14 barobar ko‘proq degani. "Qatar Sport Insurement" hisobidagi summa 220 million funtni tashkil etishini inobatga olsak, nafaqat "tumanli albion"ga, balki butun futbol olamiga yangi grand kirib kelayotgani ma’lum bo‘ladi.
Jamoa muxlislari bu voqeani ulkan bayramga aylantirib yubordi. Bir tomondan 14 yildan beri qurumsoqligi bilan ularning "qonini ichgan" Maykl Eshli jamoani sotib yuborgan bo‘lsa, boshqa tomondan yangi investorlar qopda pul bilan jamoa tepasiga keldi. Betaraf muxlislarning aksariyati birdaniga katta pullar evaziga quriladigan jamoalarni yomon ko‘radi. Aslida, bu ular o‘ylagani kabi xunuk holat emas!
Katta pullarsiz grand klublar bo‘lmaydi!
"Chelsi", "Real", "Manchester Siti", MYu, PSJ va boshqalar. Bu klublarni nima bog‘lab turadi, deysizmi? Albatta, katta pulga ega kuchli investorlar! Ayrim etakchilar katta mablag‘ kelishi bilan yangi imkoniyatlar eshigini ochgan bo‘lsa, boshqalari o‘sha pullar bilan reytingdan tushib ketmaslikka erishgan.
Katta mablag‘ kelgach, barcha klubda turli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, ammo barchasi futbol foydasiga xizmat qiladi. Albatta, Odil Ahmedov to‘p surgan "Anji" singari omadsiz urinishlar ham bo‘lgan, ammo APLda emas. EChLning so‘nggi yarim finalida katta daromadga ega 4 klub kurash olib borgani yodingizdami? Muxlislarning fikri qanday bo‘lishidan qat’i nazar, saudiyaliklar "Nyukasl" uchun yanda buyuk klub nomini tiklab olish imkoniyatini yaratadi.
APLda kurash yanada qiziydi!
Bundan 10 yil ilgari Angliyadan EChLga yo‘llanma oladigan 4 klub nomini mavsum boshida e’lon qilish mumkin edi. Kuchli to‘rtlik jadvalda o‘rin almashsada, yakunda evrokuboklarda ularni ko‘rishga o‘rganganmiz. Ko‘p o‘tmay, kuchli to‘rtlik, "dahshatli oltilik"ka aylandi. "Siti"ning grandga aylangani va "Tottenxem"ning bo‘yidan baland sakragani bunga turtki bo‘ldi. Ular atrofida "o‘ralashib" yuradigan taillandlik biznesmenning sevimli klubi "Lester" ham istalgan jamoaga "kurash" taklif etishga qodir. Endilikda, bu ro‘yxatga "Nyukasl" ham qo‘shilishi shart! Hatto, Evropa Ligasi uchun yo‘llanma ham "talash" bo‘lib ketishi mumkin.
Bizni qaynoq transferlar kutmoqda!
Transfer oynasidagi voqealar futbol maydonidagisidan ham kattaroq masshtabga ega. "Ulkan ko‘chishlar" esa, ijtimoiy tarmoqlarni "portlatib"gina qolmay, kun mavzusiga aylanadi. So‘nggi ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, "Nyukasl"ning yangi rahbarlari qishki transfer bozoriga katta maqsadlar bilan tashrif buyuradi. Hozircha, "shortlist"da kimlar bor ekanligi noma’lum, ammo bu o‘tkinchi xolat. Tez orada, mish-mishlar urchib ketadi. Aytishlaricha, jamoa boshqaruviga asosiy da’vogar sifatida "Glazgo Reynjers" ustozi Stiven Jerrard ko‘rilmoqda!
Quvonarlisi shundaki, "Nyukasl" so‘nggi 5 yil ichida birorta transfer oynasida faol bo‘lmagan. Bu yangi rahbarlar uchun moliyaviy feyr-pley qoidasini bemalol aylanib o‘tish imkonini yaratadi. Soddaroq qilib aytsak, Mbappe, Xoland va boshqalar tayyor tursin! Transfer bozoriga yangi "o‘yinchi" kirib kelmoqda!
Asosiy yutuq nimada?
