Rossiyada o‘zbek futbolchilari “sinib” qolmayaptimi?!

  • 17 iyul, 2023, 10:05
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

So‘nggi yillarda o‘zbek futbolchilarining Rossiya klublarida ko‘rishimiz odatiy holatga aylandi. Balki bunga Eldor Shomurodovning RPL orqali “kuchli beshlik”ka yo‘l olgani turtki bo‘lgandir. Darhaqiqat, “Shoma” bosib o‘tgan yo‘l bir qarashda yosh futbolchilarimiz uchun orzuni ushalshtirish yo‘lida tayyor “shpargalka”dek ko‘rinayotgani bor gap. Aslidachi? Rossiyadagi legionerlarimizning hozirgi holati “kuchli beshlik”dagi boshqa klublarni qiziqishiga etarli darajadami?

Tecno

Rustam Ashurmatov – 5 o‘yin , 1 gol, 2 sariq kartochka.

Rustik2

O‘tgan mavsum “Navbahor” safida juda ishonchli o‘yin ko‘rsatgach, terma jamoada ham muqim o‘rin egallagan Rustam Srechko Katanetsning radaridan yo‘qolib qolganini sezgan bo‘lsangiz kerak. “Rubin” safida deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan hamyurtimizni “lochinlar” ortga qaytarishi borasidagi mish-mishlar paydo bo‘lgani bejiz emas. Ashurmatovlarning kichigi hozir ayni kuchga to‘lgan davrini zaxirada o‘tkazib yuborishi achinarli. Vaholanki, qahramonimiz o‘yin amaliyoti naqdlangan va yaxshiroq maosh belgilangan “Navbahor”ni Rossiyaning ikkinchi darajadagi chempionatiga almashtirgan edi. Jamoasining so‘nggi 10 ta o‘yinining 9 tasini zaxira o‘rindig‘ida kuzatish Ashurmatov darajasidagi ijrochiga yarashmaydi. Qaysidir ma’noda futbolchini tarkibda ko‘rishni istagan murabbiyni iste’foga chiqishi ham qahramonimizni imkoniyatlarini pasaytirgandir.

Husain Norchaev - 9 o‘yin, 0 gol.

Norchaev

So‘nggi 3 yil ichida O‘zbekiston futbolida yangi yulduz etishib chiqayotgani haqida fikr bildirishga bizni majbur qilgan Husain Norchaevning ham “Alaniya”da ishlari havas qiladigan darajada emas. Terma jamoada debyut golini kiritgan, olimpiya termasining asosiy straykeri bo‘lgan Norchaev Vladikavkazda hali “pochin” ochgani yo‘q. Yangi klubi safida hali birorta o‘yinni to‘liq 90 daqiqa o‘tkazmagan forvard debyut golini kiritishga ulgurmadi. O‘yin amaliyoti borasida ham qahramonimiz maqtana olmaydi. 9 bahsda umumiy hisobda Husainga bor-yo‘g‘i 365 daqiqa imkoniyat berilgan, xolos. Bu 4 ta to‘liq o‘yin vaqti degani. “Fenerbaxche” va ko‘plab Evropa klublaridan takliflarga ega ekanligi aytilgan Norchaevning Rossiya birinchi ligasida ham o‘z o‘rnini topa olmayotganini tashqaridan tomosha qilish juda achinarli…

Hojimat Erkinov - 20 o‘yin, 0 gol, 1 assist.

Erkinov

Moskvaning “Torpedo” jamoasi elitaga qaytgach, birinchilardan bo‘lib Hojimat Erkinov bilan shartnoma tuzgan edi. O‘shanda ko‘pchilik Erkinov o‘zining eng "pik" formasida xorijga yo‘l olganidan xursand bo‘lgani aniq, ammo… Yakunda, hech qanday xursand qiladigan boshqa voqea Erkinov bilan sodir bo‘lmadi. U-23 jamoamiz safida Osiyo chempionatini “yondirgan” yigitni RPLda bu qadar yo‘q bo‘lib ketishini ko‘pchilik tasavvur qilmagani aniq. Natijada, Erkinov terma jamoada asosiy tarkibdagi o‘rnini ham boy berib qo‘ydi. Soddaroq qilib aytsak, RPLdagi mavsum Erkinov uchun kutilganidek karerasida oldinga tashlangan qadam bo‘lgani yo‘q. Qahramonimiz ortga qaytdi va mavsumni qolgan qismini “Paxtakor”da o‘tkazadi.

Umarali Rahmonaliev - 4 o‘yin, 0 gol, 0 assist.

Umar ali

Amaldagi Osiyo chempioni sanalgan O‘zbekiston U-20 jamoasi sardori Umarali Rahmonalievning ham “Rubin”dagi ishlari kutilganidek zo‘r ketmayapti. Osiyo chempionati va JCh sababli legionerimiz ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Shu sababli, hali yangi jamoasiga to‘liq moslashishga ulgurmagani aniq. Yuqorida nomi zikr qilingan hamyurtlarimizdan farqli o‘laroq, Umaralida jamoasining asosiy figurasi bo‘lish imkoniyati yaxshiroq. Rahmonaliev hali yosh va kichik mundialda o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Qozon klubi uni kelajakda katta daromad keltirishi mumkin bo‘lgan aktiv sifatida oldinga surishini ehtimoli yuqori. Buning uchun keyingi mavsumda o‘zini yaxshiroq ko‘rsatish talab etiladi.

Ibrohimhalil Yo‘ldoshev - 30 o‘yin, 2 gol, 0 assist.

Yuldoshev

Qanot himoyachimiz Rossiyada ancha-muncha o‘zini “tiklab” olganlardan. Jamoasi safida asosiy tarkib futbolchiga aylangan qahramonimiz o‘zining mehnatkashligi va keskinlikdan qochmasligi bilan nom qozonishga ulgurdi. Murabbiylar va ishqibozlar mehrini qozongan Ibrohimhalil terma jamoada deyarli ikkinchi planga o‘tib qolgani bor gap. Balki Katanets o‘yin uslubiga “risk”ka kamroq boradigan qanot himoyachilari ko‘proq mos tushar. Bilmadim. Shunga qaramay, Yo‘ldoshevning “Nijniy Novgorod” safidagi ishonchli o‘yini yuqoridagi nomlar fonida ko‘ngilga anchagina tasalli berishi aniq.

P.s. Agar munday olib qaralsa, so‘nggi 3 yil ichida Rossiya klublariga ko‘chib o‘tgan futbolchilarimizni hech birida “kuchli beshlik”ka yo‘l ochilmaganini sezish mumkin. Balki bugungi futbolimizning asl darajasi shudir. Balki RPL yoki FNL biz kutgandek legionerlarimizni kashf etishga qurbi etmas. Bilmadim. Shunisi aniqki, bugun nomi keltirilgan futbolchilarning barchasi O‘zbekistonda ichki birinchilik saviyasidan balandroq o‘yin ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan, kamida Evropaning 10 ta eng yaxshi chempionatidan birida to‘p tepishga qodirdek taassurot qoldirgan edi. Toki “kuchli beshlik”ka boshqa "marshrut" orqali yo‘l ochmas ekanmiz, yosh iqtidorlarimizni kutgan ligalarimizda ko‘rmasligimiz haqiqatga yaqindek tuyulmoqda.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Xòja Botir
17/07/2023 18:21
Butun boşli millat sinib yotibdiku rossiyada....futbolçilar sinsa nima bòpti
Норов Абдужалил
17/07/2023 12:51
Белоруссия чемпионати яхши трампилин булса керак.