3 ta minus, 1 ta plyus
Kimdir futbolni yurak bilan, yana kimdir aql bilan o‘ynaydi.
“Navbahor” juda qiyin o‘yin o‘tkazdi. Hisob va bahsning borishi ishqibozlarni ortiqcha hayajonga solmagan bo‘lishi mumkin, ammo 120 daqiqa ichida voqealar rivoji umuman boshqa tomonga ketib qolishi ham hech gap emas edi.
“Match” avvalida “Navbahor” nomlar va ijrochilar borasida ustunlik raqib tomonida bo‘lishini sezgani uchun ham ko‘proq e’tiborni orqada bexato to‘p tepishga qaratdi. “Al-Vakra” 90 daqiqa yuqori tempda o‘yin namoyish eta olmasligini sezgani uchun ham katta kuchni ilk 45 daqiqalikka sarfladi. Qatar chempionati endi start olgani bois hali o‘yin tonusiga tushib olmagan klub bundan ortig‘iga kuchi etmasligini yaxshi bilgan edi. Yakunda, shunday ham bo‘ldi.
“Navbahor” shturmga bardosh beribgina qolmay, “Al-Vakra”ni bosimini chuqur himoyada kutib olgani yo‘q. Imkon qadar oldinroq siljishga urindi. Qo‘shimchasiga, O‘tkir Yusupovning ikkita fantastik seyvi ham “lochinlar” ishonchiga ishonch qo‘shdi. Bahsning 30-daqiqalariga kelib, o‘yin biroz maydon markaziga ko‘chgandek edi, biroq Tintin Markez shogirdlari birinchi bo‘limdagi murabbiy vazifasini bajarish uchun bor kuchini oldinga tashladi. Deyarli 10 daqiqa davom etgan bosim naf bermagach, jamoalar tanaffusga nursiz durang bilan ravona bo‘ldi. Statistikaga e’tibor qaratar ekanmiz, “Navbahor” ikkinchi raqamda harakat qilganini darrov tushunish mumkin.

Ikkinchi bo‘limga kelib, Samvel Babayan o‘yinga tanlagan strategiyasining ikkinchi qismini ishga tushirdi. Endi raqibni markazda emas, uning jarima maydonchasi oldida pressing bilan kutib olishni boshladik. Bu o‘z samarasini berdi. Jismonan biroz toliqqan qatarliklar ikkinchi qavatdan uzatmalarga murojaat etishni boshladi. Natijada, to‘p nazorati qo‘ldan ketib, “brak”lar soni ortdi. O‘yinning uchinchi 30 daqiqaligi boshlanishi bilan “Navbahor” rejaning final qismini ishga tushirdi. Endi himoya markazi oldinroq siljib, raqibga to‘pni olib o‘tish uchun bo‘sh zona qoldirmaslikka urindik va buni uddaladik.
Raqib o‘yin tizgini “Navbahor” tomon o‘tayotganini, tezlikda ortda qola boshlaganini sezgach, qo‘polliklar soni ortib ketdi. Qizil kartochka ham aynan shunday epizodlardan birida ishlab olindi. Ikkinchi bo‘limga kelib, vaziyatlar yaratish, golli imkoniyatlar va to‘p nazorati “Navbahor” tomonga o‘tdi. Bu ikkinchi bo‘lim statistikasida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bir kishi kam bo‘lib qolgach, Tintin Markez o‘yinni qutqarib qolish maqsadida zaxiradan yangi kuchlarni o‘yinga qo‘shdi va og‘ir artilleriya – Muhammad Bennetouni zaxiraga oldi. Shu tariqa, oldindagi tezkor futbolchilar orqali hujumda mobillikni saqlab qolishga intildi. Samvel Babayan esa “Al-Vakra”ning charchab qolgan o‘ng qanotiga bosimni davom ettirdi. Avvaliga Doniyor Abdumannopov o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsa, keyin aynan shu qanotga Shahboz Jo‘rabekov tashlandi. Natijada, 98-daqiqaga kelib bu ikki futbolchi o‘ng qanotda golni “yasadi”. Qolgan daqiqalarda raqib va-bankka borishga intildi, biroq “Navbahor” erta pressing evaziga “Al-Vakra”ning uzatmalarida “brak”lar sonini ortishiga sabab bo‘ldi.
Bahs yakunlangach, xuddi hammasi juda oddiydek tuyulishi mumkin, ammo ishoning, unday emas. O‘yindan avval “Navbahor” juda ko‘p aspektlarda raqibidan kuchsizroq edi. Ijrochilar, noqulay ob-havo, mehmondagi bahs, kuchli bosim, murabbiyga ishqibozlarning e’tirozi…

“Lochinlar ” “jang” oldidan bir qancha minuslarga ega bo‘lishiga qaramay, o‘yindagi yagona plyusi – jismoniy tayyorgarlik evaziga OChL yo‘llanmasi bilan Namanganga qaytishni uddaladi. Buning uchun jamoa 120 daqiqa davomida yuqori kontsentratsiyani ushlab turdi. Katta kuch yo‘qotsada, deyarli raqib hujum uchligiga oldingi chiziqda bo‘sh zona qoldirgani yo‘q. Minimal imkoniyatdan maksimal foydalangan “lochinlar” haqli ravishda qit’amizning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Kimdir futbolni yurak bilan, yana kimdir aql bilan o‘ynaydi. Bugun “Navbahor” shu ikki omilni o‘zida birlashtira olgani uchun ham tarix yaratdi.
Ya . U


Izohlar (0)