
«Yuventus» - «Lion»: Prevyu
Sarrining kursisi qimirlab qolgan, buni hatto uning o‘zi ham bilib turibdi. «Yuventus» so‘nggi 9 yildagi chempionlik mavsumlarining eng yomonini aynan italiyalik mutaxassis qo‘l ostida o‘tkazdi. Har holda, A Seriya chempionining so‘nggi ikkita turda ketma-ket mag‘lubiyatga uchrashining o‘ziyoq katta sensatsiya. Muxlislar natijalardan ham ko‘ra, jamoa ko‘rsatayotgan futboldan norozi bo‘lmoqda. «Yuventus» o‘z an’analariga ega katta klub. Uning qadriyatlarini bir yilda yo‘qqa chiqarishga urinish ulkan noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkin va bo‘lmoqda ham.
«Lion»da ham muammolar etarli. Jamoa 5 oylik tanaffusdan so‘ng o‘tkazgan dastlabki o‘yinida PSJga liga kubogi finalini boy berdi. Ammo frantsuzlarga ishonchimizni ularning 120 daqiqa mobaynida himoyada ishonchli o‘ynagani oshirib yuboradi. Qaysidir ma’noda lionliklarni «Yuve»ga qarshi xuddi shunday himoyaviy o‘yin qutqarib qolishi mumkin. PSJ bilan kechgan uchrashuvda qarshi hujumlar ham anchagina xavfli tus oldi. Shunday qarshi hujumlardan biri turinliklar darvozasining ishg‘ol qilinishi bilan yakunlanib qolsa bormi?! Keling, uchrashuv atrofidagi detallarga batafsilroq to‘xtalamiz.
Dastlabki o‘yin
Frantsiyada kechgan bahs haqida nimadir deyish qiyin. Ikkala jamoaning himoya chizig‘i zo‘r o‘ynab turgan bir paytda «Yuve» mudofaasi kutilmagan joydan darz ketdi. Markazda Tussar bo‘sh qoldirildi, jarima maydonida Auar bemalol harakat qilib, sherigiga to‘p etkazib berish imkoniga ega bo‘ldi. E’tiborlisi, goldan keyin ham ustunlik «Lion» tarafidaligicha qoldi.
Bir vaziyatda to‘p Kuadradoning qo‘liga tegdi. Hakam va VAR ushbu vaziyatni uzoq muhokama qilib, penalti belgilamaslikka qaror qildi. Birinchidan, to‘p qo‘ldan avval futbolchining oyog‘iga tekkandi. Uning ustiga Kuadradoning ortida hech kim yo‘q edi va u teginmagan taqdirda, to‘p maydonni tark etardi.
Xullas, birinchi bo‘limni bemalol «Lion» hisobiga yozib qo‘yaversak bo‘ladi.
Ikkinchi bo‘limda esa frantsuzlar hayratlanarli darajada tartibli himoyalanishdi. Turinliklar tomonidan uyushtirilgan hujumlar tizimli tarzda bartaraf etilaverdi. Faqatgina ikki marotaba Dibala tomonidan tepilgan to‘plarni zarba qatoriga qo‘shsak bo‘laveradi.
Italyan futboliga begona bo‘lmagan Rudi Garsiya yaxshi jamoa tuza olgan. Bugun ular Sarri shogirdlariga rosmana muammolar tug‘dirishi aniq.
Jamoalarning taxminiy tarkiblari
«Yuventus»: Shchesni, Kuadrado, Bonuchchi, De Ligt, Aleks Sandro, Bentankur, Pyanich, Rabo, Bernardeski, Iguain, Ronaldu.
Ishtirok eta olmaydi: Di Shilo, Duglas Kosta.
So‘roq ostida: Dibala.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Matyuidi.
Tarkibga kiritilganlar: Demiral.
Qaydnomadan o‘chirilganlar: Xedira.
«Lion»: Lopesh, Denayer, Marselo, Marsal, Duboa, Kakere, Guimaraesh, Auar, Korne, Depay, Dembele.
So‘roq ostida: Kone, Tete.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Marselo, Kone.
Tarkibga kiritilganlar: Diomande, Griffits, Vissa.
Qaydnomadan o‘chirilganlar: Terre, Tussar, Yanga-Mbiva.
Murabbiylar
Mauritsio Sarri: «Ular ajoyib o‘yin va tartibli himoya namoyish etishdi. Birinchi o‘yindagi g‘alaba orqali raqib katta maqsadlarni oldiga qo‘yganini ko‘rsatdi. Bu qiyin bellashuv bo‘lishi aniq, ammo uddalab bo‘lmaydigan narsa emas. Ronaldu to‘g‘ri shug‘ullanmoqda. A Seriya restartidan so‘ng yuzaga kelgan tig‘iz taqvim vaqtida ham u yaxshi mehnat qildi. Paulo tayyor bo‘lishi uchun barchamiz harakat qilamiz. U hozir shifokorlarimiz bilan ish olib bormoqda».
Rudi Garsiya: «Biz bu kabi yuqori darajadagi o‘yinda ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Chorak finalga yo‘llanma olish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilganmiz. Raqib tarkibida ko‘plab yuqori klassdagi o‘yinlar bor. PSJga qarshi kechgan final va undagi mag‘lubiyatni chuqur tahlil qildik. Klubimiz ambitsiyalari doim g‘alabani talab qilib turadi».
Xulosa o‘rnida
Birinchi o‘yinda «Yuventus» 0-3 hisobida mag‘lub bo‘lsa ham, tarkibida Ronaldu bor ekan, javob bahsi oldidan ularni kurashdan chiqarishga hech kimni haqqi yo‘q. Buni jamoa avvalroq Evropaning eng kuchli himoyalaridan biri hisoblangan «Atletiko»ga qarshi bellashuvda isbotlab ulgurgan.
Ochig‘ini aytganda ushbu qarama-qarshilikdan juda katta temp kutish mushkul. Bir jamoa himoyalanadi, ikkinchisi bosim uyushtiradi. «Lion» qarshi hujumlarda PSJga ko‘rsatganidek, o‘ynaydigan bo‘lsa-ku, yaxshi. Ammo natijani saqlash uchun himoyadan chiqmaslikni reja qilsa, neytral muxlislar uchun bundan yomoni yo‘q. Yana bir jihat shuki, «Lion» himoyaga bor e’tiborini qaratganiga qaramasdan, gol o‘tkazib yuboradigan bo‘lsa, «Yuventus»ning o‘yini ochilib ketadi.
Parallel o‘yindan voz kechib, ushbu bahsni tanlaydigan muxlislarga ikkala jamoa kuchli strategik kurash taklif etadi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar