
2 soniyada qizil kartochka olgan futbolchi va 3 ta jamoa to‘p surgan uchrashuv. Futbol olamidagi eng g‘aroyib voqealarni yodga olamiz!
Ushbu sport turida rekordlar deyarli har haftada yangilanadi. Shunday bo‘lsa-da, ayrim rekordlar borki, uni qaytarishning o‘zi imkonsiz. Bugun SPORTS.uz futbol olamidagi eng noyob voqea va takrorlanmasligi aniq bo‘lgan rekordlar bilan tanishtirib o‘tadi.
Braziliyasiz mundial bo‘lmaydi!
Bugungi kunga kelib, Braziliya terma jamoasi barcha jahon chempionatlarida ishtirok etgan yagona terma jamoa sanaladi. 1930 yildan beri ushbu yurt futbolchilari JChga chiqish borasida muammoga duch kelgani yo‘q. Yigirma bir bor turnirda ishtirok etgan jamoa 5 marotaba JCh oltin medallariga ega chiqqan.
Norvegiyani Braziliya hech qachon yutmagan
Norvegiya terma jamoasi FIFA reytingida hech qachon baland o‘rinda turmagan bo‘lsa-da, ushbu yurt termasi biror marotaba “pentakampeonlar”ga mag‘lub bo‘lmagan sayyoramizdagi yagona jamoa sanaladi (o‘yin o‘tkazganlar orasida). Ushbu termalar o‘zaro 4 bor to‘qnash kelgan bo‘lib, 2 ta o‘yinda Norvegiyaning qo‘li baland kelgan. Qolgan 2 ta uchrashuvda esa, durang qayd etilgan. Braziliya o‘z tarixi davomida o‘zi to‘qnash kelgan barcha jamoa ustidan hech yo‘q bir bor g‘alaba qozongan, ammo Norvegiya bundan mustasno.
Eng tez qizil kartochka
Britaniyaning «Cross Farm Seltik» jamoasi a’zosi Li Todd futbol olamidagi eng tez qizil kartochka olgan futbolchi sanaladi. To‘g‘ri, bu yarim-professional liga bo‘lishiga qaramay, ushbu rekord mutlaq yagona sanaladi. Li Todd o‘yinga start beriluvchi hushtakni chalgan hakamni xunuk so‘z bilan haqorat qiladi. Referi esa, darhol o‘yinni to‘xtatadi va hujumchini maydondan chetlatadi. Uchrashuvdan so‘ng, hakamlar tomonidan tuziladigan protokolga Li Toddning qizil kartochkasi o‘yinning 2 soniyasida ko‘rsatilgani yozib qo‘yilgan.
20 oylik futbolchi
Futbol olami tarixidagi eng yosh futbolchi Brays Brites sanaladi. U dunyoga kelgach, 20 oylik chog‘ida Belgiyaning «Racing Boxberg» jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. 1 yoshu 8 oylik bolakayda ushbu klub skautlari porloq kelajakni ko‘rganini aytishadi. Shunday qilib, 2013 yilda Brays futbolga eng yosh kirib kelgan futbolchiga aylandi. Bugungi kunda u ushbu klub akademiyasida to‘p surmoqda.
Kosmosga chiqish mumkin emas!
1999 yilda Angliyaning «Sanderlend» jamoasi Stefan Shvartsga yangi shartnoma taklif etdi. Bu boshqa shartnomalardan deyarli farq qilmas edi, ammo undagi bir band butun dunyo e’tiborini tortdi. Unga ko‘ra, «Sanderlend» Stefanga kosmosga parvoz qilishni man etgan edi. 20-asr so‘nggida, ko‘plab kompaniyalar tez orada insoniyat samoga sayr qilish maqsadida ko‘tarilishiga juda ham ishongan ko‘rinadi. Eng qizig‘i shundaki, «Sanderlend» ushbu band sababli Shvartsdan voz kechmoqchi bo‘lgan. Futbolchi ingliz klubi bilan kelishuvga ega bo‘lish maqsadida kosmosga chiqishdan voz kechadi.
Futboldagi elchi!
Dide Drogba nafaqat buyuk futbolchi, balki siyosat olamida ham katta g‘alabalarga erishgan shaxs sanaladi. Aynan uning sa’y-harakatlari sababli 2005 yilda Kot-d’Ivuardagi fuqarolar urushiga barham berilgan edi. U mamlakat terma jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, xalqiga qarata qaynoq so‘zlar aytadi. Uning teleekran orqali aytgan so‘zlaridan so‘ng, ikki tomon o‘zaro kelishuvga erishishga qaror qiladi. Aynan o‘sha voqeadan so‘ng, taniqli "Forbes” jurnali Drogbani sayyoramizdagi eng qudratli 100 nafar inson ro‘yxatiga joylashtirgan edi.
Bir maydonda 3 ta jamoa
1950 yilda, shvetsiyalik rassom Asger Yorn futbolda inqilob qilmoqchi bo‘ladi. U maydonda bir yo‘la 3 ta jamoa to‘p surishi uchun yangicha formatdagi o‘yinni taklif qiladi. Uning rejasiga ko‘ra, maydonning ko‘rinishi o‘zgartirilishi lozim edi. Shunda, futbol o‘yinlaridagi agressivlik yo‘qolishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, uchrashuvda yaxshi himoyalangan jamoa g‘alaba qozonishi rejalashtirilgan. Asgerning taklifiga ko‘ra, eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa o‘yinda g‘olib, deb topilishi lozim edi. Bu g‘oya FIFAga taklif etib yuboriladi, biroq tezda rad javobini oladi.
Fikrlar