
Mbappe va PSJ jangi davom etadi
21 iyundan 22 iyunga o‘tar kechasi butun internetni bir xabar qamrab oldi: Kilian Mbappe PSJning Yaponiyaga boradigan tarkibidan tushirilib qoldirilishi mumkin. Oradan ko‘p o‘tmay, klubning turnega boradigan qaydnomasi e’lon qilindi. U erda rostan ham Mbappe yo‘q edi.
Mana shau voqeadan keyin deyarli barcha nashrlar Mbappe haqidagi xabarlarni chiqara boshladi. Biz esa faqatgina ishonchlilarini tinglashga va Kilian atrofida nimalar bo‘layotganini bilib olishga harakat qilamiz.
Kilian Mbappe ayni paytda sotuvga qo‘yilgan. Kimda-kim uni xarid qilishni istasa, parijliklar bilan muzokaralarga kirishsa bo‘ladi, lekin rahbariyat hujumchiga so‘nggi imkoniyatni taqdim etmoqchi. Klub unga 31 iyungacha muhlat berdi, ya’ni o‘sha kungacha Mbappe shartnomani uzaytirmasa, chiqish eshiklari ko‘rsatiladi. PSJ har qanday jamoa bilan kelishishga tayyor. Ammo hali ular qancha xohlayotgani borasida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ayrim nashrlar bu transfer 200 million evroga amalga oshishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Aslini olganda, Mbappe bilan "janjal" avvalroq boshlangandi. Mavsum yakunlangach, PSJ u bilan yangi bitim imzolamoqchi bo‘ldi, lekin frantsuz rad javobini berganidan keyin Al-Helayfining jahli chiqdi va uni sotishga harakatni boshlagani borasida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu bilan Helayfi futbolchini qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lganini tushinib olishimiz mumkin. Sababi, Mbappening maqsadi aniq: U 2024 yilgacha PSJda qolib, "Real"ga erkin agent sifatida ketish. Biroq rahbariyat undan yana shartnomani uzaytirishini talab qilmoqda. "Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi" deganlaridek, Mbappe bir yil oldingi ishini qayta takrorlamoqchi emas. Jahon chempioni ikki marta klubga rad javobini berdi. Keyin esa Helayfi intervyu berdi: "Kim klubni tark etishni istasa, eshiklar ochiq". Eshiklari Mbappe uchun ochilgan jamoa uni hiyonat qilmoqda, deb hisoblaydi. PSJ 24 yoshli futbolchini "Real" bilan kelishib olganiga ishonmoqda.
Mbappe endi jamoa bilan mashg‘ulotlarda qatnashmasligi borasida ham mish-mishlar yo‘q emas. Insayderlar Kilianning qarori qanday bo‘lishini bilish maqsadida uning yaqinlari bilan bog‘lanib bo‘lmayotganligini aytishmoqda. Bundan ko‘rinadiki, Mbappe uchun ham bu narsalar kutilmagan voqea bo‘ldi. Eng qizig‘i, jamoaning bosh murabbiyi Luis Enrike bu erda hech narsa qila olmayapti. U mavsumni Mbappe bilan boshlaydimi yoki yo‘q, buni ham bilmaydi. Hattoki, mutaxassisdan bu borada so‘rab ham o‘tirishmaydi, chunki bu PSJ. Enrike endi klubga kelganida bir nechta transferlarni rahbariyatdan so‘radi, lekin ularning hech qaysiga Parij klubi qiziqayogani ham yo‘q.
Albatta, kurashda favorit "Real" bo‘lib turibdi. Sababi, bu klubda o‘ynashni Mbappe yoshligidan orzu qilib kelgan. Saudiyadan ham takliflar bor. Shuningdek, APLdan bir necha klublar hujumchini kuzatib bormoqda. PSJ Kilianga taxdid bilan chiqishdan charchamayapti. U qolgan taqdirda ham mavsumni zaxirada o‘tkazishini, jamoa hujumchisiz Chempionlar ligasi, Frantsiya chempionatini yutishni ko‘zlab qo‘ygan. O‘tgan yili klubning rejasi Mbappening atrofida jamoa qurish edi.
Fikrlar