Jahon chempionati startiga 29 kun qoldi. Mundiallar omadsizi hisoblangan Niderlandiya terma jamoasi haqida tanishamiz

  • 21 oktabr, 2022, 18:57
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Qaysi terma jamoalar JCh-2022da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

Mundial startiga 29 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, “A” guruhining so‘nggi vakili Niderlandiya orqali o‘ziga xos “chellenj”imizni davom ettiramiz.

Oldinroq biz “A” guruhining Qatar, Ekvador va Senegal kabi terma jamoalari bilan tanishib chiqqan edik. Endigi navbat ko‘p bora mundial finaliga chiqib, hech qachon bosh sovringa ega chiqa olmagan “lolalar yurti” vakillari haqida ma’lumot beramiz.

Jamoa haqida

Niderlandiya qirollik futbol assotsiatsiyasi (KNVB). Laqabi – “uchar gollandlar”, “lolalar yurti”.

Tashkil topgan yil: 1889 yil, 8 dekabr (FIFA’ga 1904 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Lui van Gal
Jamoa sardori: Virjil van Deyk

Ilk rasmiy uchrashuvi: Belgiya – Niderlandiya 1:4 (1905)
Eng yirik g‘alaba: Niderladiya – San-Marino 11:0 (2011)
Eng yirik mag‘lubiyat: Germaniya – Niderlandiya 7:0 (1959)

Niderlandiya ayni paytda FIFA reytingi 8-pog‘onani band etib turibdi. Ularning eng yomon natijasi esa 32-o‘rin hisoblanadi. “Uchar gollandlar” 2017 yilda mazkur natijaga “erishgan”.

Birinchi jahon chempionati 1930 yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan. Niderlandiya ham boshqa ko‘plab Evropa davlatlari singari Atlantika okeani bo‘ylab sayohat qilishdan voz kechgan. Asosiy sabab - katta xarajatlari va bir yil avval mamlakatda yuzaga kelgan og‘ir iqtisodiy inqiroz.

1934 yilgi jahon chempionatiga Italiya mezbonlik qilgan. “Uchar gollandlar” ushbu turnirda Shveytsariya terma jamoasiga qarshi debyut qilgan va birinchi turda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Jahon chempionatlaridagi dastlabki ikkita gol Kik Smit va Len Vente tomonidan kiritildi.

Umuman olganda, “lolalar yurti” vakillari nafaqat Evropada, balki jahon miqiyosida ham eng yaxshi jamoalardan hisoblanadi. Buni ular uch marta jahon chempionati finaliga chiqqanidan ham bilish mumkin. Ammo ta’kidlash kerakki, Niderlandiya har doim musobaqaning final bosqichida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. 1974 yilda Germaniya, 1978 yilda Argentina, 2010 yilda Ispaniya “uchar gollandlar”dan ustun kelgan. Qolaversa, “apelsinranglilar” yana ikki marta yarim finalga chiqdi: 1998 yilgi mundialda niderlandiyaliklar Xorvatiyaga imkoniyatni boy berib, 4-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2014 yilda mezbon Braziliya ustidan g‘alaba qozongan holda bronza medaliga ega chiqdi.

Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li

Niderlandiya 2022 yilgi mundial saralash doirasida jami 10 ta  o‘yin o‘tkazdi. “Lolalar yurti” vakillari ushbu bahslarning 8 tasida g‘alaba qozondi, 2 martasida durang o‘ynadi va 1 bora mag‘lub bo‘ldi.

Van Gal shogirdlari saralashning ilk o‘yinida Turkiyaga 2:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ammo keyinchalik ular “yaralangan sher” kabi turnirda ishtirok etdi. Xususan, Gibraltar 7:0 (ikkinchi bahs 6:0), Chernogoriya 4:0 (ikkinchi bahs – 1:2), Turkiya 6:1 (birinchi bahs – 2:4), Latviya 2:0 (ikkinchi bahs – 1:0), Norvegiya 2:0 (birinchi bahs – 1:1)  hisobida mag‘lub etildi.

Ular guruhdan 23 ochko to‘plagan holda Qatar chiptasiga ega chiqdi.  

Lui van Gal shogirdlarining oxirgi uchrashuvi Evropa Millatlar ligasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Ular o‘z maydonida Belgiyani minimal 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Tarkib

Umuman olganda, Niderlandiya anchayin yulduzli tarkibga ega. Xususan, jamoada Virjil van Deyk, Memfis Depay, Frenki de Yong, Yasper Sillessen, Matteys de Ligt, Natan Ake, Denzel Dyumfris kabi nomdor futbolchilar o‘ynaydi. “Liverpul” markaziy himoyachisi Virjil van Deyk esa jamoa sardori hisoblanadi. Futbolchi nafaqat orqa chiziqda, balki ba’zi holatlarda gol ura olishi ham amalda isbotlaydi.

“Barselona”ning 28 yoshli hujumchisi Memfis Depay Niderlandiya terma jamoasi to‘purarlari ro‘yxatida “Shalke” va “Ayaks”ning sobiq hujumchisi Klaas-Yan Xuntelar bilan 2-o‘rinni egallab turibdi – 42 ta gol. Depayda milliy terma jamoa rekordchisi Robin van Persiga yaqinlashish uchun ajoyib imkoniyat bor. Hozirda Robin hisobida 50 gol mavjud.

Shuningdek, yuqorida nomi sanab o‘tilganlarning deyarli barchasi o‘z klubida etakchi futbolchi maqomida harakat qiladi. Shu bois, ularni Qatardagi jahon chempionatining favoritlaridan biri deb ayta olamiz. “Transfermarkt” portalida “lolalar yurti” vakillarining umumiy qiymati salkam 473 millon evroga baholanmoqda.

JCh-2022'dagi taqvimi

Niderlandiya Qatardagi jahon chempionatining “A” guruhida, tartib bo‘yicha 4-jamoa sanaladi. Ularning taqvimi quyidagicha:

21 noyabr. Niderlandiya — Senegal

25 noyabr. Niderlandiya — Ekvador

29 noyabr. Niderlandiya — Katar

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!