13 yil bir jamoa yulduzi bo‘lgan “tulki” boshqa klubga o‘tyapti
Bunaqa hujumchi kam bo‘ladi
Angliya Premer-ligasi ishtirokchilari orasida “Lester Siti” yuqori diviziondagi joyini saqlab qololmagan va “tulkilar” keyingi mavsumni Chempionshipda boshlaydi.
Jamoaning eng mashhur o‘yinchisi Jeymi Vardi qadrdon klubi bilan xayrlashadigan bo‘ldi. 30 iyun kuni shartnomasi tugaydigan 38 yoshli to‘purar qariyb 13 yillik hamkorlikka nuqta qo‘yadi.
Qizig‘i shundaki, yoshi o‘tib qolgan futbolchi ishsiz qolmaydi. Yana ham hayratlanarlisi, u faoliyatini Premer-ligada davom ettiraveradi.
Ayni paytda “Everton” Jeymi Vardiga ish berishga tayyor. Bu jamoa tajribali to‘purar yordamida hujum chizig‘ini kuchaytirishga qaror qilgan.
Vardi yoshi o‘tib qolgan va kuchsiz jamoada o‘ynaganiga qaramay, bu mavsum ham gol ura olish qobiliyatini namoyish qildi. “Lester”dagi so‘nggi mavsumida angliyalik forvard 34 ta uchrashuvda to‘qqizta gol urib, uchta assist qayd etdi.
Umumiy hisobda Vardi “tulkilar” jamoasida 498 ta bellashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 199 ta gol va 69 ta assist yozdirib qo‘ygan.

Izohlar (0)