
Yutqazgan bosh murabbiyning boshini yorib qo‘yishdi
KONKAKAF Millatlar ligasi chorak final uchrashuvi Meksika terma jamoasi uchun tom ma’noda omadsiz keldi.
Meksikaliklar safar uchrashuvida Gonduras bilan kuch sinashib, o‘yinda 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Mezbonlar vakili Luis Palma dublga erishib, jamoasi g‘alabasini ta’minladi.
Uchrashuv davomida Meksika terma jamoasi bosh murabbiyi Xaver Agirrening boshi yoritildi. Tribunadan otilgan buyum mehmon jamoa murabbiyining boshiga tegdi. O‘yindan keyin Agirre holat bo‘yicha fikrini bildirdi.
- Hech narsa qilmaydi, bu futbol. Gonduras g‘alabaga loyiq edi, ular ayrim holatlarda bizdan ustun bo‘ldi. Ularni tabriklashdan va o‘zimning jamoam ruhiyatini ko‘tarishdan boshqa chora yo‘q.
Bo‘lgan noxush vaziyat o‘ylashga ham arzimaydi, chunki bu futbol, men shikoyat qiladiganlardan emasman, - dedi Xaver Agirre.
Shunga qaramay, Meksika futbol federatsiya yuz bergan holat bo‘yicha musobaqa tashkilotchisi KONKAKAFdan zudlik bilan chora ko‘rishni talab qildi.
Fikrlar