PIF kelgach, birinchi navbatda "Manchester Siti" tanlagan rivojlanish modelidan foydalanadi. Moliyaviy feyr-pley qoidasiga ko‘ra, klub bazasi, infrastrukturasi, bolalar futboli, akademiyaga sarflangan pullar hisob-kitob qilinmaydi. Klubning yangi egalari aniq reja bilan tashrif buyurganini yashirib o‘tirmayapti.
Eng muhimi, arablar "Nyukasl"ga biznes loyiha sifatida qaramoqda. Futbol so‘nggi yillarda yaxshigina daromad manbayiga aylanib borayotgani, ular xarid qilgan klub dunyoning eng kuchli ligasida to‘p surishini inobatga olsak, PIF o‘zi uchun yaxshi kelishuvga erishdi. Maykl Eshli davrida jamoaning moliyaviy ahvoli ancha yomonlashgani rost. Keling, buni raqamlarda ko‘rib chiqamiz:
Klubning o‘yin kunlari topadigan daromadi 34 million funtdan 17 milliongacha tushib ketdi! Agar inflyatsiyani inobatga olsak, farq deyarli 2 barobar!
Biznes hamkorlardan keladigan pullar 27,6 million funtni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 27,7 million, xolos. O‘rtadagi farq juda kichik, demak reklama beruvchilar uchun bu klub umuman qiziq emas.
Jamoa DFML reytingida 14-pog‘onadan 21-o‘ringacha pastladi.
Katta ehtimol bilan, yangi rahbarlar taklif etadigan top futbolchilar bu raqamlarda o‘sishga olib kelishi kerak. Taniqli sport professori - Saymon Chedvik bergan ma’lumotga suyanadigan bo‘lsak, PSJning yillik daromadi 10 yil avval 100 million evroni tashkil etgan. Bugunga kelib, bu raqamlar 600 millionlik dovondan oshib ketdi. Saymonning taxminlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib, Qatarga tegishli klubning yillik daromadi 1 milliard evrodan oshadi. "Manchester Siti"ning egasi sanalgan "City Football Group" 9 yildan so‘ng o‘z loyihasi ortidan yiliga 3 milliard evro ishlab topishi kutilmoqda. Bundan chiqdi, PIF kelajakda "Marsel" va "Inter" bilan birgalikda o‘z klublar tarmog‘iga ega bo‘lishi mumkin. Mish-mishlarga qaraganda, Saudiya Arabistoniga tegishli fond Evropa futbol olamidagi katta pullarga ega chiqish maqsadida katta investitsiya kiritishga tayyor.
"Nyukasl" Saudiya Arabistonida futbol rivoji uchun xizmat qiladi!
Bu kelishuvda siyosiy maqsadlar ko‘zlanmagan, deb aytish qiyin. Ingliz nashrlari bu bitimni arablar tomonidan Evropaga qilingan yurish, deb baholadi. Tan olish lozim, saudiyaliklar Qatar singari yumshoqlik bilan o‘z maqsadiga erishmaydiganga o‘xshab ketmoqda. To‘g‘ri, Qatar amalga oshirgan ishning ko‘lami kattaroq: mamlakatda futbol yangi darajaga ko‘tarilishi uchun butun boshli tizim ishladi. Murabbiylar, mutaxassislar va katta pullar birgalikda Osiyoning eng kichik davlatini futbol shahriga aylantirdi. Qatar esa, bunga javoban so‘nggi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi va tanlagan yo‘li to‘g‘ri ekanligini barchaga isbotlab berdi. PIF qabul qilgan qaror ortida Saudiya Arabistonida futbolni yanada rivojlantirish turganini inobatga olsak, "Nyukasl" kamida 10–15 yil moliyaviy muammoga duch kelmasligi aniq.
Balki, zamonaviy "Nyukasl"ning futbol olamiga kirib kelishi, "bir qop pul" atamasiga barham berar. "Chelsi"ni tanqid qilganlar, "Manchester Siti"ni ko‘rib uyalib qolgani kabi, yaqin yillar ichida PSJ ham "Nyukasl" oldida hech narsa bo‘lmay qolishi mumkin. Yangi "Nyukasl" haqidagi bildirilayotgan fikrlar muhim emas. Asosiysi, charm to‘p mamlakatida yangi kuch paydo bo‘ldi!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar